date
views 1 789

Xitoy Putinning Ukrainaga hujum uyushtirish rejasidan bexabar bo‘lganini ma’lum qildi

Xitoy Putinning Ukrainaga hujum uyushtirish rejasidan bexabar bo‘lganini ma’lum qildi
Xitoy Rossiyaning Ukrainada urush boshlash rejasini bilmaganini, agar xabardor bo‘lganida uning oldini olishga urinib ko‘rgan bo‘lishini ma’lum qildi. Bu haqda Xitoyning AQSHdagi elchisi Sin Gan Washington Post gazetasiga yozgan maqolasida ta’kidlagan.

Elchining yozishicha, ushbu urushdan Xitoyga foyda yo‘q. «Ruxsat bersangiz shuni ma’lum qilmoqchimanki, Xitoy bu urushni bilgan, unga rozi bo‘lgan yoki jim turib qo‘llab-quvvatlagan degan da’volar yolg‘on xabarlardir. Mazkur bayonotlarning barchasi Xitoyga aybni yuklash va uni balchiqqa belashga xizmat qiladi», — deydi Sin Gan.

Uning ta’kidlashicha, Xitoy ham Rossiya, ham Ukrainaning yirik savdo sherigi, shuningdek, dunyoda eng yirik neft va tabiiy gaz importchisi hisoblanadi. Elchining qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaga hujum uyushtirilgan vaqtda u yerda 6 mingdan ortiq Xitoy fuqarosi bo‘lgan.

«Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro Xitoyning foydasiga xizmat qilmayapti. Agarda Xitoy muqarrar inqirozdan xabardor bo‘lganida, uning oldini olish uchun barcha imkoniyatini ishga solgan bo‘lardi», — deya ta’kidlaydi Sin Gan.

Xitoylik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, barcha davlatlarning, jumladan, Ukrainaning ham suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi kerak. «Ukrainaga nisbatan Xitoyning pozitsiyasi xolis va betaraf: BMT nizomidagi tamoyillarga to‘liq rioya qilinishi lozim», — deydi u.

Shu bilan birga, elchi Tayvan va Ukrainani o‘zaro bog‘lamaslikka chaqirgan.

«Ukraina — suveren davlat, Tayvan — Xitoy hududining ajralmas qismi. Tayvan masalasi — bu Xitoyning ichki ishi», deya ma’lum qiladi Sin Gan. U Xitoy Ukrainada tinchlik o‘rtanish tarafdori ekanini va «imkoniyati doirasida barcha yordamni ko‘rsatishga tayyorligini» bildirgan.

Elchi Xitoyning yakuniy maqsadi urushni tugatish hamda mintaqa va dunyoda tinchlikni qo‘llab-quvvatlash ekanini ta’kidlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy Putinning Ukrainaga hujum uyushtirish rejasidan bexabar bo‘lganini ma’lum qildi
-->