12:38 / 21.04.2022
1 452

Ukrainadagi urushda bo‘lib qaytgan rossiyalik jurnalist: «Omadim kelgani» haqida

Ukrainadagi urushda bo‘lib qaytgan rossiyalik jurnalist: «Omadim kelgani» haqida
Yelena Kostyuchenko Ukrainaga Rossiyaning «Novaya gazeta» muxbiri sifatida borgan edi. Uning Odessa, Xerson va Nikolayev shaharlarida tayyorlangan reportajlari ushbu gazetada senzura cheklovlari bilan e’lon qilingan. Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga rioya qilinganiga qaramay, Bosh prokuratura va «Roskomnadzor» talabi bilan matnlar o‘chirib tashlangan, «Novaya gazeta» esa o‘z ishini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

«Novaya gazeta. Yevropa» nashri uchun maxsus ravishda Yelena Kostyuchenko Ukrainadagi urushda o‘zi ko‘rgan narsalar haqida gapirib berdi.

— Ukrainadan 1 aprel kuni jo‘nab ketdim. O‘sha paytda hali boshqa narsaga chalg‘iy olmasdim, fikr-u xayolim hamon o‘sha yoqda, urushda edi. Hozir yeyishga va uxlashga harakat qilyapman.

Bir martagina, shunda ham o‘z aybim bilan dahshat ichida qolgandim. Bu voqea Xersonda bo‘lgandi. U yerda kechki sakkizdan komendantlik soati boshlanadi, lekin mashinalar undan ikki soat oldinroq yurishdan to‘xtaydi. Men esa o‘zim tunaydigan joygacha mashina chaqirishga ulgurmay qoldim. Ya’ni chaqirgandim, ammo hech kim kelmadi. Piyoda yetib olishga ulgurmasdim, yaqin yo‘ldan borish uchun daryo ustidan o‘tgan temir yo‘l ko‘prigidan yurishimga to‘g‘ri kelar edi.

Ko‘prikning bir chetidan, relsdan nariroq bo‘lgan metall to‘r ustidan yurishim kerakligini bilmagandim. Men esa shpallar ustidan yurib o‘tayotgandim, sekin-asta ular kamayib bora boshladi. Shpallar bir joyda bor, bir joyda yo‘q. Oyoq ostidagi yer esa o‘pirilib, uning tagidan o‘ttiz metrcha chuqurlikda daryo ko‘rinib turardi. O‘sha paytda dahshatga tushganman.

Men bu urushda o‘q ostida qolmadim. Ikki marta front chizig‘ini kesib o‘tdim. Ikkalasida ham omadim kelgan: qiyinchiliklarga uchraganman, deya olmayman.

Bir marta Rossiya blokpostlaridan birini aylanib o‘tganman, ular mashinani o‘qqa tutsa-ya, degan xayolga borganman, ammo unday bo‘lmagan.

2015 yilda Donbassga qilgan xizmat safarim, hayotimda birinchi marta urushga borganim bilan taqqoslasak… O‘shanda men faol jangovar harakatlar markaziga tushib qolganman. Gorlovkada ko‘p ishlaganman, u esa Ukraina armiyasi qo‘l ostida tutib turgan yarim halqada joylashgan edi. O‘sha paytda Gorlovka va Debalsevodan qay biri bardosh berib, qay biri qulashi aniq emasdi. Gorlovka faol tarzda artilleriyadan o‘qqa tutilar edi, men bir necha marta artilleriya o‘qlari yomg‘iri ostida qolganman. Bu qo‘rqinchli. Juda ko‘p qurbonlar bo‘lgandi, shu jumladan tinch aholi orasidan ham, uzilib tushgan qo‘llar, oyoqlar juda ko‘p edi — bularning barchasi yodimda.

Hozir bo‘layotgan urushda men janubiy yo‘nalishda ishladim va biror marta ham faol jangovar harakatlarga duch kelmadim, lekin Nikolayev shahri har kuni Rossiya armiyasi tomonidan o‘qqa tutilib yotibdi. U yerda [2015-yil] Gorlovkada men ishlagan paytimdagidek kuchli otishmalar bo‘lmasa-da, hozir Ukrainadagi eng dahshatli joy — bu doimiy ravishda o‘q yog‘dirilayotgan Mariupoldir. U yerga, afsuski, bora olmay qoldim, shuning uchun aytish mumkinki, bu urushdagi eng qo‘rqinchli holatni men ko‘rmadim.

Davomi bor... Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urushda bo‘lib qaytgan rossiyalik jurnalist: «Omadim kelgani» haqida