08:00 / 20.04.2022
1 901

Quyosh tizimidagi eng sovuq joy topildi

Quyosh tizimidagi eng sovuq joy topildi
Foto: Rrbkomar / Getty Images
Fazoda harorat o‘ta-o‘ta sovuq: Selsiy bo‘yicha -270,45 daraja atrofida. Ya’ni molekulalar to‘xtab qoladigan mutlaq nul (-273,16 C) darajadan ozgina yuqori. Biroq -270,45 daraja harorat Quyosh tizimining barcha qismlariga ham xos emas, deb yozdi «LiveScience».

Quyosh tizimining astronomlar tilida «bo‘sh» kesim deb ataluvchi qismlarida harorat juda sovuq bo‘ladi. Fazoning «bo‘sh kesim»lari butkul bo‘sh emas, faqat bu joylarda Quyosh taratuvchi energiyani yutuvchi ob’ektlar yo‘q.

O‘sha «bo‘sh fazo»ni hisobga olmaganda, Quyosh tizimidagi eng sovuq joy qayerda?

Quyosh tizimidagi eng sovuq joy

Mantiqiy zanjirlar bizni Plutonga eltadi — Quyoshdan eng olisda, demak, eng sovuq o‘sha joy bo‘lishi kerak. Biroq unday emas, eng sovuq hudud bizning Yerimiz yonginasida joylashgan.

Oyni o‘rganuvchi NASA Lunar Reconnaissance Orbiter fazoviy qurilmasidan olingan ma’lumotlar tahlili ko‘rsatishicha, Oy janubiy qutbida joylashgan kraterlar (ularni abadiy zulmatga cho‘kkan hududlar ham deyishadi) — Quyosh tizimidagi eng sovuq joy.

Arizona universiteti tadqiqotchilari Patrik O'Brayen va Sheyn Birn ham Oydagi qo‘shsoyali kraterlar Quyosh tizimidagi eng sovuq joy, degan fikrga qo‘shilishdi.

«Qo‘shsoyali kraterlar nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari, balki ikkilamchi issiqlik manbalaridan ham himoyalangan», — deyishmoqda tadqiqotchilar.

Kraterlarning gardishlari balandligi bois quyoshdan keluvchi nurlar ularning tubiga hech qachon yetib bormaydi.

Olimlarning fikricha, bu kraterlar milliardlab yillar mobaynida quyosh nurini ko‘rmagan. Ularda harorat Selsiy bo‘yicha nuldan 248,15 daraja, balki undan ham pastroq bo‘lishi mumkin. Plutonda esa o‘rtacha harorat -232,75 C ga teng.

Oy janubiy qutbidan ham sovuqroq joy maqomiga yagona da’vogar — Oorta buluti. Uzoq davriylikka ega muzlagan kometalardan iborat Oorta buluti Neptun sayyorasi orbitasidan ham ancha olisda to‘plangan. Bu bulut to‘plami Quyosh tizimiga kiradimi-yo‘qmi — masala shunda.

NASA mutaxassislari ikki xil fikrda: Oorta buluti — Quyosh tizimining eng olis ob’ekti yoki bo‘lmasa bizning tizimimizga eng yaqin qo‘shni.

Illinoys shimoli-g‘arbiy universiteti olimlari Oorta bulutida harorat nuldan 268,15 C past bo‘lishini hisoblashgan, ya’ni Oydagidan ham sovuq.

Yerga qaytadigan bo‘lsak, eng sovuq harorat Antarktidada, «Vostok» (Rossiya) tadqiqot stansiyasida qayd etilgan — 89,2 C.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Quyosh tizimidagi eng sovuq joy topildi