14:06 / 23.03.2022
2 434

Mavlud Chovusho‘g‘li: «Ukrainadagi urush xalqaro hamjamiyatning yana bir qusurini fosh qildi»

Mavlud Chovusho‘g‘li: «Ukrainadagi urush xalqaro hamjamiyatning yana bir qusurini fosh qildi»
Foto: AA
Ukrainadagi urush dunyo hamjamiyatining voqelikka noxolis yondashuvi – ikki xil standartlar siyosatini yana bir karra fosh etdi, deydi Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li. Turkiya bosh diplomati bu xususda Pokiston poytaxti Islomobodda o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari tashqi ishlar vazirlarining majlisida gapirgan.

Qayd etilishicha, xalqaro hamjamiyat Ukrainadagi urush borasida jips harakat qilgani e’tirofga loyiq. Ammo xunrezlik davom etayotgan boshqa mintaqalarga bunchalik e’tibor qaratilmayotir. Hatto ayrim yetakchi ommaviy axborot vositalari Ukraina hamda Yaqin Sharq qochqinlarini muqoyasa etar ekan, irqiy kamsitishga yo‘l qo‘ydi. Turkiya TIVga ko‘ra, dunyoning turli mintaqalaridagi xunrezliklarni farqli mezonlarga ko‘ra baholash nomaqbuldir. Zero, bunday yanglish yondashuv axloqiylik va insoniylikka zid sanaladi.

«Turkiya Xarkov yoki Halabdagi insonlarning halok bo‘lishini birdek fojia deb biladi», – deydi Chovusho‘g‘li.

Turkiya vaziri o‘z chiqishida Falastin, Kashmir, Kipr, Shinjondagi musulmonlarning haq-huquqlarini himoya qilish masalasiga ham to‘xtaldi. Xususan, Xitoyning Shinjon uyg‘ur-muxtor o‘lkasidagi musulmonlar diniy-madaniy qadriyatlarini saqlashda mushkulotlarga duch kelayotganini qayd etgan Chovusho‘g‘li vaziyatni o‘nglash lozimligini urg‘uladi.

«Biz bu mamlakat bilan (Xitoy nazarda tutilmoqda – tahr.) munosabatlaringizni yomonlashingizni aslo istamaymiz. Bil’aks, do‘stona munosabatlardan uyg‘ur jamoasi ahvolini yaxshilash maqsadida foydalanishni tavsiya etamiz», – dedi turk diplomati.

M.Chovusho‘g‘li musulmonlar duch kelayotgan muammolarni hal etishda Islom hamkorlik tashkiloti faol va yakdil bo‘lishi lozimligi, bu borada tashkilot o‘z faoliyatiga tanqidiy baho bergani ma’qul ekanini ta’kidladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mavlud Chovusho‘g‘li: «Ukrainadagi urush xalqaro hamjamiyatning yana bir qusurini fosh qildi»