Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tgan forumda onlayn tarzda ishtirok etdi. Zelenskiy nutqini “Assalomu alaykum” deb boshladi va “Ukraina musulmonlari Ramazon oyida qo‘llarida qurol bilan o‘z vatanlarini himoya qilishga majbur bo‘ladilar” dedi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bir oydan ortiq vaqtdan buyon o‘z vataniga hujum qilgan Rossiyani to‘xtatish uchun diplomatik choralar izlashdan to‘xtamayapti. Qatar poytaxtida o‘tkazilgan Doha forumida siyosatchilarga murojaat qilgan Zelenskiy yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyi va dunyoda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat inqiroziga to‘xtaldi. Quyida uning fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.
"Yadro qurollari butun dunyoga tahdid solmoqda"
"Bilganingizdek, sizga murojaat qilmoqchiman. Assalomu alaykum. Bu so‘zlar Sizga tinchlik tilayman, degani, ammo afsuski, bu ne’mat hozir Ukrainada yo‘q. Chunki Rossiya tinch va osuda vatanimizga tajovuz etdi. Rossiya Ukrainadan 28 marta katta va dunyodagi eng yirik davlatlardan biri. Ammo bu ularga kifoya qilmayapti. Rossiya hukumati bizning yerimizni tortib olib, millatimizdan quldek foydalanmoqchi. Lekin 31 kun davomida Ukraina o‘zidan 28 marta katta mamlakatga qarshilik ko‘rsatmoqda.
Rossiya Ukrainani olgandan keyin to‘xtaydimi?.. Mustamlakachilik talablari hech qachon tugamaydi. Rossiya notinchlik davrining qaytishini istaydi. Sizlar xalqingiz orasida adolat bo‘lishi uchun qo‘lingizdan kelganini qilyapsiz, lekin biz 31 kundan beri adolat izlayapmiz. Men BMTning yordamini qadrlayman, lekin u adolatni ta’minlamaydi. Rossiyaning Ukrainaga nisbatan qilgani adolatsizlikdir. Ular muttasil yadro quroli bilan qo‘rqitishadi, qo‘rqitishaverishadi. Ular nafaqat bir davlat, balki butun dunyoga yadro quroli bilan tahdid qilmoqda. Endi dunyoda yadroviy yoki kimyoviy qurol ishlatilsa nima bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas”.
“Rossiyaga qarshi kurashishimiz kerak"
“Ukraina 90 yillarda dunyoda 3-o‘rinni egallagan yadro qurolini topshirib yubordi. Buning evaziga u mamlakatning, jumladan, Rossiyadan boshqa davlatlar uchun xavfsizligi uchun yozma kafolat oldi. Ammo afsuski mazkur va’dalar bizga kafolat bermadi. Endi xavfsizligimizni va’da qilgan davlatlardan biri Rossiyaga qarshi kurashishimiz kerak bo‘lyapti. Bu adolatsizlikning yorqin namunasidir. Boshqa davlatlar nima qiladi, ular ham o‘zlarini ehtimoliy hujumdan himoya qilish uchun yadro quroliga ega bo‘lishlarini xohlaydilarmi? Bu hamma uchun juda xavfli”.
"Masjidlar nishonda"
“Rus bombalaridan masjidlar ham omon qolmadi. Shaharlarimizni qarang, ayniqsa, vayronaga aylangan Mariupol shahriga. Ukraina turli millat va dinlarga mezbonlik qiladigan davlat. Ukrainada bir milliondan ortiq musulmon yashaydi. Rus raketalari butun xalqimizga tahdid solmoqda. Birgina Mariupol shahridaning o‘zida 4000 musulmon bor edi. 3 haftadan beri Mariupoldagi masjidlarda 80 nafarga yaqin odam jon saqlayapti, ular orasida bolalar, ayollar va qariyalar ham bor. Barcha yo‘llar yopiq. Ruslar armiya bu hududga insonparvarlik yordamlari kelishiga to‘sqinlik qilmoqda. Hozir hech narsa yo‘q”.
"10 mln ukrainalik uyini tashlab ketdi"
“Ular kechayu kunduz bombardimon qilmoqda va shaharning 90 foizi vayron bo‘ldi. Bu yerda minglab odam halok bo‘lyapti, lekin Rossiya buning uchun jazo olmaydi. Musulmonlar yashaydigan Qrimni bosib olgani uchun ham jazolanmadi. Ushbu 31 kunlik rus istilosi davrida 59 ta ibodatxona, jumladan, masjid va cherkovlar, 200 ta maktab va o‘nlab kasalxonalar vayron qilindi. Yana 10 million ukrainalik o‘z issiq uyini tashlab ketdi va 3,5 milliondan ortiq ukrainaliklar o‘z mamlakatini tark etishga majbur bo‘ldi. Ularning aksariyati ayollar va bolalardir. Bu qochqinlar inqirozi deb hisoblanadi. Lekin haqiqiy inqiroz oldinda”.
"G‘alla inqirozining oldini olishimiz kerak!"
"Ukraina dunyodagi eng muhim neft, bug‘doy va makkajo‘xori eksportchilaridan biri. Dunyo Covid-19 epidemiyasidan keyin o‘zini tiklay olmadi va oziq-ovqat ta’minoti xavf ostida. Ruslar don ekishni oldini olish uchun dalalarimizni harob qilishyapti. Ular portlarimizni ishg‘ol etishdi. Yurtimizda oziq-ovqat yetarli, lekin eksportga monelik ko‘plab mamlakatlarga ta’sir qiladi. Islom davlatlari, Lotin Amerikasi davlatlari va boshqa mamlakatlar zarar ko‘radi. Dunyoda g‘alla inqirozining oldini olishimiz kerak. Rossiyaga qo‘yilgan barcha sanksiyalar uni tinchlikka majburlaydi, degan umidim bor”.
"Ukrainalik musulmonlar ramazonda ham yurtimizni himoya qiladi"
"Yevropaning Rossiya gazi va neftini sotib olishni bekor qilish uchun vaqt kerak. Qatar energiya jihatidan istiqbolli hamkor hisoblanadi. Yevropaning kelajagi sizning sanksiyalaringizga bog‘liq. Energiya resurslaringizni ishlab chiqarishni ko‘paytiring. Rossiya energiya masalasini dunyoga tahdid soluvchi qurol sifatida ishlatmasligi kerak. Bir haftadan keyin muborak ramazon oyi boshlanadi. Bu oyning ahamiyati va mazmunini ortiqcha tushuntirishimiz shart emas. Buni butun dunyo biladi va hurmat qiladi.
Ukraina musulmonlari ro‘za tutgan holda qo‘llarida qurol bilan o‘z vatanlari va erkinliklarini himoya qilishlari kerak bo‘ladi. Biz ko‘proq hamkorlik qilishimiz va ramazon oyi Rossiyani tinchlikka undab, uning o‘ziga kelishini ta’minlashimiz kerak. Biz xalqaro qonun qoidalarni nafaqat Ukraina uchun, balki hamma uchun himoya qilishimiz kerak. Biz Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Yaman va Somalida tinchlik o‘rnatilishi uchun harakat qilishimiz kerak. Yashasin Ukraina!” deya o‘z nuqtini yakunlagan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.
Zelenskiy1, Musulmonlar1, Assalomu alaykum1, Ramazon oyi1 “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi