
Umid Isaboyev Polsha chegarasida. Foto: Howard X’ning Facebook sahifasidan
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning o‘zbekistonlik qiyofadoshi, o‘tmishda avtobo‘yoqchi, hozir aktyorlik bilan shug‘ullanayotgan Umid Isaboyev Ukrainaga hujum boshlanganida Kiyev shahrida bo‘lgan.
Urush boshlanganidan buyon Vladimir Zelenskiy Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashishni talab qilib keladi. Siyosatchilar o‘zaro muloqot qilishga erisha olishmagan esa-da, lekin ularning qiyofadoshlari allaqachon uchrashishdi, deb yozadi TJournal.
«Rossiya prezidenti» Kiyevda bo‘lib turgan «Ukraina prezidenti»ga Polshadan boshpana topishga yordam bergan, uni Ukrainadan olib chiqishni esa «Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Un» tashkillashtirgan.
O‘zbekistonlik Umid Isaboyev — kasbi bo‘yicha avtobo‘yoqchi (Kun.uz u bilan intervyu ham uyushtirgan edi — tahr). 2019 yilda uning Moskva metrosida tushirilgan fotosurati Ukraina prezidenti Zelenskiyga juda o‘xshashligi uchun ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Kutilmagan mashhurlikdan so‘ng Umid Rossiya prodyuserlik kompaniyasi bilan ishlay boshlagan, bir necha bor teleshoularda qatnashgan, hattoki Zelenskiyni mashhur qilgan «Xalq xizmatkori» serialining yangicha talqinida rol o‘ynash taklifini olgan.

Umid Isaboyevni mashhur qilgan fotosurat
2021 yilda Isaboyevning shartnomasi yakunlangach, Ukraina hukumati uni Kiyevga taklif qilib, uy-joy bilan ta’minlab, ish topishda yordam berishgan. Fevral oyi oxirida Rossiya Ukrainaga hujum boshlagach, u Kiyevda bo‘lib turgan edi. O‘zining aytishicha, unga avvalgi ish beruvchilari aloqaga chiqib, uni Moskvaga qaytarib olib chiqishlarini, yangi shartnoma imzolashni taklif qilishgan. Lekin Umid Isaboyev rad javobini bergan.
Unga yordamga Hovard Iks kelgan. U KXDR yetakchisi Kim Chen Inning eng mashhur qiyofadoshlaridan biridir. (Masalan, u Little Big’ning «LollyBomb» klipida suratga tushgan).
U mart oyining boshida hamkasbi tushib qolgan vaziyatdan xabar topgan va «qutqarish operatsiyasi»ni boshlagan. Buning uchun u yana bir prezident qiyofadoshi — polshalik Stiv Poland bilan bog‘langan. Stiv 2013 yildan buyon omma oldida Vladimir Putin qiyofasida namoyon bo‘ladi: uning ishlari ichida Duran Duran guruhining «Anniversary» klipida s’yomka ham bor.

Howard X va Stiv Poland Rossiyada o‘tgan JCH-2018 da
Poland ukrainalik volontyorlar bilan aloqaga chiqqan va Umid Isaboyevga yordam berishni so‘ragan. 8 mart kuni Zelenskiyning qiyofadoshini poytaxt Kiyevdan 100 km naridagi boshqa shaharga olib chiqishgan, oradan uch kun o‘tgach Polsha chegarasiga yetkazishgan. Bir necha soat ichida Isaboyev boshqa qochqinlar bilan birga chegara punktini kesib o‘tgan. Uning hikoya qilishicha, «prezident»ni o‘tkazayotib chegarachilar kulib yuborishgan.

Stiv Poland va Umid Isaboyev.
Foto: Howard X’ning Facebook sahifasidan
«Men unga mehmonxonaga joylashishga yordam berdim. U hordiq chiqargach, biz juda iliq suhbatlashdik. Umid menga ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirdi. Biz uch soatcha suhbatlashdik: u o‘z ishi haqida gapirib berdi», — degan Stiv Poland.

Umid Isaboyev ukrainalik volntyorlar orasida.
Foto: Howard X’ning Facebook sahifasidan
Umid Isaboyev Polandga Polshada ushlanib qolishi, o‘z qiyofasi bilan bog‘liq ish topishni rejalashtirayotganini aytgan. Hovard Iks dastlabki oylarda oziq-ovqat va turar joy masalasida yordam qilishga va’da bergan. Aktyorlarning so‘zlariga ko‘ra, ular satira va yumor vositasida «avtoritar davlatlar rejimiga qarshi turish»da davom etishadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar