01:31 / 08.03.2018
5 386

Ming martaba

Ming martaba
Senga ming-ming ofarin, hamdu sano ming martaba,
Bo‘ldi bir so‘zdan suvo bor mosuvo ming martaba.

Aylading yo‘qlikni bor, ham ruhi-jon etding ato,
Kim, hayotning gavharin etding bino ming martaba.

Bo‘ldi sad Iskandariy, behaddi-had payg‘ambariy,
Sad sifat, ey sarvariy, sendin ato ming martaba.

Jonlimu, bejonlimu, sendan – karam, bizdan – duo,
Aylading olamni yo‘qdin ibtido ming martaba.

Bandadek “mavjud”u bevujudlaring beintiho,
Barchasidin muddaoying – iqtido ming martaba.

Har nimarsa Sendan-u, Sendek emasdur mutlaqo –
Chun, baqodin zarradek o‘tkay fano ming martaba.

Sen yaratding ishqni ham, odamni ham, olamni ham,
Vasli vosil aylading, qilding judo ming martaba.

Necha ayru tushsa taqdir qilg‘oning ko‘rgay mudom,
Evrilib charx girdidin qaytgay Sango ming martaba.

Istadim ilhomi g‘ayb – kutdim o‘zingdin marhabo,
Istading – qoshimga keldi mohliqo ming martaba.

Voqian takrorlaring – yolg‘iz O‘zingning xohishing,
Xohlasang, voqe bo‘lur yeru samo ming martaba.

Istading – ming-ming duolarni qabul qilding O‘zing,
Istagaymen boz Senga yetsin duo ming martaba.

Et qabul shukronayu toatlarimni, ey Xudo,
Aylagay Hotam quling ham iltijo ming martaba...
Elmurod Hotam

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ming martaba