23:31 / 13.04.2022
2 414

Ukrainadagi vaziyat: Mariupol oxirgi kuchlari bilan himoyalanmoqda

Ukrainadagi vaziyat: Mariupol oxirgi kuchlari bilan himoyalanmoqda
Mstyslav Chernov / AP / Scanpix / LETA
Buyuk Britaniya va AQSH Mariupolda kimyoviy qurol qo‘llangani haqidagi xabarni tekshirmoqda, bu vaqtda shaharda qaqshatqich janglar davom etmoqda. RF mudofaa vazirligi Mariupolda ukrainalik harbiylarning mingdan ortig‘i asir tushgani haqida xabar berdi, Ukraina tomoni buni rad etdi, shahar mudofaasida qatnashayotgan britaniyalik ko‘ngilli ruslarga asir tushgani taxmin qilinmoqda.

Mariupol: janglar va kimyoviy qurol qo‘llangani bo‘yicha tekshiruv
Eng shiddatli janglar ketayotgan hudud - mart oyi boshidan buyon rossiyalik harbiylar qamalidagi Mariupol bo‘lib qolmoqda. Xabar qilishlaricha, RF armiyasi shaharning katta qismini nazorat qilmoqda, ukrainalik harbiylar nazoratida esa faqat bir necha kvartallar qolgan.

So‘nggi kunlarda Mariupol himoyasidagi ayrim ukrainalik harbiylar videomurojaat qilishdi, unda aytilishicha, mudofaachilarda qurol va o‘q-dori tugagan, rahbariyat bilan esa aloqa uzilgan.

11 aprel kuni Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining 36-alohida dengiz piyodalari brigadasining feysbukdagi sahifasida Ukraina hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlov bo‘lmayotgani haqida post qoldirildi.

«Biz 47 kundan buyon Mariupolni himoya qilyapmiz. Bizni samolyotlar bilan bombalashmoqda, bizni artilleriya, tanklar va boshqa o‘tochar vositalardan o‘qqa tutishmoqda. Biz mudofaani ushlab turibmiz, imkonsiz ishni qilyapmiz. Ammo har qanday resurslar tugaydi», — deyilgan xabarda.

Brigada urush boshlanganidan buyon faqat 50 ta artilleriya snaryadlari, 20 ta mina, bir qancha tankka qarshi NLAW tizimlari va sun’iy yo‘ldosh orqali internetdan foydalanish uchun Starlink to‘plami olingani haqida ma’lum qilgan.

«Bizga boshqa hech narsa berilmadi. <…> Raqib bizni bosqichma-bosqich «Azovmash» zavodiga surib bordi, o‘rab oldi, o‘t yog‘dirdi va endi bizni yo‘q qilmoqchi. Bizga zaxira kuchlarini yuborish va mudofaani mustahkamlash varianti bor edi. Brigada yorib o‘tishi va o‘z qo‘shinlariga qo‘shilishi varianti bor edi. <…> Dengiz piyodalari bir oydan ortiq vaqt mobaynida o‘q-dori zaxiralarisiz, oziq-ovqatsiz, suvsiz jang qilishdi va halok bo‘lishdi. <…> Piyodalar qirildi va endi otishmalarda artilleriyachilar, zenitchilar, aloqachilar, haydovchilar va oshpazlar qatnashmoqda. Hatto orkestr. O‘lishmoqda, ammo kurashishmoqda. <…> Biz bilan endi hech kim aloqa qilmayapti, chunki biz hisobdan chiqarilganmiz. Bugun, ehtimol, so‘nggi jang bo‘ladi, chunki [o‘q-dori] qolmagan. Uyog‘iga qo‘l jangi. Keyin kimlardir halok bo‘ladi, kimlardir — asir tushadi», deyiladi postda.

Ukrainaning «Novinarnya» nashri 36-brigadaning feysbukdagi sahifasini yurituvchi harbiy xizmatchi bilan bog‘langan. U sahifa buzib kirilmaganini tasdiqlagan. Shu bilan birga e’lon qilingan post qismning rasmiy pozitsiyasi emasligi, balki «dengiz piyodasining maktubi» ekani — postni 36-brigadaning yuqori martabali ofitserlaridan biri (brigada u orqali tashqi dunyo bilan aloqada bo‘ladi) joylashtirgani ma’lum qilingan. Nashr suhbatdoshining yozishicha, go‘yoki ofitser xatni uning familiyasini ko‘rsatmasdan 11 aprel kuni e’lon qilishni so‘ragan, shundan keyin u aloqaga chiqmagan.

Bu Mariupolda qolayotgan ukrainalik jangchilarning birinchi bor shikoyat qilishi emas. 10 aprel kuni «Azov» polki tvitterida polk komandiri o‘rinbosari Svyatoslav Palamarning videomurojaati e’lon qilindi. U bo‘linma ikki haftadan ortiq vaqtdan buyon Ukraina siyosiy rahbariyati bilan bog‘lana olmayotganini aytgan.

«Siz bu yerda bo‘lish qandayligi, bunday sharoitda qanday jang qilishni, Mariupol himoyachilari qanday kunlarni boshdan kechirayotganini o‘ylab ko‘rdingizmi? <…> Bu siyosatchilar «Biz ularni qo‘llab-quvvatlayapmiz, biz doim aloqadamiz» deyishmoqda, ammo ikki haftadan oshdiki, hech kim go‘shakni ko‘tarmaydi va biz bilan hech kim gaplashmaydi. Bu biz haqimizda eslash, Mariupol haqida eslash… Bu jafokash-shahar, kurashgan-shahar. Va biz o‘tmishda emasmiz, biz bugundamiz, tushunyapsizmi? Bu xuddi tirik va yordamga kelishlariga umidvor bo‘laturib o‘zing haqingda ta’ziyanoma o‘qishga o‘xshaydi», degan u.

Mariupoldagi jangchilarning chiqishlaridan ko‘p o‘tmay Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy shahar mudofaasi davom ettirilayotgani, u yerdagi qismlar bilan aloqa «barqaror saqlanayotgani»ni ma’lum qildi.

«Mudofaa amaliyotlarini o‘tkazish jamoatchilik muhokamasiga tashlanadigan mavzu emasligini ta’kidlayman. Biz g‘alaba uchun, barcha yo‘nalishlarda shaxsiy tarkib va tinch aholi hayotini saqlab qolish uchun imkon doirasidagi va imkon doirasidan tashqaridagi ishlarni qilmoqdamiz», deya yozgan Zalujniy.

12 aprel kuni Ukraina prezidenti ofisi rahbari Mixail Podolyak tvitterdagi sahifasida Mariupolda qolayotgan harbiylarda chindan ham o‘q-dori yetishmovchiligi yuzaga kelganini yozdi. «Prezident va Qurolli kuchlar rahbariyati harbiylarimizga yordam berish va yechim topish uchun mumkin bo‘lgan (va mumkin bo‘lmagan) ishlarni qilmoqda», — degan Podolyak.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Mariupoldagi ukrain jangchilari 10 ming rossiyalik harbiylarni tutib turgani, agar shahar qulasa, bu qo‘shinlar Donbassga o‘tishi vaziyatni qiyinlashtirishi mumkinligini aytgandi. «Azov» raqib kuchi polknikidan 10 barobar ko‘p ekanini ma’lum qilgan.

Mariupolda Chechenistondan kelgan harbiy qismlar ham jang qilmoqda. Respublika rahbari Ramzan Qodirov, «Vajnie istorii» nashrining hisoblashicha, 14 martdan 6 aprelga qadar 26 marta tez orada shahar to‘liq egallanishi haqida aytgan. 8 aprel kuni Qodirov Mariupol «98 foizga ozod etilgani, faqat banderachilarning alohida pozitsiyalari, jumladan «Azovstal»da qolgani»ni aytgandi.

Kimyoviy hujum ehtimoli
11 aprel kuni o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR xalq militsiyasi vakili Eduard Basurin «Azovstal» zavodida uch-to‘rt ming «nasiklar» yashiringani, ular zavodning qamal qilib kirib borish qiyin bo‘lgan yerosti qavatlarida joylashgani haqida aytdi va ularni «kimyoviy qo‘shin»ni ishga solgan holda haydab chiqarish mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Foto: Reuters
11 aprel kuni kechqurun «Azovstal»ni himoya qilayotgan «Azov» polki harbiylari polkning uch nafar harbiysi noma’lum moddadan zaharlangani, bu modda hududga dron orqali tashlangan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi, ammo zaharlanish holatini tasdiqlovchi dalil keltirilmadi.

Ko‘p o‘tmay Pentagondagilar kimyoviy qurol qo‘llanishi ehtimoli chuqur tashvishga solayotganini ma’lum qilishdi, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass bu hodisa jiddiy tekshirilishini ma’lum qildi.

Zelenskiy videomurojaatida G‘arbni Rossiyani kimyoviy qurol qo‘llashdan tiyish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqirdi - u bunday qurol qo‘llangani haqida gapirmadi.

Seshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi 11 aprel kuni 100 nafarga yaqin ukrain harbiylari jang orqali Mariupoldan chiqishga uringani, ammo bu urinish «barbod bo‘lgani» haqida ma’lum qildi.

Mariupol meri Vadim Boychenko Associated Press muxbiri bilan suhbatda urush boshidan buyon shaharda tinch aholi vakillarining 10 mingdan ortiq vakili qurbon bo‘lganini aytdi. «Jasadlar yerni gilam bo‘lib qoplagan», dedi mer intervyuda. Uning o‘zi shaharda emasligi, ammo Ukrainani tark etmagani ma’lum qilingan.

13 aprel kuni esa Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko CNN uchun bergan ma’lumotida, Mariupolda halok bo‘lganlar soni 20-22 ming atrofida ekanini aytdi. U bu dastlabki taxminiy hisob-kitoblar ekanini qayd etgan.

Kirilenko Mariupolga kimyoviy hujum qilingani haqidagi xabar hozircha tasdiqlanmagani va tekshirilishi davom etayotganini bildirgan.

Britaniyalik ko‘ngilli Ukraina sharqida asir tushgan bo‘lishi mumkin

Qasamyod qabul qilish chog‘idagi fotosurat. Eyden Eslin 2018 yilda Ukraina qurolli kuchlari safiga kirgandi
GETTY IMAGES

Mariupolda Ukraina qurolli kuchlari safida jang qilgan britaniyalik ko‘ngilli askarning oilasi va do‘stlari BBC bilan suhbatda ma’lum qilishicha, u Britaniyadagi yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilib, uning bo‘linmasi rossiyalik harbiylarga taslim bo‘lishga tayyorlanayotgani haqida aytgan.

Nyuarkdan bo‘lgan Eyden Eslin Ukrainaga 2018 yilda kelgan va o‘sha yili Ukraina dengiz piyodalari safida xizmat qila boshlagan. O‘tgan haftalar davomida Eydenning bo‘linmasi qamaldagi Mariupolni himoya qilishda ishtirok etgan.

Askarning onasi - Eng Vud - BBC muxbiriga o‘g‘li bilan so‘nggi telefon muloqoti haqida aytib berdi: «U menga qo‘ng‘iroq qildi va ularda kurashni davom ettirish uchun qurol qolmaganini aytdi. Men o‘z o‘g‘limni sevaman. U mening qahramonim. Ular sherlar kabi kurashishdi. Uning ovozi normal edi».

Dengiz piyodasining do‘sti Brennan Filips ham Eyden bilan qo‘ng‘iroqlashgani, u mudofaadagi harbiylarda oziq-ovqat va o‘q-dori tugagani, shuning uchun ularda asir tushishdan o‘zga chora qolmaganini aytgani haqida gapirgan.

36-brigadaning keyingi taqdiri noma’lum

Shahardagi yirik «Azovstal» zavodida qo‘nim topgan «Azov» polki kimyoviy hujumga uchragan bo‘lishi mumkin
RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov 13 aprel tongidagi brifingda Mariupolda «36-dengiz piyodalari brigadasining 1026 nafar harbiy xizmatchisi qurollarini topshirib, taslim bo‘lgani» haqida aytdi. U asir tushgan ukrain harbiy xizmatchilarining 162 nafari ofitser ekanini qo‘shimcha qildi.

Ma’lum qilinishicha, 36-dengiz piyodalari brigadasining 151 nafar yaralangan harbiysiga voqea joyida birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan, shundan so‘ng ular davolanish uchun Mariupoldagi shifoxonaga yetkazilgan.

36-brigada harbiylari asirlikka tushgani haqida Rossiya telegram-kanallari va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham xabar bergan.

Shu bilan birga 12 aprel kuni Ukrainadagi kanallarda 36-brigada qismlari qurshovdan chiqib, «Azov» polkiga qo‘shilgani haqida xabar tarqatilgan.

Ukraina rasmiylari Mariupoldagi dengiz piyodalari taqdiri bo‘yicha o‘z versiyasini bildirdi.

«Mariupolda 36-dengiz piyodalari brigadasi bo‘linmalari murakkab va juda xavfli manyovrlar orqali «Azov» polki bilan qo‘shilish uchun qurshovni yorib o‘tdi. 36-brigada qismlari jiddiy talafotdan qutulib qoldi va qo‘shimcha jiddiy imkoniyatlarga ega bo‘ldi, amalda ikkinchi imkoniyatni qo‘lga kiritdi», deya yozgan Zelenskiyning ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich.

«Shahar mudofaa tizimi o‘sdi va mustahkamlandi», deya ishonch bildirgan u.

O‘z navbatida Ukraina mudofaa vazirligi Reuters agentligi so‘roviga javoban Rossiya armiyasining Mariupolda ukrainalik harbiylar asirga tushgani haqidagi xabariga izoh berib, bunday ma’lumot yo‘qligini bildirgan.

Vaziyat keskinlashayotgan to‘rt region
Ukrainadagi eng qaqshatqich janglar ketayotgan shaharlar merlari va hududlar rahbarlari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali bo‘layotgan hodisalarni bayon qilishmoqda. Eng keskin vaziyat - Donetsk va Lugansk oblastlarining Ukraina nazoratidagi qismi, Xerson oblasti va Xarkovdagi Izyum shahri atrofi bo‘lib qolmoqda.

Dushanba kuni Xarkov oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov so‘nggi bir kundagi zarbalar oqibatida shaharda 8 kishi halok bo‘lgani (ulardan biri 13 yoshli bola), 19 kishi yaralangani, ular orasida to‘rt va to‘qqiz yoshlardagi bolalar borligi haqida xabar bergandi. Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar snaryadi 16 qavatli uyga kelib tushgan.

Lugansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday 12 aprel holatiga ko‘ra, regionda tinch aholi vakillaridan 151 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, evakuatsiya davom etmoqda, ammo oblastning 90 ming aholisi bombapanagohlarda qolmoqda.

Donetsk oblasti ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko rossiyalik harbiylar bosqini boshlanganidan buyon oblastning Ukraina nazoratidagi hududida tinch aholi vakillaridan 237 kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan, ammo RF armiyasi kirgan Mariupol va Volnovaxada halok bo‘lganlarning aniq soni ma’lum emas.

Xerson oblastining katta qismi va oblast markazi Rossiya armiyasi tomonidan ishg‘ol etilgan, ammo regionda jang davom ettirilmoqda. Seshanba tongida Ukraina bosh shtab «dushman Xerson oblastining ma’muriy chegaralarini to‘liq egallash uchun urinishlarini to‘xtatmayotgani» haqida ma’lum qildi. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi vaziyat: Mariupol oxirgi kuchlari bilan himoyalanmoqda