date
views 3 704

Urushning 15-kuni: Rossiya haqiqiy urush bilan birga qanday axborot urushini olib bormoqda? (foto)

Urushning 15-kuni: Rossiya haqiqiy urush bilan birga qanday axborot urushini olib bormoqda? (foto)
Foto: AP Photo
Ukrainadagi urush oʻn besh kundan beri davom etmoqda. 10 mart kuni AQSh Davlat departamenti va Pentagon Rossiyaning Ukrainada biologik qurol ishlab chiqarilayotgani haqidagi ayblovlarini rad etdi. YouTube Rossiya foydalanuvchilari uchun barcha monetizatsiya funktsiyalarini toʻxtatdi.

Rossiya rasmiylari Ukrainani Mariupoldagi oʻqqa tutilgan kasalxonadan (Ukraina harbiylari bu tugʻuruqxona ekanini da'vo qilmoqda) qutqarilayotgan odamlarning tasvirlarini soxtalashtirishda aybladi. Ukrainaning Izyum, Irpin, Gostomel va boshqa bir qancha shaharlaridan tinch aholi evakuatsiya qilingan, biroq Mariupolga gumanitar yordam etkazilmagan. Meduza 10 mart, urushning oʻn beshinchi kunidan asosiy voqealar va fotosuratlarni taqdim qildi.

Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirlari muzokara oʻtkazdi. Natijalar sezilarli emas
Uchrashuvdan soʻng Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning aytishicha, uning asosiy maqsadlaridan biri 24 soatlik oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishish edi, biroq buning iloji boʻlmagan, chunki «Rossiyada bu masala boʻyicha qarorni boshqa odamlar qabul qiladi». Sergey Lavrov, oʻz navbatida, bu uchrashuvda «hech kim oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishib olmoqchi boʻlmaganini» aytdi hamda asosiy muzokaralar Belarusda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari oʻrtasida kechayotganini ta'kidladi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanining diqqatga sazovor joyi Lavrovning quyidagi bayonoti boʻldi.

- "Biz boshqa davlatlarga hujum qilishni rejalashtirmaganmiz. Ukrainaga ham hujum qilganimiz yoʻq. Ukrainada biz shunchaki... buni koʻp marta tushuntirdik: Rossiya xavfsizligiga toʻgʻridan-toʻgʻri tahdid soladigan vaziyat yuzaga kelgandi", - dedi Sergey Lavrov.

Mariupolda ishdan chiqqan oʻt oʻchirish mashinasi yonida koʻrpaga oʻranib turgan ayol
Foto: AP Photo


Mariupolning turar joy hududidagi portlashlar
Foto: AP Photo


10 mart kuni Ukraina bosh vaziri oʻrinbosari Irina Vereshchuk gumanitar yoʻlak orqali Irpen (rasmda), shuningdek, Kiev viloyatining Bucha, Gostomel, Vorzel va boshqa shaharlaridan 20 ming kishi evakuatsiya qilinganini ma'lum qildi
Foto: AFP


Irpen aholisi rossiyalik askarning jasadi yonidan oʻtmoqda
Foto: AFP


Irpendagi podvallardan biridagi boshpana
Foto: AFP


Kiev shimolidagi Gorenka qishlogʻida rus qoʻshinlari tomonidan vayron qilingan uy
Foto: AFP


Ukraina askarlari Kievdan 40 kilometr sharqda joylashgan Velika Dymerka qishlogʻi yaqinidagi daladan oʻtmoqda. 10 mart kuni Rossiya harbiy mashinalari Ukraina poytaxtining shimoli-sharqiy chegaralariga yaqinlashdi
Foto: AFP

Rossiya Ukrainani AQSh boshchiligida «etnik yoʻnaltirilgan» biologik qurollar ustida ishlayotganlikda aybladi
Rossiya bir necha yillardan beri Ukraina va AQSh tomonidan biologik qurollar yaratilayotgani haqida gapirib keladi, biroq soʻnggi kunlarda bu ritorika rasmiy nutqlarda ayniqsa sezilarli yangramoqda. Radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa kuchlari boshligʻi Igor Kirillovning aytishicha, Ukraina laboratoriyalari koʻchib yuruvchi qushlar va koʻrshapalaklar orqali oʻta xavfli infektsiyalarni tarqatish imkoniyatini oʻrganmoqda hamda «AQSh va ittifoqchilarining vazifalaridan biri aholining turli etnik guruhlariga tanlab ta'sir koʻrsatishga qodir» bioagentlar yaratishdir. Soʻnggi fikrni Lavrov ham bildirgan, unga koʻra, AQSh va Ukraina «tinch eksperimentlar emas, balki biologik qurol yaratishga qaratilgan va ta'bir joiz boʻlsa, etnik yoʻnaltirilgan tajribalar» oʻtkazgan.

Meduza rossiyalik harbiylar va diplomatlarning bayonotlarini (shuningdek, Ukraina va Amerika rasmiylarining ularga bergan javoblarini) tahlil qildi va Rossiya ukrainaliklarning biologik qurollar ustida ishlagani toʻgʻrisida dalillar keltirmagan, degan xulosaga keldi – urush boshlanganda patogen mikroorganizmlarning yoʻq qilingani haqida chop etilgan «RIA Novosti»ning materiallarida ham dalillar yoʻq (u erda umumiy bakterial shtammlar keltirilgan). Shuni ham ta'kidlash kerakki, odamlarni etnik jihatdan «oʻzi» va «nusxalari»ga boʻlishga qodir biologik qurollar bugungi kunda mavjud emas, deya ta'kiladi Meduza.

Rossiya Mariupoldagi tugʻuruqxona portlatilganini qayta-qayta inkor qildi
Mariupoldagi bolalar kasalxonasiga aviazarba berilgani, mahalliy hukumat xabariga koʻra, 3 kishi (jumladan, bir bola) halok boʻlgani va 17 kishi yaralangani, avvalgi kungi urushning asosiy voqealaridan biri boʻlgandi. Ushbu hodisa toʻgʻrisidagi xabarlar shu qadar gʻazabga sabab boʻldiki, 10 mart kuni Rossiyaning koʻplab rasmiylari bu mavzuga izoh berishga majbur boʻldi. Deyarli barcha izohlarda, kasalxonaning portlatilgani haqidagi da'volar «feyk» deb ataldi.

Dastlab Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova «Feykga qarshi urush» kanalida portlash haqidagi xabarlar sahnalashtirilgani haqidagi matnni qayta joylashtirdi. Unda ikkita dalil haqida aytilgan: birinchidan, voqea joyidan tasvirga tushgan ikkala ayolning rolini mariupollik bir bloger «oʻynagan». Ikkinchidan, u haqiqatan ham homilador boʻlsa-da (buni uning blogidagi xabarlardan koʻrish mumkin), u ushbu kasalxonada yota olmasdi, chunki «Azov» bataloni binoni allaqachon otishma pozitsiyasiga aylantirgani haqida 7 mart kuni Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya aytgan edi.

Meduza ikkala dalilni ham savol ostiga oldi. Unga koʻra, «Feykka qarshi kurash» tomonidan tilga olingan bloger ayol haqiqatda kasalxonadan olingan tasvirlarga tushib qolganga oʻxshaydi, ammo bu tasvirlarning sahnalashtirilganini isbotlamaydi. Bundan tashqari, xabarlardagi ikkinchi ayol (aftidan, yarador) ham aynan oʻsha bloger ekanini aytishga asos yoʻq. Biroq ikkala tezis ham TIVning rasmiy ijtimoiy tarmoqlariga tushgan. Bundan tashqari, Vasiliy Nebenzya oʻz nutqida boshqa tibbiy muassasa — 1-sonli tugʻuruqxona haqida gapirib, uni «Azov» emas, balki Ukraina harbiylari nazorat qilayotgani haqida aytgandi.

Kunning ikkinchi yarmida tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tugʻuruqxonani «Azov» batalonining bazasi deb atadi. Lavrov bu ob'ektga zarba berilganini inkor etmadi — uning aytishicha, bino dushman ob'ekti edi, u erda tinch aholi boʻlmagan. Kechqurun Rossiya Mudofaa vazirligi vakili Igor Konashenkov Rossiya aviatsiyasi Mariupolda «erdagi nishonlarni urish boʻyicha mutlaqo hech qanday vazifani» bajarmaganini va sodir boʻlganlarning barchasi «toʻliq uyushtirilgan provokatsiya» ekanini aytdi. Konashenkov, shuningdek, kasalxonani «Azov» egallab turgani haqida gapirdi.

Kasalxonadan tasvirlar olgan fotosuratchi Evgeniy Maloletka The Insider nashriga shunday dedi:
- Biz boʻlgan voqealarni suratga oldik. Bu aviazarba edi, bu odamlar bilan toʻla kasalxona edi. Odamlar ertoʻladan va binodan chiqib ketishdi – biz ularni suratga oldik. U erda ‘Azov’ yoʻq edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo