1 530
Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar: Peskov «jiddiy yo‘qotishlar» haqida gapirdi
Sergey Dolzhenko / EPA / Scanpix / LETA
Rossiya prezidenti matbuot kotibi rossiyalik harbiylar Ukrainada «jiddiy yo‘qotishlar»ga uchraganini tan oldi, Ukraina hukumati rossiyaliklar Donetsk va Lugansk oblastlari aholisi evakuatsiyasiga xalal berish uchun temiryo‘lga zarba berganini ma’lum qildi. Dnepr meri ayollar va bolalarni xavfsiz joyga ketishga chaqirdi, NATO sammiti ishtirokchilari Ukrainaga yanada ko‘proq qurollar yetkazib berishni va’da qilishdi.
Peskov - Rossiyaning «jiddiy yo‘qotishlari» haqida
Sky News nashriga bergan intervyusida Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainadagi «maxsus amaliyot» davomida Rossiyaning yo‘qotishlari sezilarli darajada bo‘lganini tan oldi, ammo qandaydir raqamni keltirmadi. «Bizning yo‘qotishlarimiz sezilarli darajada. Va bu biz uchun ulkan fojia», degan u Britaniyaning Sky News telekanaliga bergan intervyusida.
Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlarni urush sifatida tan olmaydi va buni «maxsus amaliyot» deb ataydi. Shu vaqtga qadar Rossiya hukumati o‘z kuchlarining yo‘qotishlari haqida gapirishdan saqlanib kelardi.
Rossiya shaharlarida har kuni Ukrainada halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning dafn marosimlari o‘tkazilmoqda. BBC hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya regionlari rasmiylari xabar bergan qurbonlarning 20 foizi - ofitserlardir.
Shaxsi aniqlangan 1083 nafar qurbondan 217 nafari - maqomi kichik leytenantdan generalgacha bo‘lgan ofitserlardir. Bu BBC harbiy harakatlar boshlanganidan buyon Rossiya armiyasidagi yo‘qotishlarning tasdiqlangan ro‘yxatidagi harbiy xizmatchilar sonining 20 foizini tashkil etadi.
Britaniya telekanaliga bergan intervyusida Peskov yana bir bor Rossiya Buchada tinch aholining ommaviy qirg‘in qilinishiga aloqadorligini tan olmasligini takrorladi. Peskovning fikricha - bu sahna ko‘rinishi bo‘lgan. Kreml xalqaro tekshiruv o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo «xalqaro tergov bo‘yicha achchiq tajriba»ni yoddan chiqarmaydi. Peskov bu o‘rinda «Koreya samolyoti bo‘yicha xalqaro tergov»ni eslab o‘tgan.
NATOni Peskov «tinchlikparvar alyans» emas deb atadi: «U dunyoni qutblashtirish uchun tashkil etilgan va uning mavjudligining bosh sababi - Rossiya bilan qarama-qarshilik».
Temiryo‘lga hujum va Dneprdan evakuatsiya
Ukraina temiryo‘llari («Ukrzaliznitsya» AJ) vakili mamlakat sharqidagi shaharlar tinch aholisini temiryo‘l orqali evakuatsiya qilish ushbu hududdan keluvchi yagona tarmoq portlatilgani tufayli imkonsiz bo‘lib qolganini ma’lum qildi. Chorshanba kuni Donetsk va Lugansk oblastlarining Ukraina hukumati nazoratidagi qismlari rasmiylari mahalliy aholini ushbu hududlarni tark etishga chaqirgandi, yaqin vaqtlar ichida bu yerda Rossiya qo‘shinlarining keng ko‘lamli hujumi boshlanishi kutilmoqda.
«Dushman Donetsk temiryo‘lining Barvenkovo stansiyasi yaqinida aviazarba berdi. Bu Slavyansk, Kramatorsk va Liman shaharlaridan temiryo‘l orqali yagona chiqish yo‘li hisoblanadi», deya yozgan Ukraina temiryo‘llarining «Passajirskaya kompaniya» AJ filiali direktori Aleksandr Persovskiy feysbukdagi sahifasida.
Shu tariqa, uning so‘zlariga ko‘ra, Slavyansk va Kramatorskda uchta evakuatsiya poyezdi bloklanib qolgan. Bu vaqtda Dnepr meri Boris Filatov Donbassdan kelgan odamlarni shaharda qolmasdan, yanada xavfsizroq joyga ketishga chaqirgan.
«Donbassdagi vaziyat asta-sekin qizib bormoqda, aprel yetarlicha qizg‘in bo‘lishini tushuntirib turibmiz, shuning uchun barchadan iltimos qilaman, muhim infratuzilmalarda faoliyat yuritmaydigan, sanoat korxonalarida ishlamaydigan, qo‘shimcha qiymat yaratmaydigan ayollar, bolalar va shaharni tark eta oladigan keksa kishilarga nisbatan xavfsiz joyga ketishni tavsiya qilaman», degan Filatov.
Kuleba NATO davlatlarini Ukrainaga ko‘proq qurol berishga chaqirdi
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba NATO mamlakatlarini Ukrainaga yanada ko‘proq qurol berishga chaqirdi va Donbass uchun jang Ikkinchi jahon urushi voqealari kabi bo‘lishidan ogohlantirdi.
«Siz yoki hozir yordam berasiz - men shu kunlar haqida aytyapman, hafta emas - yoki siz yordam jo‘natganingizda juda kech bo‘ladi. Va ko‘plab odamlar halok bo‘ladi, ko‘plab tinch aholi vakillari o‘z uylarini yo‘qotadi, ko‘plab qishloqlar yer bilan bitta bo‘ladi. Yordamingiz juda kech bo‘lgani uchun», degan Kuleba Bryusselda Shimoliy Atlantika alyansi sammitidagi chiqishida.
U Ukraina Yevropani Rossiya gazi va neftidan butunlay voz kechishga undashda davom etishini qo‘shimcha qilgan. Alyans rahbari Yens Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, NATO Ukrainaga harbiy yordam hajmini oshiradi, u Kiyevga qurol yetkazib berilishini va’da qildi, ammo aynan qanday qurollar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmadi.
Stoltenberg dunyo Ukrainadagi mojaro cho‘zilishiga tayyor bo‘lishi kerakligini qayd etdi. NATO bosh kotibi so‘zlariga ko‘ra, urush haftalar, oylar va hatto yillar mobaynida davom etishi mumkin.
Jen Psaki: Ukrainada Rossiyaning har bir tankiga 90 ta tankka qarshi tizim bo‘ladi
Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki kechqurungi brifing chog‘ida AQSH kelgusida ham Ukrainaga qurol yetkazib berishda davom etishini ma’lum qildi.
«Qurol yetkazib berish deyarli har kuni amalga oshirilmoqda. Ikki kungina oldin biz 100 mln dollarlik qurollar yetkazib berilishi to‘g‘risida e’lon qildik - bular ukrainlar rossiyaliklar bilan kurashda samarali foydalanayotgan va ularga o‘z mamlakatini himoya qilishda qo‘l kelayotgan «Javelin»lar», degan u.
«AQSH Rossiyaning bir tankiga qarshi Ukrainaga 10ta tankka qarshi qurol yetkazib bermoqda», degan u. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSHning barcha ittifoqchilarining hissasi qo‘shilsa, G‘arbning Rossiya tanklariga qarshi yetkazib beradigan tankka qarshi tizimlari soni 90 ga 1 nisbatida bo‘ladi.
«Ukraina yetakchilari ularga qanday tizimlar kerakligini aytishmoqda. Ular ro‘yxatlarni taqdim etishmoqda. Biz nima berishimiz mumkinligini bilish uchun bu ro‘yxatlarni ko‘rib chiqamiz. Biz ularning so‘rovlarining aksarini qanoatlantirmoqdamiz», degan u.
Avstraliya Ukrainaga 20 ta jangovar zirhli transport vositalarini yetkazib beradi
Avstraliya Kiyevdan bo‘lgan so‘rovga javoban Rossiya bosqiniga qarshi turish uchun Ukrainaga o‘z hududida ishlab chiqarilgan Bushmaster rusumli 20ta jangovar zirhli transport vositasini taqdim etadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 31 mart kuni Avstraliya parlamentiga murojaatida «Rossiyaga qarshi urushda shoshilinch yordam» so‘ragandi.
Avstraliya mudofaa vaziri Piter Datton uning mamlakati ukrainlar prezidentining «bu chaqirig‘iga javob qaytarishi»ni ma’lum qildi.
Bushmaster o‘z salonidagi harbiylarni minalar va boshqa kichik va o‘rta quvvatdagi portlovchi qurilmalardan, shuningdek artilleriya va o‘qotar qurollardan otilgan snaryad parchalaridan himoya qila oladi.
Ushbu transport vositasi o‘z ichiga 10 nafar harbiy xizmatchini sig‘dirishi mumkin, uch kunga qadar avtonom rejimda harakatlana oladi.
Xabar qilinishicha, maxsus jihozlangan va Ukraina bayrog‘i ranglariga bo‘yalgan mashinalarning dastlabki to‘rttasi juma kuniyoq Kvinslend shtatidan yo‘lga chiqadi.
Britaniya: Ukrainadagi urushning yangi bosqichi boshlandi
Ukrainadagi urush «yangi, boshqa faza»ga kirgan, deya ma’lum qildi Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass NATO bo‘yicha hamkorlar bilan maslahatlashuvdan keyin.
U bugungi kunda Britaniya alyans Ukraina mudofaasiga yordam berish bo‘yicha kelishishi ortidan Rossiyaning nisbatan konsentratsiyalangan (kuchlar bir yo‘nalishga jamlangan) hujumiga guvoh bo‘layotganini aytib o‘tgan.
«Putin taktikani o‘zgartirdi, ammo uning niyati avvalgidek - butun Ukraina ustidan nazoratni qo‘lga olish», deydi Trass xonim.
Forin-ofis rahbari Britaniya Ukrainaga yordam hajmini oshirishini qo‘shimcha qilgan - bu aynan qanday darajada bo‘lishi endi hal qilinmoqda.
Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda shimoldagi Rossiya qo‘shinlari to‘liqligicha Ukrainadan Belarus va Rossiyaga o‘tkazilgan. Bu qo‘shinlarning bir qismi Ukraina sharqiga, Donbassdagi harbiy harakatlar uchun tashlanadi.
Sharqqa jo‘natishga tayyor bo‘lishi uchun bu qismlarning katta qismini jiddiy to‘ldirish talab etiladi. Shimoldagi kuchlarni ommaviy ravishda shimoldan qayta dislokatsiya qilish uchun kamida bir hafta vaqt ketadi.
Sharq va janubda shaharlarni o‘qqa tutish davom etmoqda, Rossiya harbiylari strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Izyum shahridan janub tomon siljishda davom etmoqda.
YEI Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ma’qulladi
YEIning 27 mamlakati vakillari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ma’qulladi, ammo tafsilotlar keyinroq e’lon qilinadi.
YEI davlatlari rahbarlari yangi hujjatlarga imzo chekishgach, Yevroittifoq Rossiya ko‘miridan bosqichma-bosqich voz kechish, Rossiya va Belarusdan yuk mashinalari va dengiz portlari orqali yuk tashishni cheklash, aroq va ikra importini taqiqlash, texnologiyalar va qurilmalar eksportiga taqiqlarni kuchaytirish, shuningdek ayrim davlat banklari aktivlarini muzlatishni boshlaydi. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Isroil HAMAS va “Hizbulloh” raketalarini lazer quroli bilan urib tushirmoqchi. U qanday ishlaydi?
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi