Foto: BMT
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashi a’zolariga videomuloqot orqali murojaat qildi.
Xavfsizlik Kengashi Ukraina bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda BMT Bosh kotibi va uning siyosiy hamda gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy so‘zga chiqib, Bucha fojiasi haqida gapirib berdi.
Urush dahshatlari
Ukraina shaharlarining o‘qqa tutilishi, portlashlar, tinch aholi vakillarining qatl etilishi, bolalar ko‘z o‘ngida jinsiy zo‘ravonlik – bu va boshqa urush dahshatlari haqida BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari Dikarlo ma’lumot berdi.
«Yaqin vaqtgacha rus qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan Bucha shaharchasi ko‘chalarida qo‘llari bog‘langan holda yotgan tinch aholi vakillari jasadlari suratlarini ko‘rgan dunyo dahshatga tushdi. Ommaviy qabrlardan yana ko‘plab jasadlar topildi», — dedi Rozmari Dikarlo. — «Nodavlat-notijorat tashkilotlari hamda mustaqil OAV vakillari Chernigov, Xarkov va Kiyevda ham tinch aholining ommaviy qatl etilgani, zo‘rlash va talon-torojliklar haqida xabar bermoqda».
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh Assambleya ikki marta Rossiyani o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan butunlay olib chiqib ketishga va barcha harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirgan.
Bosh kotib o‘rinbosari o‘z nutqida BMT Inson huquqlari bo‘yicha byurosining so‘nggi ma’lumotlarini keltirdi: 24 fevraldan 4 aprelgacha kamida 1480 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, 2195 nafari yaralandi. Haqiqiy ko‘rsatkichlar ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
Rozmari Dikarlo rossiyalik harbiylarning zo‘rlashlarga qo‘l urayotgani haqidagi xabarlarga ham e’tibor qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinsiy zo‘ravonlik ayblovlari Ukraina harbiylari va fuqarolik mudofaa kuchlariga ham qo‘yilgan. «Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainadagi monitoring missiyasi bu xabarlarni tekshirishda davom etmoqda», — dedi Rozmari Dikarlo.
Ukrainaliklarning chorak qismi o‘z uylarini tark etdi
BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits Xavfsizlik kengashi a’zolariga Ukrainadagi urush natijasida 11,3 milliondan ortiq ukrainalik o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lganini, jumladan, 4,2 million nafari boshqa mamlakatlarda boshpana topganini aytdi.
«Bir oy ichida Ukraina aholisining to‘rtdan biri o‘z joyini tark etdi», — deb ta’kidladi Griffits. — «Afsuski, bu raqamlar tinchlik o‘rnatilmaguncha o‘sishda davom etadi».
Uning so‘zlariga ko‘ra, Mariupol — «do‘zax markazi»ga aylangan, Chernigov, Sumi va Xarkov yordamdan uzilib qolgan. BMT vakili nizolashayotgan tomonlarni xalqaro huquq normalariga, jumladan tinch aholini zo‘ravonlikdan himoya qilishga va gumanitar yordam yetkazish uchun shart-sharoitlarni ta’minlashga majbur ekanini eslatdi.
Martin Griffits, shuningdek, odam savdosi, jinsiy zo‘ravonlik, kamsitishlar haqidagi xabarlar soni ortib borayotganidan xavotir bildirdi. «Odatda bunday dahshatlar birinchi navbatda ayollar va bolalar boshida sodir bo‘ladi», dedi u.
Vladimir Zelenskiy Rossiyani «to‘xtatishga chaqirdi»
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, yaqinda ozod qilingan Buchadagi Rossiyaning «harbiy jinoyatlari» haqida gapirdi.
«Rus harbiylari bu shaharni ishg‘ol ostida ushlab turgan vaqtida nimalar qilganini butun dunyo ko‘rdi, biroq ularning mamlakatimizning boshqa bosib olingan shahar va viloyatlarida nima qilganini hali hamma bilmaydi», — dedi Zelenskiy.
Vladimir Zelenskiy Rossiyani to‘xtatishga chaqirib, agar shunday davom etsa, «mamlakatlar o‘z xavfsizligini ta’minlashda xalqaro huquqlarga emas, faqat qurol kuchiga tayanishi» haqida ogohlantirdi.
«Xonimlar va janoblar, BMTni tugatishga tayyormisiz? Sizningcha, xalqaro huquq davri o‘tdimi? Agar javobingiz «yo‘q» bo‘lsa, hozir harakat qilishingiz kerak. Zudlik bilan harakat qiling», — deya chaqirdi Ukraina prezidenti.
Rossiya Buchadan olingan kadrlarni «sahnalashtirilgan» deb atadi
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya rossiyalik harbiylarga qarshi barcha ayblovlarni rad etdi.
U Buchada tasvirga olingan kadrlarni «o‘z radikallari tomonidan o‘ldirilgan» deb atadi. «Ular Istanbuldagi tinchlik muzokaralaridan so‘ng rus qo‘shinlari tashlab ketgan hududlarda o‘ldirilgan. Endi ma’lum bo‘lyaptiki, bekorga hududlarni (rus qo‘shinlari nazarda tutilmoqda) tashlab ketishgan ekan. Men, avvalo, Bucha haqida gapiryapman», — deya qo‘shimcha qildi u.
«Biz sizning oldingizga Ukraina yerlari uchun kelganimiz yo‘q. Biz Donbassga uzoq kutilgan tinchlikni olib kelish uchun keldik. Shunchaki sulh emas, balki haqiqiy tinchlik uchun», — dedi rossiyalik diplomat prezident Zelenskiyga murojaat qilib. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Sirdaryoda YTH sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi qamaldi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?