13:37 / 07.02.2022
4 237

Rossiya Ukrainaga urush ochsa, Kiyev qancha muddat qarshilik ko‘rsata olishi aytildi

Rossiya Ukrainaga urush ochsa, Kiyev qancha muddat qarshilik ko‘rsata olishi aytildi
«Ayiq ko‘lankasi». Rossiya–Ukraina ziddiyati mavzusida Enrico Bertuccioli chizgan karikatura.

AQSH Birlashgan shtabi boshlig‘i, general Mark Milli Kongressning yopiq majlisida Rossiya Ukrainaga urush boshlasa, Kiyev dushmanga qarshi qancha muddat qarshilik ko‘rsatishi mumkinligini ma’lum qildi, deb xabar beradi Fox News.

Generalga ko‘ra, Rossiyaning keng miqyosdagi hujumi oqibatida Ukraina 72 soat ichida mag‘lubiyatga uchraydi. Qirg‘inbarot oqibatida Ukrainadan 15 ming, Rossiyadan 4 ming harbiy xizmatchi halok bo‘ladi.

Generalning hisobotini tinglagan kongressmenlar Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga talab darajasida harbiy ko‘mak bermayotganidan xavotir bildirgan.

Birlashgan shtab boshlig‘i M.Millining ma’lum qilishicha, AQSH ehtimoliy urushdan keyin qochqinlar hamda muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz yuzaga kelishiga hozirlik ko‘rmoqda. Yevropa Ittifoqi ham harbiy harakatlardan jabr ko‘rgan bir necha million kishi ko‘hna qit’a davlatlariga qochib kelishi oqibatlarini muhokama qilmoqda.

Avvalroq «The Washington Post» gazetasi ham urush ssenariysi borasida o‘z taxminini ilgari surgan edi. Unga ko‘ra, o‘zaro janglar oqibatida Rossiyadan 3 mingdan 10 minggacha, Ukrainadan esa 5 mingdan 25 mingga qadar harbiy xizmatchi qurbon bo‘lishi mumkin.

AQSH rasmiy idoralari razvedka ma’lumotiga tayanib xabar berishicha, Rossiya Ukrainaga qarshi yaqin haftalarda boshlanadigan keng ko‘lamli urush uchun tayyorgarlikni 70 foizga yakunlagan. Ayni choqda, prezident Vladimir Putin urush borasida yakuniy qaror qabul qilmagani, muammoni diplomatik yo‘l bilan hal etish imkoni mavjudligi aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya Ukraina bilan chegara hududlarda 100 ming askarni safarbar holga keltirgan. AQSH, Buyuk Britaniya hamda NATO Kreml Ukrainaga bostirib kirishni rejalashtirmoqda deb hisoblaydi. Ukraina ma’muriyati ham shunday fikrda.

Moskva esa hujum haqidagi bayonotlarni rad etmoqda.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi esa yaqinda Rossiyani Ukrainada oliy hokimiyatni alishtirish va qo‘shni davlat tepasiga kremlparast siyosatchilarni keltirishga urinishda aybladi.

Avval xabar berganimizdek, AQSH rahbariyati Ukrainaga hujum Rossiya uchun halokatli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Ukrainaga urush ochsa, Kiyev qancha muddat qarshilik ko‘rsata olishi aytildi