Foto: Getty Images
24 fevral kuni boshlangan Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari hamon tugagani yo‘q. Tomonlar 28 fevral kuni ilk marta Belarusda muzokaralar stoliga o‘tirishdi. Shundan keyin bir necha raund muzokaralar o‘tkazildi. 21 mart kuni oxirgi muzokaralar videoformat shaklida o‘tkazildi. Xo‘sh, muzokaralarda murosa yo‘li tanlanishidan umid bormi?
21 mart kunidagi muzokaralar 1,5 soat davom etgan. Keyinchalik muzokarachilar ishchi guruhlarga bo‘lingan holda muloqotni davom ettirgan. Ikki tomon aytayotgan gaplardan muzokaralar o‘zani qaysi tomonga qarab ketayotgani haqida aniq xulosaga kelish qiyin, chunki urush holatida hamma o‘z manfaatini o‘ylab gapiradi, axborot urushi cho‘qqiga chiqqan. VVS ekspertlari muzokaralar qanday holatda ekanini taxmin qilib ko‘rdi.
Boshlanishi
Muzokaralar 28 fevral kuni boshlandi. Bu vaqtda urushning beshinchi kuni o‘tayotgan, ko‘plab odamlar o‘lib bo‘lgandi. Ilk uchrashuv Belarusning Gomel oblastida, Ukraina chegarasi oldidan oqib o‘tuvchi Pripyat daryosi bo‘yida o‘tkazildi.
Ilk muzokaralarga borgan guruhlar ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Rossiya delegatsiyasini sobiq madaniyat vaziri, hozirda Putinning yordamchisi vazifasida ishlayotgan Vladimir Medinskiy boshqardi. U Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati raisi ham hisoblanadi. Rossiya muzokarachilari guruhiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko, Rossiyaning Belarusdagi elchisi Boris Grizlov, Duma xalqaro munosabatlar qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiy, mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin ham kiritildi.
Ukraina muzokarachilari soni kamroq edi: mudofaa vaziri Aleksey Reznikov, «Sluga naroda» fraksiyasi raisi David Araxamiya, Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak va harbiy razvedkachi Denis Kireyev.
Gomeldagi uchrashuvdan bir necha kun o‘tib muzokaralarda aniq qanday vazifa bajargani ma’lum bo‘lmagan harbiy razvedkachi Denis Kireyevning jasadi topildi. Avvaliga u davlatga xiyonat qilgani uchun otib tashlangani haqida xabarlar chiqdi, keyinchalik Ukraina razvdekasi Kireyev maxsus amaliyot vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lganini xabar qildi.
Gomelda o‘tgan birinchi raundda tomonlar aytarli hech narsaga kelisha olmadi, ammo muzokara boshlanganining o‘zi katta narsa edi. Zelenskiy ofisida o‘t ochish rejimini to‘xtatish va Ukrainadan rus askarlarining olib chiqib ketilishi muzokaralarning birlamchi maqsadi ekanini aytishdi. Kreml muzokaralardan avval qanday talablar ilgari surishini e’lon qilmadi, lekin Putin va Lavrovning so‘zlaridan Rossiya Ukrainani «denatsifikatsiya» va «demilitarizatsiya» qilishni istayotgani anglashilardi.
Bu terminlarning ma’nosini urush boshlanganidan bir oy o‘tgan bugungi kunda ham ko‘pchilik tushunmaydi va ularni izohlash kerak bo‘ladi. Peskovning tushuntirishicha, «denatsifikatsiya» Ukraina hukumatini qo‘lga olgan millatchilarni yo‘qotish hisoblanadi. Kreml bu borada aniq ismlarni keltirmagan, keyinroq Peskov Rossiya Zelenskiyni hamon Ukrainaning legitim prezidenti deb tan olishini ham aytdi.
«Demilitarizatsiya» deganda esa Ukrainani qurolsizlantirish nazarda tutilgan. Kreml Ukrainani G‘arb qurollari bilan «shishirilgan» va Rossiya uchun real xavf deb hisoblaydi.
1 mart kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Putin bilan muzokaralarga tayyorligini aytdi. Keyinchalik Zelenskiy Putinni yana bir necha marta uchrashuvga taklif qildi. Kreml esa bir xil javobni berishdan charchamayapti: hali erta.
Muzokaralarning ikkinchi raundi 3 mart kuni o‘tkazildi. Bu gal Belarusning Brest shahrida. Ikkinchi raundda hartugul gumanitar yo‘lak va ta’minotdan uzilib qolgan hududlarga oziq-ovqat, dori-darmon yetkazib berish uchun o‘t ochish rejimini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishdi.
Mixail Podolyak Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilmoqda
ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES)
Ukraina delegatsiyasi yetakchisi Mixail Podolyak Kiyev muzokaralardan ko‘zlangan maqsadga erishmaganini ma’lum qildi, chunki Ukraina tezda o‘t ochishni to‘xtatish va sulh tuzilishini istagan edi.
7 mart kuni muzokaralarning uchinchi raundi o‘tkazildi. Undan har ikki tomonning ham ko‘ngli to‘lmadi. Rossiya tomoni yetakchisi Medinskiy ko‘zlangan maqsadga erishilmaganini, Podolyak esa faqat gumanitar koridorlardagi logistika bo‘yicha muzokarada siljish bo‘lganini aytdi.
Turkiya urushda qatnashayotgan ikki tomon muzokaralar stoliga o‘tirishi uchun qo‘lidan kelganini qilishini ma’lum qilgandi. 10 mart kuni Antalyada Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va Rossiya tashqi ishlar ishlar vaziri Sergey Lavrov Turkiya TIV rahbari Mavlud Chovusho‘g‘li hamrohligida muloqot o‘tkazdi. Ammo bu uchrashuvda ham qandaydir kelishuv bo‘lmadi: Kuleba Kiyevning asosiy maqsadi – o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha hech qanday siljish bo‘lmagani, Lavrov Ukrainaga «vaziyatni o‘nglash taklif» berilganini aytdi. Ammo bu taklifda nimalar qayd etilgani haqida gapirmadi.
Turkiyadan tashqari Shveysariya va Isroil ham Ukraina – Rossiya muzokaralarini, xususan, Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi uchrashuvni qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Zelenskiy Quddusni muzokara uchun eng to‘g‘ri joy deb atadi.
Yangi bosqich
21 mart kuni Ukraina va Rossiya yuqori darajadagi uchrashuv haqida xabar berdi. Zelenskiy Putinda Rossiyani halokatdan saqlab qolish uchun yagona yo‘l – tinchlik kelishuviga erishish ekanini aytdi. Putinning matbuot kotibi Peskov esa uchrashuv haqida gapirishga ertaligini takrorlab, davlat yetakchilari uchrashishi uchun aniq kelishuv bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Muzokaralar boshlangandan buyon vaziyat shunchalik o‘zgarib ketdiki, hozir 28 fevralda taklif qilingan kompromisslar o‘z kuchini yo‘qotgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Ukrainada minglab odamlar o‘lib ketdi, Mariupol kabi shaharlarda butun binoning o‘zi qolmadi, Rossiya ham askarlarini yo‘qotmoqda, mamlakat iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazmoqda.
G‘arblik ekspertlarning tusmolicha, voqealar rivoji Kreml istaganidek bo‘lmayapti, chunki Rossiya bu qadar ko‘p askarini yo‘qotishini, Ukrainadan bunday jiddiy qarshilik bo‘lishini kutmagandi. Bir so‘z bilan aytganda, rus tanklari tuz va non bilan kutib olinmadi. Shu sabab Rossiyaning «B», «V» rejalarga o‘tgani haqida xabarlar tarqaldi.
Muzokaralar qanday o‘tmoqda?
Muzokaralar qiyin va asabiy o‘tayotgan bo‘lsa-da, baribir o‘sish bor. Ikki tomonning bayonotlaridan «umumiy kesishish nuqtalari» borligini anglash mumkin. Hatto ba’zi savollar borasida deyarli kelishib bo‘lishdi. Zelenskiy ham muloqotda o‘sish borligini aytdi. «Ukrainalik va rossiyalik muzokarachilar aniq savollarga javob izlashmoqda, endi shart qo‘yishni bas qilib, aniq faktlar haqida gapira boshlashdi», dedi u.
Vladimir Putin Kremlda o‘zining doimiy mehmoni Aleksandr Lukashenkoni qabul qilganda Ukraina bilan muzokaralar deyarli har kuni davom etayotgani, ularda oldinga siljish borligini ta’kidlagandi. Ammo Putin aynan qanday siljish haqida gapirganini izohlamagan.
Vladimir Putin G‘arb sanksiyalari qo‘rqinchlik emasligini namoyish etishga harakat qilmoqda
Foto: GETTY IMAGES
Vaqt o‘tgan sayin Kremlda ham Rossiya prezidentining Zelenskiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tishini istisno qilishmayapti. Lavrovning aytishicha, diplomatlar o‘z ishlarini to‘g‘ri bajarib, aniq kelishuv ustida ishlashi va prezidentlar nomigagina emas, o‘sha kelishuvni imzolash uchun uchrashishi kerak.
Tomonlar nima xohlamoqda?
Muzokarachilarning aytishicha, tomonlar aniq kelishuvga erishgunga qadar tafsilotlar haqida ochiq gapirmaslikka kelishib olgan. Ammo Podolyak bir necha marta Ukarina tomonining talablari haqida gapirdi. Xususan, Rossiyaning «Kommersant» nashriga bergan intervyusida shunday dedi: «Kelishuv ko‘p tarmoqli bo‘lishi kerak: birinchidan, urushni to‘xtatish haqida kelishish shart. Ikkinchidan, Rossiya Ukrainadan askarlarini olib ketishi kerak. Uchinchidan, tinchlik kelishuvi imzolanishi lozim. Shular asosida Ukraina xohlayotgan tinchlik kelishuviga erishish mumkin. Keyinchalik bunday narsalar takrorlanmasligi uchun».
Ukraina muzokaralarda Rossiya mamlakatdagi infratuzilmani yakson qilgani uchun kompensatsiya to‘lashiga ham erishmoqchi.
Podolyakning aytishicha, Rossiya muzokarachilari ortiq «denatsifikatsiya» va «demilitarizatsiya» talablarini qo‘llamay, endi ancha xolis fikrlar aytishmoqda. Vaholanki, Putin Ukrainaga qarshi harbiy harakatlardan maqsad mamlakatni «denatsifikatsiya» va «demilitarizatsiya» qilish ekanini aytgandi.
Rossiya nimani xohlamoqda? Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, Kreml Ukrainada hukumatni almashtirmoqchi emas. Rossiya qurolli kuchlari esa Ukrainani bosib olish, davlat tuzilmasini buzish, davlatni boshqarayotgan odamlarni ag‘darishni maqsad qilmagan. Oldinroq Peskov Kreml hamon Zelenskiyni Ukrainaning legitim prezidenti deb tan olishini aytgandi.
16 mart kuni Kreml rasmiy vakili Peskov muzokaralarda tomonlar Ukrainaning avstriyacha yoki shvedcha ko‘rinishdagi neytral davlatga aylanishini muhokama qilayotganini tasdiqlagandi. Ukrainaliklar esa bu ukraincha model bo‘lishini aytishgan. Rossiya muzokarachilari yetakchisi Dmitriy Medinskiyning aytishicha, bunday davlat harbiy bloklarga kirmasligini e’lon qiladi, o‘z hududida boshqa davlatlarning harbiy bazasini joylashtirmaydi, ammo o‘z armiyasi va harbiy dengiz kuchlariga ega bo‘ladi.
Vladimir Zelenskiy Isroil Knesseti qarshisidagi chiqishida Ukrainadagi voqealarni Xolokostga qiyosladi
Foto: ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES
O‘z navbatida, Kiyev mamlakat 2010 yilda neytralitet va harbiy bloklarga kirmasligini e’lon qilgan, ammo Rossiya Qrimni bosib olib, Donbassdagi ayirmachilarga yordam berganini eslatmoqda.
Podolyak kelishuv haqida shunday dedi: «Bu to‘liq xavfsizlik kafolati degani, Budapesht kelishuvi kabi protokoldagina qoladigan kelishuv emas. Bu esa hujjatni imzolagan davlatlar keyinchalik Ukrainaga bostirib kirilsa, hozirgi kabi jim turmaydi, kerakli qurolni tezda yetkazib beradi degani».
Bu gaplardan ikki kun o‘tib Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mojaro qachon tugashi haqida gapirdi: «Men aytgan jihatlar bo‘yicha kelishuv imzolansa: xavfsizlik masalasi, Ukrainaning ham xavfsizligini ta’minlaydigan neytral status masalasi».
Tinchlik kelishuvi imzolanishini kutish mumkini?
Turkiya tashqi ishlar vaziri Chovusho‘g‘li kelishuvga intilish borligini e’tirof etdi. «Odamlar o‘layotgan urush holatida murosaga kelish oson bo‘lmasa-da, bunga intilish bor. Tomonlar kelishuvga erishishga yaqinligini ko‘rmoqdamiz», dedi u.
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Turkiyaga Ukraina va Rossiya kelishib olishi uchun harakat qilayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi, ammo bu muzokaralar natija berishi haqida gapirishga ertaligini ta’kidladi. AQSHning BMTdagi vakili Linda Tomas-Grinfild ham muzokaralardan umid kamligini aytdi. Umuman, AQSH muzokaralar ish berishiga ishonmayapti.
Chovusho‘g‘li Lavrov bilan intensiv muzokaralar o‘tkazdi
Foto: AFP VIA GETTY IMAGES
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian La Parisien nashriga bergan intervyusida Rossiyani Ukraina bilan nomigagina muzokara o‘tkazayotganlikda aybladi. Uning fikricha, Rossiya Suriyaning Halabida va Chechenistonda ishlatgan rejasini qo‘llamoqda: «Avval portlatishadi-da, keyin o‘zlaricha gumanitar yo‘lak ochib qo‘yishadi. Bundan maqsad narigi tomonni gumanitar yo‘lakni hurmat qilmaslikda ayblashdan iborat. Keyin xuddiki muzokara o‘tayotgandek ko‘rsatishga harakat qilishadi».
Ukraina muzokarachilari yetakchisi Mixail Podolyak Witualna Polska nashriga bergan intervyusida aytishicha, kelishuv imzolanishi mojaroning faqat bitta bo‘limi yakunlanishiga xizmat qilib, mamlakatni tiklash ishlarini boshlashgagina imkon beradi. Biroq u kelishuv imzolangach ham ukrainaliklar uchun urush tugashiga ishonmayapti.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy CNN'ga bergan intervyusida muzokaralar haqida shunday degandi: «Menimcha, muzokara uchun, Putin bilan gaplashish uchun har qanday format, har qanday imkoniyatdan foydalanish kerak. Ammo bu urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, bu uchinchi jahon urushi boshlanadi degani». Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi