771
Qozog‘iston parlamenti Nazarboyevni Xavfsizlik kengashiga umrbod raislik vakolatidan mahrum qildi
Foto: AP Photo
Qozog‘iston parlamenti oliy palatasining deputatlari respublikaning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning Qozog‘iston xalq assambleyasi va Xavfsizlik kengashiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunchilikka o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Yig‘ilish palata saytida translyatsiya qilindi.
«Senatorlar Xavfsizlik Kengashi va Qozog‘iston xalq assambleyasini lavozimi bo‘yicha (amaldagi) davlat rahbari boshqarishi kerakligi haqidagi qonunchilikka o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatladi», — dedi senator Lyazzat Sulaymen.
Avvalroq Tengrinews nashri Nazarboyev «tarixiy missiyasi tufayli» parlament va palatalar oldida, hukumat yig‘ilishlarida mamlakat uchun muhim masalalar muhokama qilinayotganda so‘zga chiqish huquqini umrbod saqlab qolishi haqida xabar bergandi. Bundan tashqari, u Respublika konstitutsiyaviy kengashi tarkibiga kira oladi, deb ta’kidlagan nashr.
Yig‘ilishda shuningdek, Qozog‘iston Senati Nazarboyevga tegishli bo‘lgan Elboshi maqomini o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqdi. Mamlakat Senati ichki va tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlarini endi birinchi prezident bilan muvofiqlashtirmaslikni taklif qilmoqda.
Birinchi prezident maqomi 2000 yilda qabul qilingan tegishli qonunda mustahkamlangan. Davlat siyosatini u bilan uyg‘unlashtirish zarurligi 2010 yilda kiritilgan o‘zgartishlarda mustahkamlangan.
Birinchi prezident maqomi bilan bog‘liq qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi 19 yanvar kuni parlament tomonidan ma’qullanib, ko‘rib chiqish uchun Senatga kiritilgan edi.
Senat Nazarboyevning Qozog‘iston xalq assambleyasi va Xavfsizlik kengashiga umrbod raisligini bekor qilishni ma’qullab, qonun loyihasiga yana bir tuzatish kiritdi – unga ko‘ra, asosiy siyosiy yo‘nalishlarni Nazarboyev bilan kelishish zarurati bekor qilinadi.
Hozirda qonun loyihasi kuchga kirishi uchun amaldagi prezidentning imzosi zarur.
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning mamlakat Xavfsizlik kengashiga umrbod rahbarlik qilish huquqi to‘g‘risidagi qoida 2018 yilda mustahkamlangan. Bir yil o‘tib, 2019 yilda u prezidentlik lavozimini tark etdi va sobiq diplomat Qosim-Jo‘mart To‘qayev yangi davlat rahbari bo‘ldi. Biroq Nazarboyev hokimiyatning katta qismini o‘zida saqlab qoldi.
Qozog‘istonda 2022 yilning yanvaridagi tartibsizliklar boshlanishidan avvalroq Nazarboyev vakolatlaridan qisman voz kechishni boshladi. 2021 yilning noyabrida u hukmron Nur Otan partiyasi raisi, o‘sha yilning aprelida esa Qozog‘iston xalq assambleyasi raisi lavozimini tark etgan edi.
2022 yilning 5 yanvarida Qozog‘istonda boshlangan tartibsizliklar fonida To‘qayev Nazarboyevning o‘rniga Xavfsizlik kengashi rahbari vakolatlarini zimmasiga oldi. Nazarboyev matbuot kotibining aytishicha, u ushbu lavozimini amaldagi prezidentga o‘z ixtiyori bilan topshirgan.
18 yanvar kuni Nazarboyev mamlakatdagi norozilik namoyishlaridan keyin birinchi marta xalqqa murojaat yo‘lladi va prezident To‘qayev xalq farovonligini yuksaltirishga qaratilgan yangi islohotlar dasturini ilgari surayotgani, ushbu dasturni qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas