date
views 3 814

Urushning 13-kuni: Rossiya Ukrainaning neft omboriga zarba berdi. Ukrainaliklar safiga qoʻshni davlatlardan koʻngillilar kelib qoʻshilmoqda

Urushning 13-kuni: Rossiya Ukrainaning neft omboriga zarba berdi. Ukrainaliklar safiga qoʻshni davlatlardan koʻngillilar kelib qoʻshilmoqda
Jitomir viloyatidagi neft bazasida otishma tufayli yongʻin sodir boʻldi
Foto: Reuters

Urushning oʻn uchinchi kunida Rossiya va Ukraina yana bir nechta gumanitar yoʻlaklarni ochish boʻyicha kelishib oldi, ammo faqat Sumi shahri aholisini evakuatsiya qilishga erishilgan — tomonlar yana bir-birini kelishuvlarni buzishda aybladi. Deyarli bir haftadan buyon qamalda qolgan Mariupolda odamlar hamon bomba boshpanalarida uxlamoqda. Rossiya aviatsiyasi esa zarbalar berishda davom etmoqda — 8 martga oʻtar kechasi Brovaridagi kimyoviy moddalar ombori va Jitomir viloyatidagi neft ombori oʻqqa tutildi. Ukrainaga qoʻshni davlatlar – Litva, Estoniya, Gruziya va Belarusdan koʻplab koʻngillilar kelmoqda. Meduza urushning oʻn uchinchi kunidan asosiy voqealar va fotosuratlarni taqdim qildi.

8 mart kuni Sumi shahridan aholini evakuatsiya qilish boshlandi, shaharda tungi otishmalar oqibatida 21 kishi halok boʻldi. Viloyat hokimiyati ma'lumotlariga koʻra, shahardan jami 3,5 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Boshqa yoʻnalishlarda, jumladan, Mariupolda ham evakuatsiya masalasida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmadi. Tomonlar avvalgidek bir-birini jarayonni buzishda aybladi. Rossiya Mudofaa vazirligi odatiy ayblovlardan tashqari, ukrainaliklarning Rossiya hududiga evakuatsiya qilinishini istamagani uchun Kievni qoraladi. Mariupol rasmiylarining aytishicha, rus qoʻshinlari gumanitar yoʻlakdan shaharga bostirib kirish uchun foydalanishga uringan.

Oʻt oʻchiruvchilar kimyo omboridagi yongʻinni oʻchirishga harakat qilmoqda. Brovary, Kiev viloyati
Foto: EPA


Irpendagi koʻprik. Vayronagarchilikdan oldin u ushbu shahardan evakuatsiya qilishning asosiy va yagona yoʻli edi.
Foto: AP Photo


Vayron boʻlgan koʻprik ostida toʻplanib, evakuatsiyani kutayotgan ukrainaliklar. Irpen
Foto: AP Photo


Irpendan evakuatsiya. Kievgacha 24 km
Foto: AP Photo

Vladimir Zelenskiy va uning «Xalq xizmatkori» partiyasi Rossiya bilan kelajakdagi kelishuvlar ruhi, jumladan, Qrim va Donbass bilan bogʻliq kelishuvlar haqida gapirdi. «Ukraina tarkibida yashashni istagan odamlar u erda (Donbassda) qanday hayot kechirishi men uchun muhim. Qrim Rossiya hududi ekanini tan ololmaymiz. Bu Ukraina hududi ekanini tan olish Rossiya uchun ham qiyin boʻladi. Shu ikki masalani hal qilish jamiyatda isyonlarga olib kelmasligi, odamlar — oʻsha hududlarda yashovchilar ham, Ukrainada yashovchilar ham bu qarordan mamnun boʻlishi uchun etarlicha oqilona yoʻl tutamiz, deb ishonaman», — dedi Zelenskiy ABC News telekanaliga bergan intervyusida.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
Keyinroq «Xalq xizmatkori» partiyasi Zelenskiyning pozitsiyasini tushuntirdi: Ukraina ultimatumlarni qabul qilmaydi va oʻz erlaridan voz kechmaydi, ammo «Qrim, Donetsk va Lugansk 8 yildan beri ishgʻol qilingan, bu hududlardagi odamlarning hayotini qanday tartibga solish masalasini hal qilish kerak».

Intervyusida Zelenskiy kelajakda barcha qoʻshnilar, Turkiya va dunyoning «etakchi davlatlari» – AQSh, Frantsiya, Germaniyaning ishtirokida Ukraina uchun jamoaviy xavfsizlik shartnomasini tuzish tarafdori ekanini aytgandi. «Bu nafaqat Ukraina uchun balki shunday shartnoma haqida doim gapirib keladigan Rossiya uchun ham kafolat boʻladi. Lekin bilmadim, u oʻzini kimdan himoya qilmoqda», — deydi Zelenskiy.

«Xalq xizmatkori» partiyasi esa oʻz bayonotida bunga qoʻshimcha qildi:

«Rossiya bosqinini hisobga olsak, bugungi sharoitda bu bema'ni tuyulishi aniq. Ammo bizning qurolli kuchlarimiz dushmanga qarshi kurashmoqda, Ukrainaning tinch rivojlanishi kafolatlanishi kerak. Shunda Rossiya boshqa kafil davlatlar qatori suverenitetimiz kafolatlari ostida oʻz imzosini qoʻyishi zarur boʻladi».

Ukrainaning oʻziyurar artilleriya moslamasi
Foto: AFP


Belaruslik koʻngillilar Kievda harbiy tayyorgarlikdan oʻtmoqda. OAV xabarlariga koʻra, Ukraina armiyasiga yordam berish uchun yuzlab belaruslik muhojirlar va boshqa qoʻshni davlatlar fuqarolari mamlakatga kelgan.
Foto: AP Photo


Ukraina askari Rossiya samolyotining qoldiqlarini koʻzdan kechirmoqda
Foto: EPA


Faxriy karaul safi a'zolari Kievdagi dafn marosimida Ukraina Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchisning tobuti ustiga davlat bayrogʻini yopdi.
Foto: Reuters

8 mart kuni Zelenskiy Britaniya parlamenti oldida video aloqa shaklida nutq soʻzladi. U Ukrainadagi urushni Britaniyaning fashistlar Germaniyasiga qarshi urushiga qiyosladi va Uinston Cherchillning 1940 yilda tarixga «Biz plyajlarda jang qilamiz» nomi bilan kirgan mashhur nutqini eslatdi:

«Birlashgan Qirollik allaqachon eshitgan va muhim boʻlgan soʻzlarni eslatib oʻtmoqchiman. Biz taslim boʻlmaymiz va yutqazmaymiz. Biz dengizda va havoda oxirigacha kurashamiz, har qanday holatda ham oʻz yurtimiz uchun kurashni davom ettiramiz. Biz oʻrmonlarda, dalalarda, qirgʻoqlarda, koʻchalarda jang qilamiz», — dedi Zelenskiy.

Buyuk Britaniya parlamenti
Foto: Reuters

Gʻarb Rossiyaning energiya manbalaridan asta-sekin voz kechishga qaror qildi. AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya nefti va gazini import qilishni taqiqladi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 2022 yil oxirigacha Rossiya neftini toʻliq taqiqlashini e'lon qildi. Evropa Ittifoqi bunday keskin choralarni koʻrmadi, biroq ular yil oxirigacha Rossiya gaziga boʻlgan ehtiyojni uchdan ikkiga kamaytirmoqchi. Bundan tashqari, ular 2030 yilgacha Rossiyaning qazib olinadigan yoqilgʻisidan voz kechish boʻyicha rejalar qoralamasini ishlab chiqdi.

Rossiyada yana bir nechta yirik kompaniyalar faoliyatini toʻxtatdi. McDonald’s Rossiyadagi 850 ta restoranini vaqtincha yopadi (shu bilan birga 62 000 xodimga maosh toʻlashda davom etadi). L’Oreal oʻzining bevosita nazorati ostidagi doʻkonlar ishini toʻxtatdi. Oʻnlab mashhur oziq-ovqat va maishiy brendlarga ega boʻlgan Unilever Rossiyada ishlab chiqarilgan tovarlarni sotishda davom etadi, ammo eksportni toʻxtatadi.

8 mart kuniga oid boshqa suratlar

Mariupoldagi bomba boshpanasi. Odamlar turar joy binolarining ertoʻlalarida yashirinmoqda
Foto: AP Photo


Mariupoldagi bomba boshpanasida bolasini koʻtargan ayol
Foto: AP Photo


Kiev viloyatidagi eng yirik aholi punkti — Bilaya Serkva shahrining oʻqqa tutilishidan keyingi manzara
Foto: AFP


Rossiya oʻqlari ostida qolgan bolalar bogʻchasi. Xarkov. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lum qilishicha, Ukrainada ikki haftadan kamroq vaqt davom etgan urushda 400 nafar tinch aholi halok boʻlgan
Foto: AFP


Xarkovdagi otishma oqibatlari
Foto: Meduza
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Urushning 13-kuni: Rossiya Ukrainaning neft omboriga zarba berdi. Ukrainaliklar safiga qoʻshni davlatlardan koʻngillilar kelib qoʻshilmoqda