07:00 / 31.01.2022
917

Britaniya TIV «rossiyalik oligarxlar»ning mulklarini musodara qilish bilan tahdid soldi

Britaniya TIV «rossiyalik oligarxlar»ning mulklarini musodara qilish bilan tahdid soldi
Foto: Hollie Adams / Getty Images
London tez orada Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirgani haqida e’lon qiladi. Britaniya TIV rahbari Elizabet Trassning so‘zlariga ko‘ra, Putin rejimiga xizmat qiluvchilar sanksiyalardan qochib qutula olmaydi.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Elizabet Trass Sky News uchun bergan intervyusida, Rossiya Ukrainaga hujum qilgudek bo‘lsa, har qanday sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligini istisno etmadi.

Trass tez orada Buyuk Britaniya sanksiya qonunchiligini yaxshilash bo‘yicha choralarni taqdim etishini ma’lum qildi.

«Kreml manfaatlarini ifodalovchi va Rossiyadagi rejimga xizmat qiluvchi har qanday kompaniya sanksiya ob’ektiga aylanishi mumkin. Shunday ekan, Putinning oligarxlari yoki Rossiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan rus kompaniyalari hech qayerga yashirina olmaydi», — degan Britaniya TIV rahbari.

Buyuk Britaniya hukumati sanksiyalar doirasida rossiyalik oligarxlarning Londondagi mulklarini musodara qilishi ehtimoli bo‘yicha savolga javoban vazir shunday dedi: «Hech narsa istisno qilinmaydi».

Elizabet Trass Buyuk Britaniya Ukrainaga har qanday yordam ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, britan hukumatining ustuvor maqsadi — Rossiya prezidenti Vladimir Putinni bostirib kirishdan tiyib turish. Shu sabab bilan Buyuk Britaniya Estoniyadagi harbiylari sonini ikki barobar oshirishga, Ukrainaga qurol jo‘natishga qaror qilgan, shuningdek Britaniya harbiy-havo kuchlari Qora dengiz osmonida faollashgan. Shu bilan birga, Trass xonim Ukrainaga britaniyalik askarlar yuborilishi ehtimoli kamligini qayd etgan.

Rossiya bir necha oydan buyon Ukraina chegaralari yaqinida qo‘shin to‘plamoqda. G‘arbdagilar Moskva harbiy yurishga tayyorlanayotganidan xavfsiramoqda va unga qarshi qat’iy sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda. Kremldagilar Ukrainaga hujum qilmoqchi emasliklarini aytishmoqda. Ukrainadagi vaziyat keskinlashishi fonida Buyuk Britaniya, AQSH va Germaniya Kiyevdan diplomatlari va ularning oilalarini olib ketish haqida o‘ylamoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniya TIV «rossiyalik oligarxlar»ning mulklarini musodara qilish bilan tahdid soldi