Uch kunlik kelinchak o‘choq boshida kuymalanib yurarkan, O‘rinboy sinchi unga tikildi. Xayriyat, qozon qaynatmoqchi. Nima qilarkin, qachon pisharkin? Qorin tatalab ketdi-ku. Ayvondan turib keliniga qichqirdi:
— Oysha qizim, kech bo‘lganda nima tashvish?
— Osh, — dedi iymanib kelinchak va ko‘ngli qaynotasining «qizim»lashidan allanechuk to‘lqinlandi.
Kelinning harakatlaridan mamnun bo‘lgan bobo yordamga o‘tdi va talaygina qizil sabzi archib, somoncha qilib to‘g‘radi. Donalab kurmak terib o‘tirgan Oyshaning qo‘lidan laganni olib guruch tozaladi, keyin babaq xo‘rozga don, oqishoq sochdi.
Bu payt Oysha berilib ustuxon qovurar, zig‘ir moy hidi atrofga tarqalib ishtahani qitiqlardi. Achimsiq tutun hididanmi, piyozning achchig‘igami kelinning uzun kipriklari namlangan, o‘ng kaftiga yog‘ sachrab kuygandi.
— Bolam, devzirani ivitib qo‘ydim.
Oysha o‘girilib qaynotasining qo‘liga qaradi-yu, idishni derazaga qo‘yganini ko‘rdi-da: «Ovora bo‘lmang, ota!» — dedi. Ammo shunchalik sekin gapirdiki, o‘zi ham eshitmadi.
Bobo oshxonadan chiqib, to‘g‘ri so‘ri tomon yurdi va shoyi ko‘rpaga cho‘zildi.
«Xotin bo‘may ket, sutfurushning qizi! — deya kampirini koyiy boshladi ichida. — Nima balo, uyingdan ilon chiqqanmi?! Erta azon ketuvdi, ichiyam gapga to‘lib ketgan ekan-da! Hali kelsin, boplab so‘kmasam, otimni boshqa qo‘yaman!»
U puxta reja tuzarkan, temir darichadan «g‘iyq» etgan nola chiqdi-yu, xayoli buzildi.
— Haliyam yotibsizmi? — so‘radi kampir eriga to‘ng‘illab. — Sulaymon o‘ldi, devlar qutuldi ekan-da!?
O‘rinboy sinchi hovli bo‘ylab bir qur nazar soldi-yu, xotini tayinlab ketgan ishlar: na bug‘doy elash, na dahlizcha joydagi beda o‘rilmaganini ko‘rib mavzuni boshqa yoqqa burdi:
— Safaringiz erta qaribdimi, kampir?! Mahkam boyvachchaning kelini bir palov tayyorlabdiki. Ziraning isi, oh…
Momo «tars-tars» qadam bosib boboning qarshisiga o‘tirdi.
— Qornim to‘q, mehmondan qaytyapman! Qani, yostiqni oling-chi!
— A, endi… Siz yemasangiz, biz bormiz… To‘g‘rimi, qizim?
Kelin qaynotasining fikrini ma’qulladi. So‘ng dasturxonni yozish asnosida qaynonasiga: «Yaxshi borib keldingizmi?» — deya mulozamat qildi.
Mahkam momo o‘g‘il uylantirgan ayollarga xos kibr ila turarkan, til uchida «ha» dedi-da, keliniga buyurdi:
— Ovqating pishgan bo‘lsa, opkel! Cholimning qorni ich-ichiga yopishib ketgandir-ov.
— Hozir suzib kelaman, oyijon.
Qaynona «oyijon»dan erib ketdi va choliga qarab «ko‘rdingizmi?» kabi qosh qoqdi.
Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas chinni laganda palovxonto‘ra, ketidan ko‘k choy keltirildi. Choy oshning qamchisi-da! Kelin choyni qaytarib chol-kampirga uzatdi, keyin «oling-oling» qilindi. O‘rinboy sinchi rapidadek qo‘liga bir kapkirdek palov olib oshladi-yu, chaynash vaqtida ko‘zlari ola-kula bo‘lib javdiradi. Tomog‘ini sho‘r tirnab qornigacha jarohatladi. Kelinning kipriklari tez-tez pirpiradi. Momo erining holatidan shubhalandi:
— Tuzi ko‘pmikan?
Bobo shosha-pisha yutinib javob qaytardi:
— Biram mazaliki, birov tortib oladigandek shoshilganidan tiqilib qoldi.
Bosh yorilsa, qalpoq ostida! Sho‘rva bo‘lsa ekan, suv qo‘shib ichaversang. Ammo oshga na tuz qo‘shishning iloji bor, na suv…
Bobo har oshaganda piyola-piyola choy simirar, birovdan takalluf ham kutmas, yonidagilarni, ayniqsa, kampirini oshga undamas, zo‘r berib kelinning aybini yopishga urinardi.
Osh sho‘r, biroq kelinning mo‘ltiragan nigohida buning aksi ko‘rinardi va cholning andishasi yanada ortardi. Xotinining tikilib turganidan o‘ng‘aysizlanib shoshib kavshanardi.
… Oxirgi bir osham qolganda «tuzini ko‘ray» deb Mahkam momo qo‘l cho‘zdi va qaynota-kelinni-da tashvishlantirdi. O‘tkirligi butun mahallaga ma’lum kampir kamshik tishlarini g‘ichirlatdi, guruchning ta’mini bilgach keliniga o‘girildi:
— Namuncha sho‘r? Umringda ovqat qilganmisan!?
Kelin seskanib ketdi.
— Kampir, — deya gap boshladi sinchi, — tomog‘ingizga tuz yuqib qolganov! Bir tovoq yeb menga o‘tmadi. Bir chuqimi sizga bilinsa-ya? Tag‘in bo‘lsa, yo‘q demayman.
Bobo kampirning holatiga kuldi va palov keltirmoqqa qo‘zg‘algan keliniga imladi. U qimir etmadi. Mahkam momo qilt-qilt yutindi-da, Oyshaga: «Tur, osh opkel!» — deya buyurdi. Zum o‘tmay bir kapkirgina osh solingan laganni ko‘tarib kelin keldi.
Chol yengini shimardi.
— O‘ldirsayam osh o‘ldirsin. Sho‘rmish! Hey kampir, kelinimning ishidan xato topasiz. Mazasini aytmaysizmi!? Qo‘ling dard ko‘rmasin, bolam.
Kampir boboyining ishtahasini ko‘rib o‘zidan ajablandi. Ammo palovning ta’mini qayta bilishga urinmadi.
O‘rinboy sinchi chaynalib, o‘qchib-o‘qchib qo‘ydi…
O.JUMABOYeV
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”