07:06 / 28.06.2017
24 238

Boyish uchun nima qilish kerak?...

Boyish uchun nima qilish kerak?...Pul o‘zi nima?
Deyarli har kuni nimadir sotib olamiz yoki biror-bir xizmatdan foydalanamiz. Bularning bariga pul vositasida “javob qaytaramiz”, hisob-kitob qilamiz. Bugungi dunyo pulsiz yashay olmaydi. Iqtisodiyotning jontomirlaridan biri puldir. Biroq sobiq sho‘ro davrida shaxsiy mulkka, boylikka salbiy munosabatda bo‘lindi. Pul faqat yomonliklar manbai sifatida talqin qilindi. Natijada odamlarda xususiy mulkka qarash o‘zgardi, tashabbuskorlik so‘ndi, bu narsa ularning ruhiga, ongiga singdi. Bozor iqtisodiyoti esa bu tushunchalarni chirpirak qilib yubordi, odamlarda egalik hissi uyg‘ondi. Rivojlangan dunyo kishisi uchun pul o‘ziga ishonch, erkinlik asosidir. Ammo moddiyat inson va jamiyat hayotida qanchalik muhim joy egallamasin, ma’naviy qadriyatlarning o‘rnini bosa olmaydi. Moddiyat ma’naviyatdan ustun kelganda pul yomonliklar manbaiga aylanadi.

Boylik orttirish hayotining bosh g‘oyasi bo‘lib qolgan odam yo‘lini, o‘zanini yo‘qotishi, umrini elga sovurib, tirik­likning lazzat-farog‘atini his qilmay o‘tishi aniq. Ba’zan tirikchilik tashvishlariga o‘ralib qolgan chog‘larimda Navoiy boboning “Siym naqdi tushsa lekin umr naqdi siyg‘olur” degan misrasi yodimga keladi. Qarang, “umr o‘tib ketadi” emas, “siyg‘oladi”. Muzda sirpanib ko‘rganmisiz? O‘zgacha zavqi bor, lekin boshqaruvni, muvozanatni yo‘qotib qo‘yish juda oson. Boylik ketidan quvganda ham haqiqiy boyligimiz – umrimiz sirg‘alib ketishi hech gap emas. Yoki butun umr tilla tanga yig‘ib, to‘niga tikkan, yuz-qo‘lini yuvmoqchi bo‘lganida anhorga tushib ketib, cho‘kib o‘lgan kishi haqidagi hikoyat ham mol-davlat umr mazmuniga aylanmasligi zarurligi haqida so‘zlaydi. Umuman, mumtoz adabiyotimiz, milliy qadriyatlarimizda boylikning o‘rni va ahamiyati, unga munosabat aniq-tiniq ifodasini topgan. Sharq donishmandlari pul maqsad emas, vosita bo‘lishi zarurligini uqtiradi.

“Olma pish, og‘zimga tush” qabilida yashash, boshqalarning marhamatiga ko‘z tikib kun o‘tkazish ham insonlik sha’niga to‘g‘ri kelmaydi. Odamzod hech qachon yukini o‘zgalarga tashlamasligi, boshqalarni malollantirmasligi kerak. Buning uchun esa iqtisodiy mustaqil bo‘lishi zarur.

Suv qattiq joyda turadi

Boy-badavlat, o‘ziga to‘q bo‘lganga nima etsin! O‘zidan tinchigan odamgina boshqalarga yordam qo‘lini cho‘za oladi-da. Xo‘sh, boylik qanday yig‘iladi? Ko‘p ishlash, ko‘p pul topish bilangina boyib bo‘lmaydi. Ko‘pni ko‘rganlar buning uchun birinchi navbatda sarflashni o‘rganish zarurligini uqtiradi. Bu ko‘nikma oilada shakllanadi. Oila byudjetini rejalashtirish, savdo-sotiq qilish borasida bilim-tajribaga ega bo‘lgan bola mustaqil hayotda qiynalmaydi. Hayotiy bir misol. Uylanib, bola-chaqali bo‘lganda ham bozor qilish nari tursin, bir kilo go‘shtni eplab ololmagan kishilarni ko‘rganmiz. Nega bunday? Sababi aniq – ota-ona savdo madaniyatini o‘rgatmagan, har narsaga o‘zlari yuguravergan.

Xalqimizda “Arzimasa arzonga ham olma”, “Bozori yaqin boyimas” kabi maqollar bor. Bu kabi hikmatlar keraksiz xarid­lardan cheklanishga o‘rgatadi. Bir mutafakkir aytganiday, keraksiz narsalarni sotib olavergan odam bir kuni kerakli narsalarini sotishga majbur bo‘ladi. Tejamkorlik – boylikning poydevori. Chiqimlarini nazorat qila olmaslik boshqaruvni qo‘ldan boy berish demakdir. Ammo tejamkorlik bilan mumsiklikni farqlab olish ham zarur. Pul jamg‘arish uchungina topilmaydi, u hayotiy ehtiyojlarni qondirishga xizmat qilishi kerak. Eb-ichmay, o‘ziga e’tibor bermay bedavo bir kasallik orttirgan kishiga pullari yordam bera oladimi?

Kirim kalitlari

Inglizlarda “Ta’limga sarflangan pul beiz ketmaydi” degan maqol bor. Haqiqatan, biror kasb-hunarni o‘rganishga ketgan mablag‘ tez orada mevalarini beradi. Sarf-xarajatning o‘rni tez qoplanib, foyda kela boshlaydi. Umuman, daromadlarni maqsadli, rejali ishlatish qo‘lda pul to‘planishiga yordam beradi. Moddiy jihatdan qiynalib qolish, qarzga botish, tushkunlikka tushish kabi noxush vaziyatlardan ham asraydi.

Ko‘p ishlash ko‘p pul topish degani emas. Odam o‘zi qiziqqan sohada mehnat qilishi kerak. Shundagina ishi unadi, e’tiborga tushadi. O‘z kasbining ustasi bo‘lgan kishi esa yaxshi daromad oladi.

Dunyo olimlarining fikricha, boshqalarga yordam beradigan, saxiy kishilar tez boyir ekan. Bu xulosa hayotda isbotini juda ko‘p bor topgan. Boy-badavlat kishilarning hayot yo‘liga nazar tashlasangiz, bunga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz. Masalan, hazrat Navoiyni olaylik. Juda katta boylikka ega bo‘lgan, ulug‘ amir lavozimigacha ko‘tarilgan bu zot xayr-saxovat ishlari bilan muntazam shug‘ullangan. Bundan esa mol-davlati kamaymagan, aksincha, ko‘payib borgan. Gohida o‘ylab qolaman, agar Navoiy bobo ijod bilan shug‘ullanmaganida ham, ana shu ezgu ishlari tufayli tarixda o‘chmas iz qoldirgan bo‘lar edi.

Engil kelgan yengil ketadi

Bu holatni balki o‘z hayotingizda ham kuzatgan bo‘lsangiz kerak. Kutilmagan joydan qo‘lingizga pul tushib qoldi, deylik. Qanday oson kelgan bo‘lsa, shunday oson joyini topadi. Unga ortiqcha qayg‘urmaysiz ham, asrash yoki birorta muhim xarajatga sarflashni o‘ylamaysiz ham. Agar boshqa daromadlaringiz ham jiddiy mehnatsiz, jon koyitmasdan topilayotgan bo‘lsa, bu narsa fe’l-atvoringizga, turmush tarzingizga ta’sir qilishi tabiiy. Engil hayotga, o‘ylamay sarflashga o‘raganasiz. Shu bois ham Sharq donishmand­ligida peshona teri bilan rizq topish targ‘ib etiladi. Shu sababli ulug‘ avliyolar, olim va shoirlar ham kasb-korga ega bo‘lganlar.

Baraka topay desangiz…

Pul haqida gap ketganda baraka mavzusini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Milliy qadriyatlarimizdan oziqlangan bu tushuncha halol mehnat bilan rizq terish, topganimizni yaxshi yo‘lda sarflash, birovni norozi qilmaslik kabilarga o‘rgatadi. Qing‘irlik, g‘irromlik bilan topilgan molda baraka bo‘lmaydi. Ota-bobolarimiz ming yillardan beri ana shu oltin qoidaga amal qilib kelgan. Bozorda savdolashib, bir narxga kelishib, oldi-berdi qilingach, xaridor ham, sotuvchi ham: “Yaxshi kunlarga ishlating, barakasini bersin!” deb niyat bildiradi. Bu gap rozi-rizoliknigina anglatmaydi, u o‘zaro mehr-oqibat paydo bo‘lishiga ham xizmat qiladi.

Pul barakali bo‘lishining shartlaridan biri savdolashishdir. Aytilgan narxga olib ketaverish cho‘ntakka zarar etkazishdan tashqari boshqalarning haqqiga xiyonat qilish hamdir. Chunki siz qimmat narxga olsangiz, sotuvchi keyingi xaridorga ham ana shu narxga sotishga harakat qiladi, bu bahoni bozor ko‘tarar ekan degan xulosaga kelib qoladi.

Boyish uchun nima qilish kerak?

Yuqorida boyishga asos bo‘ladigan sabablarning bir nechtasi haqida to‘xtaldik. Qolganlarini muxtasar keltirib o‘tamiz. Bu fikrlarning aksariyati dunyo psixologlarining ko‘pyillik izlanishlari orqali isbotlangan.

Oldingizga aniq maqsad qo‘ying va unga erishish uchun bor kuchingiz bilan harakat qiling. Shunda pul topishingiz, tejashingiz oson bo‘ladi.

Chiqimlaringiz ro‘yxatini tuzing. Kunlik, haftalik, oylik, yillik. Shunda oilaviy yoki shaxsiy byudjetingizni tasavvur qila olasiz. Xarajatlarni belgilangan chegaradan oshirmang. Amaldagi chiqimlar bilan rejalarni solishtirib turing.

Pulingizni tejashni iloji boricha ertaroq boshlang.

Biror narsa xarid qilishdan oldin uning narx-navosini tanish-bilish­lardan yoki internet saytlaridan aniqlab oling. Eng yaxshisi – tanishlardan so‘rash. Ular mahsulotning sifati haqida ham xolis fikr ayta oladi.

Shaxsiy biznesi­ngizni yo‘lga qo‘ying. Kirim imkoniyatlaringiz birgina manba bilan cheklanib qolmasin.

Yangi lavozimga ko‘tarilsangiz-u, maoshi­ngizda o‘zgarish bo‘lmasa yoki mehnatimga nisbatan kam haq olyapman deb hisoblasangiz, boshliq bilan oyligingizni oshirish masalasida gaplashib ko‘ring.

Pul bu – energiya. U doimiy harakatda bo‘lishi kerak. Yo‘qsa, o‘lik sarmoyaga aylanib, qadri va kuchini yo‘qotib boradi.

Qarzingiz bo‘lsa, tezda qutuling. U birovning puli. Elkada yuk bilan yashash yaxshi pul topishingizga xalal beradi.

Oddiylikka intiling. Qimmatbaho kiyimlar, ortiqcha buyumlar, zeb-ziynatlar cho‘ntakka katta zarar etkazadi.

Xatolardan saboq chiqaring. Shaxsiy biznesi­ngizda omadsizlikka uchrasangiz, qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urmang. Nimalarda yanglishganingizni anglab, hammasini boshidan boshlang.

O‘zingiz uddalaydigan ish va xizmatlar uchun pul sarflamang.

“Mening qo‘limdan kelmaydi”, “Biz bir faqir odammiz” kabi iboralarni ishlatmang. Ko‘nglingizda ham, tilingizda ham ijobiy fikrlar qaror topsin. Niyat sifatida shakllangan fikr amalga oshadi. O‘zingizga ishoning.

Sport, salomatlik va dam olish uchun vaqt ajrating. Sog‘likning yomonlashishi daromadlaringiz kamayishi va chiqimlaringiz ortishiga sabab bo‘ladi.

Boshqalarga yordam, do‘stlik, mehr-oqibat va ijodkorlik kishiga katta kuch beradi. Bunday kuchga ega kishining maqsadga erishishi oson kechadi.

Shukr qiling. Noshukrlik baraka va omadni ketkazadi.

Nima puldan qadrliroq?

Nega “Pul – qo‘lning kiri” deyishadi? Nima, u kir, chirkin narsami? Yo‘q, bu maqolning ma’nosi boshqacha. Kishining eng tez kir bo‘ladigan va eng ko‘p yuviladigan a’zosi – qo‘li. Qo‘ldagi kir ko‘p turmaydi. Pul ham shunday: keladi, ketadi. Sen ana shu vaqtinchalik, omonat narsaga ishonib qolma, dunyoda undan qimmatliroq narsalar ham bor, degan ma’no chiqadi maqoldan. Maxtumqulining mashhur bir she’rida “Boy bo‘lay deb izzatingdan ayrilma” degan misra bor. Haqiqatan, insonning or-nomusi, qadr-qimmati har qanday boylikdan ustun. Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin: oila, yaqinlar, umr, salomatlik va hokazo. Eng muhimi, bobolar uqtirgan hikmatni unutmasak bas: pul maqsad emas, bir vosita, xolos. U erkin va farovon hayot, ezguliklar uchun xizmat qilishi kerak.

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Boyish uchun nima qilish kerak?...