
Ivan Fedorov
Foto: «Portal aktsent»
Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan oʻgʻirlab ketilgan va 16 mart kuni asirlar almashinuvi natijasida qoʻyib yuborilgan Ukrainaning Melitopol shahri meri Ivan Fedorov «Nastoyashee vremya» nashriga bergan intervyusida asirlikda oʻtkazgan vaqtlari haqida gapirib berdi.
Fedorovning soʻzlariga koʻra, uni shahar politsiya boshqarmasining tergov izolyatorida saqlashgan. Rossiya kuchlari, u erga xususan, hibsga olingan namoyishchilar, qoʻporuvchilikda gumon qilinayotganlarni olib kelardi. Merga nisbatan hech qanday kuch ishlatilmagan, ammo u boshqa mahbuslarning chinqiriqlarini eshitgan.
Fedorovning soʻzlariga koʻra, unga ishdan boʻshash toʻgʻrisida, «qandaydir deputatlarni tayinlash, qandaydir vazifalarni bajarish» toʻgʻrisidagi hujjatlarni imzolashga majbur qilingan. U yuridik ahamiyatga ega boʻlmagan bir qator hujjatlarni imzolagani va shu tufayli «sogʻ qolganini» aytdi.
- "Bu odamlar mutlaqo savodsiz, ular Ukraina qonunchiligini tushunmaydi — mer qalam tekkizgani bilan ishdan boʻshata olmaydi, iste'foni shahar kengashi deputatlari qabul qilishi kerak. Ular shahar meri deputat tayinlay olmasligini tushunmaydi, buning uchun shahar kengashi deputatlari ovoz berishi kerak. Shundan soʻng ular jamoaga Rossiya bayroqlari ostida va qandaydir mer vazifasini bajaruvchi bilan ishlashni davom ettirishi haqida koʻrsatma berishimni xohladi. Keyin kommunal xizmatlarga ishini davom ettirishi haqida koʻrsatma berishimni soʻradi".
Fedorovning soʻzlariga koʻra, asirdagi rossiyaliklar bilan uning almashinuvi ikkinchi urinishda va Zaporoje viloyatining Vasilevskiy tumanidagi demarkatsiya chizigʻida sodir boʻlgan.
- "Bu juda hayajonli edi, chunki almashinuv boʻyicha ikkinchi urinish edi. Birinchi urinish muvaffaqiyatsiz boʻlgan. Rossiya harbiylari mamlakatim meni olib ketishni xohlamaganini aytgan va meni kameraga qaytarib yuborishgandi. Ishoning, bu juda qiyin sinov, ular sizni boshingizda sumkangiz bilan etti soat davomida olib yuradi — qaerdasiz, qaerga ketyapsiz tushunmaysiz, eng yomoni sizni olib ketayotganlarga mutlaqo ishonmaysiz".
Ivan Fedorov 9 mart kuni oʻgʻirlab ketilgan. U gʻoyib boʻlgandan soʻng darhol Donetsk va Luganskda uni terrorizmni qoʻllab-quvvatlashda ayblashayotgani haqida gapirildi; u Luganskga olib kelingani toʻgʻrisida ma'lumot bor edi. Uning yoʻqligida rossiyaparast «Muxolifat bloki»dan mahalliy deputat Galina Danilchenko shahar rahbari vazifasini bajaruvchi etib e'lon qilindi. Ukraina hukumati uni davlatga xiyonatda aybladi.
Melitopol meri1 O‘g‘irlab ketilgan1 Rossiya harbiylari1 Ivan Fedorov1 Asirlar almashinuvi1 Rossiya va Ukraina urushi Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar