21:39 / 25.02.2022
1 764

AQSH sanksiyalari Rossiyaga qanday ta’sir ko‘rsatishni boshladi?

AQSH sanksiyalari Rossiyaga qanday ta’sir ko‘rsatishni boshladi?
Foto: Forbes / @HollieAdams
AQSH prezidenti ma’muriyati Rossiyaga qarshi qo‘llangan moliyaviy iqtisodiy sanksiyalarning ikkinchi transhini e’lon qildi.
Yangi sanksiyalar Amerikaning Moliya vazirligi bayonotida «misli ko‘rilmagan» deb ataldi.

«Rossiya o‘z bisnesini dollar, funt, iyena valyutalarida olib borishiga va dunyo iqtisodiyotining bir bo‘lagi bo‘lib qolishiga nuqta qo‘yamiz. Rossiyaning moliyalashtirish va o‘z harbiy kuchlarini kuchaytirish imkoniyatlarini to‘xtatamiz. Uning XXI asr Hi-Tech iqtisodiyotida raqobatlashish qobiliyatiga chek qo‘yamiz», — deydi AQSH prezidenti Jo Bayden.

Rossiya banklariga qarshi qo‘llangan sanksiyalar «VTB», «Sberbank», «Alfa-bank», «Otkritiye», «Gazprombank», «Rosselxozbank», «Novikom», «Sovkom», «MKB»larga ta’sir qiladi.

«Transneft», «Rostelekom», «RosGidro», «Alrosu», «Sovkomflot» va «RJD» kabi Rossiya davlat korporatsiyalariga cheklovlar joriy qilindi.

Savdo-sotiqqa joriy qilingan sanksiyalar mudofaa, aerokosmik va dengiz sohalariga o‘z ta’sirini o‘tkazib, yarimo‘tkazgichlar, kompyuterlar, lazerlar va sensorlar eksportini to‘xtatib qo‘yadi.

AQSH sanksiyalarning salbiy oqibatlari yaqin oylarda yuz berishini kutmoqda. AQSH prezidentining ta’kidlashicha, Rossiya rubli o‘zining eng past darajasigacha tushib ulgurgan, Rossiya fond bozori esa qulash yoqasida turibdi.

Shu bilan bir qatorda, Bayden G‘arb mamlakatlari Rossiyani SWIFT to‘lov tizimidan chiqarib yuborishni hozircha rejalashtirmayotganini aytdi.
«Ko‘rilgan choralar, Rossiyani ushbu tizimdan chiqarib yuborishdan-da, shavqatsizroq», — deydi Bayden.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chora qilinishi kerak bo‘lgan rejalar qatorida qoladi, ammo hozircha undan foydalanilmaydi.

Rossiyadagilar munosabati
Sanksiyalar bank hisob varaqalari va mijozlar omonatiga, shu jumladan, AQSH dollari va yevro valyutalaridagi mablag‘larga hech qanday ta’sir qilmaydi, deb ishontiradi «VTB» matbuot xizmati.

Bank vakillari Amerika sanksiyalariga qarshi qo‘llaydigan o‘zining «B rejasi» ham, «C rejasi« ham borligini ta’kidlaydi.

«Gazprombank» 2014 yildan beri AQSH va Yevropa Ittifoqining, uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatini taqdim etishga qaratilgan sektoral sanksiyalar ostida bo‘lib kelmoqda. Yangi sanksiyalar kredit tashkilotlarining operatsion faoliyatiga ta’sir o‘tkazmaydi, deyiladi kompaniya bayonotida.

Hozirda O‘zbekistonda ham o‘z bankiga ega «Sovkombank», salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun sanksiyalarga tayyorgarlik ko‘rganini va ularni yengib o‘tish uchun bir necha ssenariylarni ishlab chiqqanini ma’lum qildi.

Sanksiya ro‘yxatiga kirgan deyarli barcha kompaniyalar xuddi shunday munosabat bildirgan, biroq ularning ko‘pchiligi cheklovlarni joriy qila boshlagan.

Masalan, «Sovkombank» mijozlari valyutalarni almashtirish, kartalardan Visa va Mastercard tizimlari, shuningdek, xorij saytlarida foydalanish imkoniyatidan cheklandilar.

«VTB» o‘zining korporativ mijozlariga, bankda tashkilotga xizmat ko‘rsatish doirasida dollar va yevroda har qanday operatsiya va hisob-kitoblarni vaqtincha to‘xtatib turishini tavsiya qildi.

Bozor munosabati
Bozor juda tez munosabat bildirdi. Deyarli barcha yirik tarmoqlarda texnika narxlari, xususan, Apple bahosi ko‘tarilib ketdi.
Riteylerlarda ko‘pi bilan bir-ikki oyga yetadigan texnikalar zahirasi bor. Narxlar 25-30 foizga o‘sishi mumkinligi kutilmoqda.

O‘z biznesini Rossiyadan boshqa mamlakatga ko‘chrish istagidagi tadbirkorlar soni so‘nggi kunlarda keskin oshdi.

«Yevropaga, oldinlari o‘z mijozlariga yaqinroq bo‘lishni istaganlargina borardi. Endi esa rossiyalik kompaniyalar chindan ketish niyatiga tushib qolgan», – deyiladi xodimlarni qayta joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan biri bo‘lgan Relocode xabarida.

Forbes Russia’ning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ko‘plab Rossiya tadbirkorlari «start»da turibdi. Bir necha kompaniyalar rahbarlari anchadan buyon Rossiyadan ketishni rejalashtirgan, biroq so‘nggi kunlardagi voqealar hal qiluvchi vaziyatga aylandi.

Bundan tashqari, internetda qayerga va qanday qilib Rossiyadan tezroq bosh olib ketish, mamlaktning SWIFT dan chiqarib yuborilishi va hattoki internetdan uzib qo‘yilishiga qanday tayyorgarlik ko‘rish haqidagi tavsiyalar bolalab ketgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH sanksiyalari Rossiyaga qanday ta’sir ko‘rsatishni boshladi?