16:30 / 27.02.2022
1 379

Afg‘on ayollarining sirli kundaliklari

Afg‘on ayollarining sirli kundaliklari
Foto: GHAZAL FARKHARI
Afg‘oniston hukumatiga «Tolibon» kelganiga yarim yil to‘ldi. Bu vaqt ichida eng ko‘p taqiqlarga uchragan afg‘on xotin-qizlari bo‘ldi. Ular orasida harbiy, o‘qituvchi, shifokor, huquqshunos va talaba bo‘lgan 5 nafar ayol «Tolibon»dan yashirib, boshdan kechirganlarini yozib borishgan. Ayollar maktublarini BBC’ga jo‘natadi.

15 avgust – “Qo‘rqinchli tush”
2021 yil 15 avgustda afg‘on armiyasining sobiq askari, hukumat vazirliklaridan birida ishlovchi Maari ertalab 7:30da ishga jo‘nayotgandi. Maari uydan chiqar ekan, odatdagidek tig‘iz ish kuni, uchrashuv va konferensiyalar haqida o‘ylayotgandi. U darvozadan chiqishi bilan ko‘chada sirli sukunatni payqaydi va shunga qaramay uchrashuvlar belgilangan taqvimini tekshirib, ishga yo‘l oladi.

Ayolni ko‘rgan hamkasbi uning ishga kelganidan hayratda qoladi. Barcha ayollarga ishxonani tark etish topshirig‘i beriladi. Maarining yozishicha, u ishxonada qolishni afzal ko‘rgan.

Erkak hamkasblarim shu yerda qolib ishlayotgan bir paytda, men ham ular bilan qolaman”, – deydi u.

Maari oddiy xodim emas, harbiy rekord qayd etgan yuqori martabali rasmiy ham edi. «Tolibon»ning Kobulga kirayotgani haqidagi xabarlar hamma joyda tarqay boshlagach, Maari ishlaydigan vazirlik berkitilib, xodimlarning bari uyiga jo‘natiladi.

Xuddi shu paytda Afg‘onistonning boshqa bir joyida Xatera ismli geografiya o‘qituvchisi 40 o‘g‘il bola o‘qiydigan sinfda dars boshlayotgandi. Birdan sinfga qo‘lida telefon tutgan o‘qituvchilar «Tolibon»ning Kobulga kirgani haqidagi xabarlar bilan kelishgandi. Bu yerda ham yagona chora – hammani uyiga jo‘natish edi.

Foto: GHAZAL FARKHARI
Xatera avtobus bekatiga yetganda ko‘cha bo‘ylab yuklari va bolasini ko‘targan odamlarning turli tomonga qarab ketayotganini ko‘radi.

Mashinalar harakati to‘xtab qolgan, hamma sarosimada, xuddi qiyomat boshlanganga o‘xshardi. Avvaliga xavotirlanmayotgandim. Lekin afg‘on askarlarining sumkalarini orqasiga osib, aeroport tomon yo‘l olayotgani esimni og‘dirdi. Yuragim tez urib, yugura boshladim. Bu qo‘rqinchli tushga o‘xshardi”, – deb yozadi u.

Taxminan shu paytlarda Afg‘onistondagi Amerika universiteti talabasi Zalaga 48 soat ichida uni AQSHga evakuatsiya qilishlari haqida elektron xat keldi.

Xabarni olgan Zala kerakli buyumlarni sotib olish uchun bozorga yuguradi. Odamlardan nima bo‘layotganini so‘raydi. U to‘xtatgan birinchi kishi juda shoshayotgandi, keyingisi esa Kobul egallanganini aytadi. Zala qotib qoladi.

«Butun kuchim tanamdan oqib ketayotgandi, qo‘llarim, oyoqlarim qaltiray boshladi. Uyga qanday yetib boraman, deb o‘ylardim o‘zimcha», – deb yozadi u.

Zala do‘stlari bilan uchrashib, qahva ichib, musiqa tinglaydigan kafe va restoranlar oldidan o‘tarkan, o‘pkasini tutib turolmaydi. Butun hayoti ko‘z oldidan birma-bir o‘tardi. To‘g‘ri, Zala «Tolibon» hukmronligi qanday bo‘lishini bilish uchun juda yosh. Lekin u 1990-yillarda «Tolibon» rejimi ostida yashagan ota-onasidan dahshatli voqealarni eshitgan. Agar u ketmasa, ota-onasi aytib bergan voqealar uning kelajagiga aylanishi mumkin.

4 sentabr – ayollar noroziliklari
31 yoshli Vahida Amiri «Tolibon» kelgunicha Kobul markazidagi kutubxonaga rahbarlik qilardi. U huquq fakultetini tamomlagan, qariyb 5 ming kitob yig‘gan. Uning orzusi butun Afg‘oniston ayollarida kitob o‘qishga rag‘bat uyg‘otish edi. Vahida «Tolibon» askarlarining ko‘chalarda nazorat o‘rnatishi va odamlarga qanday yashashni o‘rgatishi adolatsizlik deb o‘ylar va bunga qarshi kurashish kerak deb hisoblardi.

Foto: GHAZAL FARKHARI
Ish yo‘q, Vahida bir necha kundan beri balkonida o‘tiribdi. Bu – bir paytlar uning eng sevimli joyi edi, shu yerdan odamlarning suhbatlari va qushlar ovozini eshitardi. Hozir esa butunlay sukunat cho‘mgan. U Afg‘onistondan ketayotgan samolyotlarni sanab o‘tiribdi. Bir kunda ba’zan 10, ba’zan 20 samolyot uchyapti. Hamma ketsa, kim qoladi, Afg‘oniston yaralandi, u parchalanib ketadi, deb o‘ylardi u. Bir kuni kechqurun Vahidaning do‘sti unga qo‘ng‘iroq qilib, «Tolibon»ga qarshi bosh ko‘tarishni aytadi va bir qancha ayollar to‘planishadi.

Ular o‘zlarini “Afg‘on jangchi ayollarining ixtiyoriy harakati” deb atashadi va 4 sentabrda teng huquqlilik talabi bilan ko‘chalarga chiqishadi.
Ayollar Afg‘oniston prezident saroyigacha borishni maqsad qilishgandi. Ammo Moliya vazirligidan biroz o‘tgach, ularni «Tolibon» askarlari qurshab oladi.

Biz ularga tinch yo‘l bilan namoyish o‘tkazayotganimizni aytishga chog‘langan ham edik, o‘zimizni devorga mahkam bog‘langan holda topdik. Bizga ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlar sepishdi”, – deydi Vahida.

Keyingi kunlarda ko‘plab ayollarni to‘xtatib, qamchilashgan va elektr tokli tayoqlar bilan kaltaklashgan.

7 sentabr – “Qurolingdan qo‘rqmayman”
Bu – «Tolibon» Panjsherni taslim qilgan kun edi. Shimoliy Afg‘onistonda joylashgan Panjsher 1990-yillarda Sovet ittifoqi va «Tolibon»ga qarshi kurashlari bilan mashhur bo‘lgan. U 2021 yilda ham «Tolibon» bo‘ysundirolmagan oxirgi hudud bo‘lib qolayotgandi. Vahidaning oilasi panjsherlik. Shu sabab Vahida yana bir marotaba yaqin do‘stlari bilan Panjsherda o‘q otilishi to‘xtatilishini so‘rab ko‘chaga chiqadi. Va ularni «Tolibon»ning AK-47larni qo‘lida tutgan askarlari qarshi oladi. Ulardan biri Vahidaga uyga qaytib, tushlik tayyorlaganing yaxshiroq deb tahdid qiladi.

Men qurolingdan qo‘rqmayman. Sizlar bilan istagan mavzuda bahslasha olaman. Ammo uyga ovqat tayyorlash uchun qaytmoqchi emasman”, deya javob qaytaradi Vahida ularga. Shu voqeadan bir kun o‘tib, «Tolibon» namoyishlarni taqiqladi.

17 sentabr – hayotlarni saqlab qolish
Mahera Afg‘oniston shimolidagi gavjum kasalxonalarda akusher-ginekolog bo‘lib ishlaydi. «Tolibon» bosqinining birinchi haftasida u ham uyda qoldi, keyin uni ishga chaqirib olishadi. «Tolibon» bosimi ostida ishlash oson emas edi. Ular hamma narsaga aralashardi.

Bemorlar dori narxi va xizmatlardan shikoyat qilishsa, ularga noto‘g‘ri muolaja qilyapti deb «Tolibon» bizni qo‘rqitardi”, – deydi Mahera.

Foto: GHAZAL FARKHARI
Ko‘plab tibbiy xodimlar mamlakatni tark etgan va ko‘p klinikalar yopilgandi. Mahera o‘shanda 12 tumanga qatnab bemorlarga xizmat ko‘rsatgan. Tibbiy xizmat juda muhim, chunki Afg‘oniston onalar va chaqaloqlar o‘limi bo‘yicha dunyodagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biriga ega.

Qaytganimning birinchi kunida, men chodir kiydim. Uning ostida qaltirardim. Kun sayin «Tolibon» tibbiyot kiyimlariga ko‘nikdi va chodirni kiymay qo‘ydim”, — deb yozadi u.

25 sentabr – parchalangan yurak
«Tolibon» mamlakatda o‘g‘il bolalar uchun maktablar qayta ochilishini e’lon qilganidan bir hafta o‘tib, Xaterani maktabga chaqirishadi. U doskaga yozganda dimog‘iga uriladigan bo‘r hidini, o‘quvchilarining Kobul haqida berishi mumkin bo‘lgan savollarini o‘ylab maktabga keladi. Atrofini o‘quvchilar o‘rab olgan Xaterani direktor xonasiga chaqirishadi. U yerda barcha ayol o‘qituvchilarni to‘plab, ismlarini yozib, imzo qo‘ydirib, uyga jo‘nash buyuriladi.

Afg‘oniston Islom Amirligi ayollarning ishlashiga to‘sqinlik qilmoqda”, – deydi maktab direktori o‘qituvchilarga.

Unda nega barcha ayol o‘qituvchilarni chaqirishdi? Xateraning fikricha, direktor ishlashga tayyor ayollar imzolarini yig‘ib, «Tolibon»ga yoqmoqchi bo‘lgan.

Xatera maktab eshigi oldida 10 yildan beri dars berayotgan sinfxonasiga qarab qoldi. Qaniydi, o‘quvchilariga yana qaytishini ayta olsa. Lekin ko‘z yoshlari bunga izn bermadi, Xateraning yuragi parchalangandi.

27 oktabr – “Ular bizni izlayapti”
Maari va uning afg‘on milliy armiyasidagi sobiq o‘rtoqlari «Tolibon» kelganidan beri yashirinib yuribdi. «Tolibon» sobiq harbiy xizmatchilar va ayollarga amnistiya e’lon qilishini aytgandi, ammo Maari bunga ishonmasdi.

Foto: GHAZAL FARKHARI
Maarining hamkasblaridan birining tanishi kelib, «Tolibon» ularni izlayotgani, suratlarini ko‘chalar bo‘ylab ko‘rsatib yurganini aytadi. Va unga jonini saqlash uchun tezroq bu yerdan ketishi kerakligini maslahat beradi. Maari harbiylar orasida eng himoyasizi edi. Chunki u uzoq vaqtdan beri ta’qib qilingan shia hazora jamoasidan bo‘lib, uning yaqinlarini ham «Tolibon» uylaridan haydab chiqargandi. Shunday qilib, Maarining borishga joyi yo‘q. «Men ochlikdan o‘lishim mumkin, chunki uyimdan tashqariga chiqolmayman va buni hech kim bilmaydi», – dedi u.

5 noyabr – jo‘nashni kutish
Zala AQSH Afg‘onistonga bostirib kirganidan keyin tug‘ilgan. Otasi badavlat odam bo‘lgani uchun Zala siyosiy va huquqiy fanlarni faxrli universitetda o‘qigan. U uchishi kerak bo‘lgan birinchi parvoz amalga oshmadi. Shundan beri har 2 haftada unga jo‘nashi haqida xabar keladi. Kiyim-kechaklarni joylash u va oilasi uchun an’anaga aylanib ham qoldi.

Foto: GHAZAL FARKHARI
Zala rang-barang kiyinishni yoqtiradigan o‘smir edi. Endi ular o‘rniga qora rangli yopinchiq kiyishiga to‘g‘ri keladi.
Oldin bunga o‘xshash narsa kiymaganman. Endi esa ro‘mol vaqti”, – deydi u.

23 noyabr – 100 kunlik
Bu paytda «Tolibon» Afg‘onistonga bostirib kirib, Kobulni qo‘lga olganiga roppa-rosa 100 kun bo‘lgandi. Ko‘p viloyatlar, poytaxt Kobulda ham qizlar o‘rta maktabga borishi taqiqlangan, ayollar ishlashiga ruxsat yo‘q. Ularning o‘rnini erkaklar egallagan yoki hamon bo‘sh turibdi. Iqtisodiyot inqirozga uchrayapti, chunki xalqaro yordam uzilgan, sovuq havo kirib kelyapti. Xalqaro oziq-ovqat tashkilotiga ko‘ra, 95 foiz odamga ovqat yetmaydi. Maktab muallimasi Xatera va oilaning yagona boquvchisi bo‘lgan doktor Mahera dasturxonga nima qo‘yishni bilmaydi. Chunki ular 3 oydan beri maosh olishmagan.

6 dekabr – to‘xtab qolgan hayot
Vahida Amiri ochlikdan kundan kun holdan toyib bormoqda. Ammo hamon afg‘on ayollarining ovozi bo‘lish umidida yashamoqda.

Maari Kobuldan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi va hozir noma’lum joyda yashayapti. Uydan chiqib ketgach, 2 kun o‘tib, Maarining uyiga toliblar kelgan.

Xatera hamon sovuq uyda yashamoqda, u maktab ochilishidan umidvor.

Zala ularni evakuatsiya qilishlarini kutyapti. U keyingi 24 soat ichida evakuatsiya qilinishi haqidagi navbatdagi xatni oldi.

Maheraga «Tolibon» bilan aloqador kishi oila qurishni taklif qilgan. Ammo Mahera unga turmushga chiqmoqchi emas.

Vahida Amiridan tashqari matndagi qolgan ayollarning ismi o‘zgartirilgan. Xatlar BBC’ga jo‘natilganda dekabr oyi edi. Ayollarning hozirgi ahvoli noma’lum.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘on ayollarining sirli kundaliklari