19:19 / 24.04.2022
1 215

«Rossiyadagi hayot — kompyuter o‘yini. Odamlar reallikka qaytishi kerak». Vladimir Zelenskiy katta matbuot anjumani o‘tkazdi

«Rossiyadagi hayot — kompyuter o‘yini. Odamlar reallikka qaytishi kerak». Vladimir Zelenskiy katta matbuot anjumani o‘tkazdi
Foto: Ukraina prezidenti ofisi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 23 aprel, shanba kuni Kiyevdagi Kreshatik markaziy metro bekatida katta matbuot anjumani o‘tkazdi. Mahalliy va xalqaro jurnalistlar ishtirokidagi anjuman qariyb ikki soat davom etdi. Meduza Zelenskiyning bayonotlaridan asosiy ma’lumotlarni taqdim qildi.

Odessaga raketa hujumi haqida

Pasxa (nasroniylar bayrami) kunlarimiz mana qanday o‘tmoqda. Bugun (23 aprel kuni) Odessaga yettita raketa uchib keldi, ikkitasini urib tushirdik. Raketa ko‘p qavatli uyga urilgan. Sakkiz kishi halok bo‘ldi, 18 yoki 20 kishi yaralandi. Uch oylik bola halok bo‘lgan. O‘sha go‘dak bir oylik vaqtida urush boshlangandi. Razillikning qo‘lansa hidi. Ularni yana nima deb atash kerak? Boshqa so‘z yo‘q. Bular Pasxa kunlarida bo‘lyapti! Ular nima haqida, qanday qadriyatlar, qanday rus dunyosi, qanday nasroniy dunyosi haqida gapirishyapti? O‘rta asrlar. Sevikli Odessaga, ular o‘zlari yaxshi ko‘rib tashrif buyuradigan «ona-Odessa»ga yettita raketa.

Urush va uning istiqbollari haqida

Bu urushni XXI asr yoki 1990 yillardagi urushlarning birortasi bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Rossiya tomonidan boshqa mustaqil davlatlar hududida olib borilgan urushlarning hech birida bunday halokat bo‘lmagan. Hech qachon bunchalik ko‘p og‘ir texnikadan foydalanish va bunday harbiy qo‘pollik — qiynoqlar, zo‘ravonliklar, zo‘rlashlar bo‘lmagan. Kelajak yo‘q qilinishidan xudo asrasin. Buni to‘xtatishda Ukrainaning ham hissasi bor – afsuski, bu ukrainaliklarning hayoti evaziga. Sizlarning mamlakatingiz (Zelenskiy bu gaplarni ozarbayjonlik jurnalistning savoliga javoban gapirgan) yanada ko‘proq yordam berishi kerak. Bizdagi «operatsiya»ni tugatishsa, ular sizning payingizga tushadi.

Mening prezident sifatidagi pozitsiyam shunday: ular egallab olayotgan hamma narsani qaytaramiz. Bu 10—20 yil masalasi bo‘lmaydi. Kerakli qurol-yarog‘ga ega bo‘lishimiz bilan biz okkupatsiya qilingan narsalarni qaytarib olamiz. Umid qilamanki, bosib olingan shaharlarni qamaldan chiqaramiz. Ammo hozir bunga tayyor emasmiz. Mariupoldagi «Azovstal»ni himoya qilayotgan yigitlar, ularning komandirlari buni tushunib turibdi.

Ukrainani kuch va bunday g‘ayriinsoniylik bilan mag‘lub etib bo‘lmaydi. Ular bizni nima qilishadi? Ular Kiyev viloyatida nima qilgan bo‘lishi mumkin? Hamma ulardan nafratlanadi. Bir paytlar natsistlar Yevropani bosib olishgan. Ular nimaga erishdi? Odamlar ularni yaxshi ko‘rdimi? Yo‘q. Ular boyib ketishdimi? Yo‘q, vaholanki ular butun Yevropani talon-taroj qilgandi. Ular faqat bir narsaga erishdi: jinoyatlarda ishtirok etmagan nemislarning butun keyingi avlodlari o‘zlarini tarix uchun aybdor his qiladi.

Foto: Reuters
Xalqaro tribunal haqida

Ishonchim komilki, odamlar va bolalarni yo‘q qilishga buyruq berganlarning hammasi sudga tortiladi. Bu yillarni talab qilishi mumkin, lekin biz kutamiz. Biz kutmasak, bolalarimiz kutishadi. Bu tribunal qanday nomlanishi muhim emas. Asosiysi, qancha odamga uzoq yillar panjara ortidan joy ajratilishi.

Ukraina va ukrainaliklar haqida

Menimcha, ko‘pchilik ukrainaliklar mudofaa nuqtai nazaridan Isroilga o‘xshash davlatda yashashga tayyor. Boshqa tanlovimiz yo‘q. Biz allaqachon shunday davlatga aylanganmiz. Bu jang qilishni anglatmaydi, bu bizda eng kuchli va tajribali armiya bo‘lishini anglatadi.

Odatda bobo va buvilarga uzoq umr, sog‘lik tilardik. Farzandlarga ham uzoq umr va salomatlik tilaydigan vaqt keladi, deb o‘ylamagan ekanman. Men hammaga imkon qadar o‘z farzandiga g‘amxo‘rlik qilishini tilayman. Farzandlaridan ayrilgan har bir kishining dardiga sherikman.

Ukraina urushda g‘alaba qozonish uchun hamma narsani qildi, deb o‘ylayman. Biz birlashganmiz va asosiysi bu birlik urush tugaguniga qadar va urushdan keyin ham saqlanib qolishi kerak. «Kuch» so‘zi jamiyatda ko‘ngilni aynitadigan refleks keltirib chiqarmayapti. Men esa bundan faxrlanaman. Birlashish bizning asosiy qurolimizdir. Harbiylar, milliy gvardiyalar, chegara qo‘shinlari, turli darajadagi hokimiyatlarni birlashtirish. Media-resursni birlashtirish, ommaviy axborot vositalari bugungi kunda ikkinchi kuchdir. Yevropadagilar menga ularda hali hech qachon bunchalik birlik kuzatilmaganini aytmoqda.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi
Xorijiy davlat rahbarlarining Kiyev va Moskvaga tashriflari haqida

Biz ayanchli selfilar tushadigan mamlakat emasmiz. Biz urush domidamiz. Keling, lekin biz sizdan so‘ragan yordam bilan keling. Biz hech kimdan o‘zida yo‘q narsani so‘ramaymiz. Germaniyaga aytyapmiz: sizda hozir o‘zingizga zarur bo‘lmagan narsa bor, lekin u bizga kerak, chunki bizda urush ketyapti.

(Xuddi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish kabi) avval Rossiyaga, keyin Ukrainaga kelishni xato deb bilaman. Nima uchun? Bizga Rossiyadan signal yuborish uchunmi? Ko‘radigan nima bor u yerda? Jasadlar Kutuzovskiy prospektida (Moskva) yotgani yo‘q. Menimcha, avval Ukrainaga kelib, bu yerni ko‘zdan kechirib, keyin Rossiyaga borish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Agar gap siyosiy turizm haqida emas, balki yordam haqida ketayotgan bo‘lsa, albatta.

Rossiya bilan muzokaralar haqida

Men Vladimir Putin bilan muzokaralar tarafdoriman, chunki urushni boshlagan kishi uni tugatishi mumkinligiga ishonaman. Men urushni tugatmoqchiman. Diplomatik yo‘l bor, harbiy yo‘l bor. Har qanday sog‘lom odam diplomatik yo‘lni tanlaydi, chunki u minglab, balki millionlab odamlarning hayotini saqlab qolishi mumkin. Rahbar o‘z xohishi bilan diplomatik yo‘ldan voz kechishga haqli emas.

Mariupoldagi xalqimiz yo‘q qilinsa, soxta respublikalarda soxta referendum e’lon qilinsa, Ukraina muzokaralardan chiqadi. Bu muzokarachilarning barcha uchrashuvlari yolg‘onga asoslangani va juda yomon aktyorlar rol o‘ynagan teatr sahnasi ekanini anglatadi.

Putinga faqat Ukraina prezidenti sifatida savollarim bor. Ular hududiy yaxlitlik masalalari haqida. Bizning Donbassimiz, Qrimimiz buyog‘iga qanday yashaydi. Suhbat mazmunli, deyarli emotsiyali bo‘lgan bo‘lardi, harqalay hozir meni ko‘rib turganingizdek — hamma narsa bo‘lishi mumkin.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi
Rossiya haqida

Mustaqilligimiz avval boshdanoq faqat biz uchun – sivilizatsiyalashgan dunyo uchun muhim edi. Bizni Rossiyada hukumat darajasida hurmat qilishmasdi, jamiyatning katta qismi esa bizni mustaqil davlat deb hisoblamaydi, ular bizning mustaqillikka, demak, yashashga haqqimiz borligiga ishonmaydi.

Tarix kitoblarida yangi so‘z paydo bo‘lmoqda — «rashizm». Bu so‘z yangi, ammo mazmuni 80 yil oldingi (Ikkinchi jahon urushi davridagi) kabi. Shu 80 yil davomida qit’amizda bunday vahshiyliklar bo‘lmagan. Maktablarda kichkina bolalar o‘rnidan turib, o‘qituvchilarga rashizm va bu dahshatli tushunchaga qarshi ozodlik uchun kurashda kim g‘alaba qozongani haqida dars aytib bermoqda.

Rossiya Turkiyadagi muzokaralar ortidan bildirilgan bayonotga dastlab ijobiy munosabat bildirgandi, keyin esa mamlakat ichidan yuqori darajadagi tanqidlarni eshitgan. Ma’lum bo‘lishicha, u yerdagi rasmiylar odamlarning miyasini shunchalik yuvganki, Rossiyaning o‘zi ham buni kutmagan. O‘ylaymanki, Ukrainaga bo‘lgan nafrat darajasidan o‘zlari ham hayratda qolgan.

Rossiya Federatsiyasidagi hayot — bu kompyuter o‘yini, bu virtual voqelik. Nima bo‘layotganini bilmoqchi bo‘lgan odamlar undan chiqishi, 3D ko‘zoynaklarni yechishi, reallikka, go‘zal sivilizatsiya dunyosiga qaytishi kerak. Aynan yadro quroli sohasida yetakchi bo‘lish shart emas – siz «aytishniklar» soni bo‘yicha yetakchi bo‘lishingiz mumkin. Saraton kasalligiga davo topishingiz mumkin. Ularda pullarini va salohiyatini sarflash zarur bo‘lgan joy bor. U yerda iqtidorli odamlar bor.

Rossiyada (urushga) norozilik bildirganlar unchalik ko‘p emas, afsuski. Ammo shu ozchilik bir kun kelib ushbu informatsion devorni yorib o‘tishimizga hissa qo‘shadi. Biz ularning qadamlarini ko‘ryapmiz. Ular aytadigan so‘zlar katta ahamiyatga ega — so‘zlar kuchli ta’sir o‘tkaza oladi, shuning uchun hukumat ulardan qo‘rqadi. Men ularga faqat sihat-salomatlik tilayman, chunki panjara ortida ularning holi ne kechishini tasavvur qilaman. Ular — Rossiyani qutqarishga hissa qo‘shgan odamlar. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Rossiyadagi hayot — kompyuter o‘yini. Odamlar reallikka qaytishi kerak». Vladimir Zelenskiy katta matbuot anjumani o‘tkazdi