date
views 1 604

Putin «Azovstal» shturmini bekor qilishga buyruq berdi

Putin «Azovstal» shturmini bekor qilishga buyruq berdi
Foto: Kreml sayti
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mariupoldagi sanoat zonalarini shturm qilish maqsadga muvofiq emasligini aytib, uni bekor qilishni buyurdi. Bu haqda Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

«Bu biz oʻylashimiz kerak boʻlgan holat, — ya'ni, biz doimo oʻylashimiz kerak, ammo hozirgi holatda koʻproq, — askarlarimiz va ofitserlarimiz hayoti va sogʻligini. Bu sanoat ob'ektlaridagi katakombalarga (er ostidagi aylanma chalkash yoʻllar) tushib, emaklash kerak emas», — degan Putin.

«Mazkur sanoat zonasini hatto pashsha ham uchib oʻta olmaydigan qilib, bloklab qoʻying», — deya qoʻshimcha qilgan prezident.

Shoygu Putin bilan uchrashuvda «Azovstal»dan tashqari butun Mariupol rossiyalik harbiylar nazoratiga oʻtganini ma'lum qilgan. «Azovstal»da ikki ming atrofida ukrain jangchilari yashiringani, u erda shuningdek tinch aholi vakillari boʻlishi mumkinligi aytilgan. Vazir zavod hududi oʻrab olinganini qoʻshimcha qilgan.

Shoygu Ukraina armiyasining Mariupoldagi yoʻqotishlarini ma'lum qilgan: 8,1 ming harbiydan 4 mingdan ortigʻi halok boʻlgan, 1478 nafar ukrain harbiysi asir tushgan.

Uning ma'lumotiga koʻra, urush boshidan buyon Rossiya kuchlari Mariupoldan 142 ming kishini evakuatsiya qilgan. Soʻnggi kunlarda Rossiya «Azovstal»dan tinch aholi vakillari chiqishi uchun sukunat rejimi e'lon qilgan, ammo u erdan hech kim chiqmagan. «Ammo boshqa tinch fuqarolar, 100 mingdan ortiq kishi, chiqa oldi», — deya qoʻshimch qilgan vazir.

«Haligacha qurolni tashlamaganlarning barchasiga yana taklif qiling. Rossiya tomoni tegishli xalqaro huquqiy hujjatlarga muvofiq ularning hayoti omon qolishi va ularga munosib muomalada boʻlishni kafolatlaydi. Yaradorlarning barchasiga malakali tibbiy yordam koʻrsatiladi», — degan Putin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo