Bugun ayrimlar normal holat hisoblaydigan, aslida ko‘plab kasalliklarning asosiy sababchisi bo‘lgan semizlik rivojlangan mamlakatlarda katta tibbiy ijtimoiy muammoga aylandi, deb yozadi Hilol.uz nashri. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh aholisi orasida semizlik 20 foizni tashkil qilsa, Evropa mamlakatlari (Angliya, Fransiya, Germaniya)da bu raqamni 20-30 foizni tashkil etmoqda. Rossiyada o‘tkazilgan oxirgi tekshirishlar mamlakatda bu raqamni 26 foizga teng, deb topdi. Bu xastalik yurtimizga ham begona bo‘lmay, boshqa joylarda bo‘lgani kabi bizda ham kattalar qatori bolalar o‘rtasida semizlik uchramoqda.
Semizlikni vujudga keltiruvchi omillar nimalardan iborat? Ortiqcha vazn va semizlikning salomatlikka ta’siri, asoratlari qanday? Unga qarshi qanday kurashish mumkin? Bu haqda Qashqadaryo viloyat endokrinologiya dispanseri bosh vrachi o‘rinbosari, oliy toifali shifokor Anvar ARALOV shunday deydi:
– Shifokorlar semizlikni asosan 3 turga ajratib o‘rganadi. Bularning birinchisi birlamchi, ya’ni ekzogen-konstitusional semizlik. Bu holat zamirida kamharakatlik – gipodinamiya, me’yoridan ortiq ovqatlanish va nasliy beriluvchanlik yotadi. Ikkilamchi semizlik turli endokrin kasalliklar oqibatida yuzaga kelsa, keyingi holatda semizlik irsiy genetik kasalliklar natijasida ro‘y beradi.
Inson tanasida ortiqcha vazn ko‘paygani sayin ichki a’zolar faoliyati qiyinlashib boraveradi. Masalan, yurak qon haydashga, jigar zaharlarni tozalashga, endokrin bezlar esa organizmni kerakli miqdordagi gormonlar bilan ta’minlashga qiynaladi. Ortiqcha vazn va semizlik salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatib, bir qator surunkali kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan,
Yurak bilan bog‘liq kasalliklar
Ayrim hollarda kimningdir yuragini yog‘ bosibdi, nafas olishi qiyinlashibdi, degan gaplar qulog‘imizga chalinadi. Semiz odamning terlab, nafasi tiqilib zo‘rg‘a ketayotganiga ham tez-tez guvoh bo‘lamiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, semiz odamlarda yurak ishemiya kasalligi ko‘p uchraydi. Bunday bemorlar ko‘pincha o‘rta va keksa yoshda, semirib ketgan, tomirlari aterosklerozga uchragan va qon bosimi yuqori bo‘ladi.
Semizlikda yog‘ to‘qimasi ayniqsa o‘ng qorincha va yurak uchida ko‘payib ketadi. Yurak mushak tolalari orasida ko‘plab yog‘ saqlovchi hujayralar ham paydo bo‘ladi. Miokardda bo‘lgan yog‘ zaxira deposi yurak umumiy og‘irligining 50-60 foizini tashkil qiladi. Natijada yurak devorlarini yog‘ bosib qolgani uchun u ko‘p ishlashga majbur bo‘ladi va shu tufayli kengayadi, ya’ni gipertrofiya holatiga duchor bo‘ladi.
Qandli diabet
Semiz odamlarda diabet kasalligi ancha kech aniqlanadi, chunki bu kasallik simptomsiz, yashirin holda kechadi. Haddan ziyod semiz odamlarning 70 foizida diabet bo‘ladi, jins tomondan ayollarda ko‘p uchraydi.
Ilmiy o‘rganishlar mamlakatimizda voyaga etgan aholi o‘rtasida qandli diabet 2 foizni tashkil etishini ko‘rsatdi. Buning uchun barcha viloyatlarda aholi o‘rtasida glyukozaga chidamlilik testi o‘tkazildi. Mazkur jarayonda bir stakan iliq suvga 75 gramm glyukoza qo‘shib ko‘rikdan o‘tayotgan odamlarga ichirildi. 1-2 soatdan so‘ng qondagi qand miqdori tekshirildi. Tadqiqot natijasida semiz odamlarda qandli diabetning uchrashi normal vaznga ega bo‘lganlarga qaraganda 4-5 barobar ko‘p ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Barcha semiz odamlarda vaqti-vaqti bilan qondagi glyukoza miqdorini tekshirib turish kerak. U me’yorda chiqsa-da, ammo tez-tez peshobga chiqish, ko‘p eyish, lablarning qurib qolishi, chanqov - bu bemorda diabet belgilari borligidan dalolat. Mazkur holatlarda dastlab glyukozaga chidamlilik testi o‘tkaziladi, so‘ng albatta endokrinolog shifokorga maslahat uchun uchrashish kerak.
Semizlik va jigar
Semiz odamlarda jigar hajmi kattalashadi. Yog‘ qatlami jigar ustida bo‘ladi va uning to‘qimalariga kirib boradi. Jigar hujayralari, ya’ni gepatositlar ichida yog‘ to‘planishi kuzatiladi. Bunday o‘zgarishlar funksional va orqaga qaytmas holatda bo‘ladi. Mazkur strukturaviy va funksional o‘zgarishlar umumiy xolesterin miqdorining qonda ko‘tarilishiga olib keladi. Bu holat ultratovush tekshiruvi (UTT)da ham ko‘p bemorlarda tasdiqlanadi.
Nima uchun semiramiz?
Semizlik avvalo irsiyat bilan bog‘liq. Ota-onasidan shunday genni olgan avlodda bu qonuniyat o‘z kuchini ko‘rsataveradi. Gen hech qachon informasiyani yo‘qotmaydi, faqat bu belgilarning namoyon bo‘lish payti va omilini inson o‘z hayot tarzi orqali belgilaydi. Xalqimizda “Suv ichsa ham semiradi” degan gap yuradi. Bu jarayonning asosida gendagi axborotning uyg‘onishi turadi.
Navbatdagi omil – noto‘g‘ri ovqatlanish
Ovqatlanish tartibi va qoidalarining buzilishi semizlik kelib chiqishida katta rol o‘ynaydi. Kaloriyasi baland mahsulotlarni iste’mol qilgandan so‘ng uning hazmi masalasiga ham e’tibor qaratish kerak. Ammo aksariyat hollarda buning aksini qilamiz. O‘zbek xonadonlarida kechki ovqatga palov, qovurdoq, xamirli taomlar tayyorlanadi va ko‘pincha soat 19.00 dan keyin dasturxonga tortiladi. Taom iste’molidan so‘ng biroz televizor ko‘rib, uxlashga kiramiz. Oshqozonga tushib, harakatsizlikdan achiy boshlagan ovqat tanaga kuch-quvvat bo‘lmaydi, aksincha, hujayralarga kislorod tashib darmon bo‘lish o‘rniga ularning “qotili”ga aylanadi.
Kamharakatlik ham vazn oshishiga sabab bo‘ladi. Sog‘lom tanada hamma narsa balansda bo‘lishi kerak. Ozuqaviy miqdor bilan organizmning energiya sarfi bir-biriga to‘g‘ri kelganda, ortiqcha vazn muammosi ham bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, jins, yoshning o‘tishi, kasb-kor, homiladorlik, ruhiy omillar ham semirishga turtki bo‘lishi mumkin. Ammo bu jarayonni oqilona boshqarish shaxsning o‘ziga bog‘liq. Holbuki, faqat serharakatlik, jismoniy faollik, turli xil jismoniy faoliyat turlari bilan mashg‘ul bo‘lish orqali har bir kishi o‘z salomatligini saqlashi mumkin. “Uzoq umr ko‘ray desang, ko‘proq harakat qil”, degan maqol ham bejiz aytilmagan.
Kichkintoy semiz bo‘lsa…
Ma’lumki, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ilk qadamlarni qo‘yayotgan kichkintoyga tengqurlaridan tashqi ko‘rinishi bilan bog‘liq turli laqablarni eshitish yoqmasligi tayin. Hammadan boshqacha, xususan semiz bo‘lgani uchun turtkilashlari, mazax qilishlari bola ruhiyatida o‘zgarishlar yasab, bu uning yuragida bir umr qolib ketishi mumkin. Odatda semizlikdan aziyat chekayotgan bolakayda o‘zidan qoniqmaslik hissi paydo bo‘ladi, buning ortidan esa odamlar orasiga kirishishda xavotir, cho‘chish, asabiylik hamda atrofdagilardan o‘zini olib qochish kabi odatlar yuzaga kelish ehtimoli yuqori. Shu sababli har bir ota-ona farzandlari sevib eydigan shirinlik, konfet, shokolad, fastfud, pop-korn va shu kabi shirin ta’mli mahsulotlarda haddan ortiq kaloriyalar bo‘lishini inobatga olishlari lozim.
Semiz o‘smirlarda ham xuddi kattalar singari semizlikning turli asoratlari: yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, dislipidimiya, qandli diabet, jigar-o‘t yo‘li xastaliklari (jigarning yog‘ bosishi), suyak-tayanch tizimi, jinsiy tizim va qator surunkali kasalliklar kuzatiladi. Oqibatda o‘smirlar o‘rtasida erta nogironlik holatlari qayd etiladi.
Televizor, kompyuter qarshisida ko‘p o‘tirish ham semizlikni yuzaga keltiradi. “Chillak”, “o‘rtaga tushar”, “oq terakmi-ko‘k terak”, “bekinmachoq” kabi harakat talab etadigan o‘yinlarni zamonaviy bolalar deyarli bilishmaydi. Hozir ularga planshet hamda ayfondagi o‘yinlar, kompyuterdagi otishmalar qiziq. Bundan tashqari, ko‘pgina ota-onalarning ham kamharkatligi farzandlariga yaqqol “namuna” bo‘lmoqda. Axir o‘zimiz sport bilan shug‘ullanmaganimizdan so‘ng, buni bolamizdan qanday talab qilamiz?!
Vazningiz kammi yoki ortiqcha?
Mutaxassislar odamda vazn etishmovchiligi yoki semizlikni aniqlash uchun maxsus formuladan foydalanadilar. Buni hisoblash uchun butun dunyoda Tana og‘irligi ko‘rsatkichi (TOK) qabul qilingan. Quyidagi formula yordamida vazningiz ko‘p yoki kamligini bilib olishingiz mumkin: TOK1 = vazn (kg) : bo‘y (m)2 JSST tavsiyalariga ko‘ra, TOK ko‘rsatkichlarini quyidagicha talqin qilish mumkin: 16 va undan kam – tana og‘irligi o‘ta defisit, 16-18,5 – vazn etishmasligi, 18,5-24,99 – me’yor, 25-30 – ortiqcha vazn, 30-35 – semizlikning 1-, 35-40 – 2-, 40 va undan ortiq – 3-darajasi.
Aytaylik, vazningiz 90 kg, bo‘yingiz 1,68 m. Demak, TOK = 90 : (1,68 x 1,68) = 31,9. Ko‘rinib turibdiki, siz I darajali semizlikka chalingansiz.
Semizlikka qarshi kurashish usullari
Ko‘pchilik xotin-qizlar semizlikka qarshi kurashning eng oson yo‘li kam ovqat eyish yoki och yurish deb o‘ylashadi. Bu xato tushuncha. Chunki uzoq yillar davomida olib borilgan ilmiy tekshirishlar ko‘rsatishicha, tartibsiz och yurish natijasida kishining jigari va yurak faoliyatiga katta zarar etadi. Shuning uchun bu davo usuli tibbiyotda qo‘llanilmaydi.
Eng yaxshi samarali davo usuli kaloriyasi cheklangan ovqat rasionini qo‘llashdan iboratdir. Iste’mol qilinadigan ovqat kaloriyasi, ya’ni quvvati, energetik qiymati ancha past (1800-2000 kkal) bo‘lishi lozim. Shundagina organizmdagi yog‘lar parchalanib, ortiqcha og‘irlik yo‘qola boshlaydi. Taom tarkibida uglevodlar kam, oqsil va vitaminlar ko‘p bo‘lishi uchun, uni doimiy ravishda o‘simlik yog‘ida pishirgan ma’qul. Har kuni ovqat oldidan turli salatlar eyilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda oshqozon to‘lib, qorin ochligi yo‘qoladi. Haftada 2 marta ozish kunlarini uyushtirish kerak. Bu kunlarda olma, qovoq, bodring, sabzini xomligicha eyish tavsiya qilinadi.
Ertalabki badantarbiya va jismoniy mehnatning biror turi bilan doimiy ravishda shug‘ullanish ham maqsadga muvofiq. Uzoq vaqt piyoda yurish ham tana vaznini me’yorida saqlash uchun yaxshi samara beradi.
Semizlik tana uchun hamisha ortiqcha yuk, aql uchun keraksiz tashvish. Shuning uchun semizlikni qo‘y ko‘taradi, deyishadi. Bu muammodan qutulishning yagona chorasi shu lahzadanoq unga qarshi kurashishdan iborat. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi