07:43 / 14.10.2019
5 444

Mafiya qurboni bo‘lgan bokschi

Mafiya qurboni bo‘lgan bokschi
Foto: «RIA Novosti»
Kuba lideri Fidel Kastro uni tik turib olqishlagan, murabbiyi Muhammad Ali esa katta iqtidor egasi ekanini tan olgandi. Bu Sobiq Ittifoqning eng yaxshi bokschilaridan biri Oleg Korotayev edi. U 196 ta jang olib borgan bo‘lsa, shulardan to‘qqiztasinigina boy berib, 160 ta g‘alabasini nakaut bilan yakunlagan. AQShda unga million dollarlik kontrakt taklif etishganida u vatanini tashlab ketolmasligini aytgan. Ehtimol, shuning uchun ham yosh bokschi juda qisqa yashagandir. Uning faoliyati murabbiylik bilan emas, panjara ortida tugadi. Bokschi baribir xorijga ketdi. Faqat sirli o‘lim topdi. Oleg Korotayevning yorqin va qorong‘i hayoti haqida «Lenta» xotirlaydi.

«Rus tanki»
1970 yil, Kuba. Rikardo Kordova Kardin nomli xalqaro turnir finali. Bokschi Oleg Korotayev mahalliy sportchi Luis Balerni nokautga uchratdi. Tomoshabinlar qatorida Fidel Kastro ham bor edi. U Korotayevni tik turgan holda olqishladi, jangdan so‘ng esa uni shaxsiy avtomobilida mehmonxonaga kuzatib qo‘yish taklifini bildirdi. Kuba lideri sportchiga machete — qimmatbaho suvenir hadya etdi. Bokschi uni vataniga olib ketib, uyidagi qadrli sovg‘alar safiga qo‘shib qo‘ydi.

1971 yil. Bokschilar delegatsiyasi bosh qahramon — Korotayev (matbuotda uni «Rus tanki» deb atashardi) bilan birga Las-Vegas aeroportiga qo‘nishdi. Ikki yildirki, AQSh va Sobiq Ittifoq sportchilari o‘rtasida musobaqalar o‘tkazilayotgandi, ammo bu delegatsiyaning Shtatga birinchi tashrifi edi.

Korotayev yuzlab amerikaliklar ko‘z o‘ngida Marvin Jonson (u 1972 yil Olimpiya o‘yinlarining bronza sohibi bo‘lgan)ni, keyin — Uilyam Ratliffni, AQSh chempioni va Muhammad Alining sparring-partnyorini nokautga uchratdi. Bu kutilmagan onlar edi — zal bir necha soniyaga sukutga cho‘mdi. So‘ngra arena misoli portladi – Korotayevning qo‘llari yuqoriga ko‘tarildi. Triumf ortida sportchini Alining menejeri Anjelo Dandi kuzatib turardi. Musobaqadan keyin u delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi va kutilmagan taklifni bildirdi: professionallarning Shtatga ko‘chib o‘tishi uchun million dollarlik kontrakt.

Olegga qat’iy rad javobini berish tavsiya etildi. U matbuot anjumanida sokinlik bilan 250 million vatandoshini million dollarga almashib bo‘lmasligini, boksda uzoq qolmasligini, o‘zini fanga bag‘ishlamoqchi ekanini aytdi. Shunda Dandi bokschiga xotira va hurmat ramzi sifatida – javohir hamda sapfir ko‘zli uzuk sovg‘a qildi.

— Yaratgan har bir odamga baxt uchun imkoniyat beradi, — deb yozadi ko‘p yillar o‘tgach Korotayev o‘z kundaligida. — Faqat uni qo‘ldan boy bermaslik va taqdir belgisi sifatida qabul qilish kerak. Men yurtim oldida, yaqinlarim oldida, o‘zim oldimda vijdonimni saqlab qoldim. Ha, men o‘zimdan faxrlandim. Biroq vaqt hammani sinovdan o‘tkazar ekan.

Ehtimol, Anjelo Dandi tomonidan berilgan taklif aynan o‘sha belgidir.

«Ablahga bo‘yin egolmadim»
Professionallikka o‘tish taqiqi Oleg hayotida tub burilish yasashini bokschi xayoliga ham keltirmagandi. Ustiga-ustak, u havaskorlik darajasida ko‘proq yutuqlarga erishishdan umidvor edi – Olimpiadani orzu qilardi. Axir u hali 22 yoshda, tez o‘sishini, o‘ziga bo‘lgan ishonchni his etardi. Bejizga uni eng yaxshi yangi avlod bokschisi hisoblashmagan. Ammo uning orzulari ro‘yobga chiqmadi. Bunga Korotayevga jiddiy qarshi bo‘lib qolgan odam sababchi, barini o‘sha hal qilardi: terma jamoa bosh murabbiyi Anatoliy Stepanov.

U Oleg bilan avvaldan kelishmagan. Bundan tashqari, Stepanov bokschining shaxsiy murabbiyi Georgiy Jeroyan bilan gaplashishdan ham bosh tortadi. Shunday gap-so‘zlar ham yurardiki, Stepanov xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun sportchilardan pora olgan. Korotayev va Jeroyan buni bir necha bor oshkora aytishgan ham, ammo boshqalar buni tasdiqlashmagan.

— Bu odam mening butun umidlarimni puchga chiqardi. Ammo men bu ablahga bo‘yin egolmadim, — deb eslaydi Korotayev.
— Stepanov murabbiy bo‘lgan paytlari terma jamoaga odamlarni sportga doir sifatlariga qarab emas, balki ularning o‘zlarini tutishi va itoatkorligiga qarab tanlardi, — deya izoh beradi bokschi va murabbiy Yevgeniy Kalmikov «Oleg Korotayevning erksiz qulashi» hujjatli filmida.

Xullas, Korotayev 1970 yil o‘zining Yevropa chempionati debyutida zahirada qoladi. Ringga uning o‘rniga Vladimir Metelev chiqadi va yutqazadi. O‘shanda Stepanov sportchilarni tanlashda xatoga yo‘l qo‘ymaganini isbotlashiga to‘g‘ri keladi. Bunda unga turnirdan qaytgan Korotayevning mashg‘ulotlardan birida jarohat olishi – oyoq boylamining uzilishi juda qo‘l keladi. Operatsiya, hassaga tayanib qolish, karerani tugatish bo‘yicha maslahatlar, bularning bari Olegga kuchli zarba edi.

— U doim nimagadir qarshi kurashardi: goh jarohatlar, goh murabbiyning tushunmasligi... Xullas, uning hayotda omadi chopmadi, — deydi Korotayevning termadagi do‘stlaridan biri Vyacheslav Nikolayev.

Olegning jamoada qolish-qolmasligi Leningradda bo‘lib o‘tadigan nazorat turniridan so‘ng ma’lum bo‘lishi kerak edi. U musobaqada o‘sha Metelev deganlarini nokautga uchratadi. Shundan so‘ng Stepanovga savollar yog‘iladi va u mansabidan ayrilishiga sal qoladi. Stepanov bir amallab o‘z o‘rnida qoladi — sportchilarni Myunxendagi olimpiadaga tayyorlash boshlanadi.

Tarkib bo‘yicha asosiy xulosaga Sobiq Ittifoq chempionatidan keyin kelish kerak edi. Korotayevni jarohatlari hali ham qiynashiga qaramay, u ikkita jangda g‘olib keladi. Finalda esa Nikolay Anfimov — unga noqulay raqobatchiga to‘g‘ri kelib qoladi. Bu 5 ta nokdaunli juda og‘ir jang bo‘ladi. Ikkitasi Anfimovga, uchtasi — Korotayevga «nasib etadi». Nihoyat, Stepanovni quvontiradigan lahzalar ham yaqinlashadi, jang to‘xtatildi va Anfimov g‘olib deb topildi.

Endi murabbiy sog‘lom raqobatchilarni ko‘rsatib, Korotayevni o‘yinlarga olmasa ham bo‘ladi. Kamiga Oleg ham tartibni buzadi va bazaga «otboy»dan yarim soat kechikib keladi. Stepanov rahbariyatga Korotayevni umrbod diskvalifikatsiya qilish hamda Jeroyanni barcha nishonlaridan mahrum etish talabnomasi bilan kiradi. Rahbariyat ham unga imzo chekadi.

Bu og‘ir kunlarda bokschining aqldan ozmasligiga rafiqasi – Tatyana katta yordam beradi. Ular endigina turmush qurishgan edi.

«Mening kareram o‘xshamadi»
Biroq 1972 yildagi o‘yinlarda ikkitagina medalni qo‘lga kiritgan Sobiq Ittifoq jamoasi parokandalikka yuz tutadi. Stepanov chetlashtirilib, Korotayevning diskvalifikatsiyasi bekor qilinadi. 1973 yilning iyunida u Yugoslaviyaga – Yevropa chempionatiga yo‘l oladi. Yarimfinalda u Myunxen chempioni Mate Parlov bilan ringga chiqadi. Kuchlar deyarli teng bo‘lishiga qaramay, bokschi yutqazadi: Parlov Korotayevning qoshini yorib qo‘yadi va Olegni o‘yindan olishadi. U Parlovga 1974 yil Kubada bo‘lib o‘tgan birinchi jahon chempionatida ham ustunlikni qo‘ldan boy berib qo‘yadi – bunisida ham o‘sha yorilish.

Korotayevning boksdan qattiq ko‘ngli qoladi, Jahon chempionatida nasib etgan kumush medalni ham mag‘lubiyat deb qabul qiladi. «Mening kareram o‘xshamadi» deb yozib qoldiradi u kundaligida. O‘sha vaqtlarda u sportdan uzoq do‘stlar orttirishga ham ulguradi: shubhali ulfatlari bilan barlarda o‘tiradigan odat chiqaradi. «Skazka» nomli restoranlardan biriga bo‘lgan navbatdagi tashrif bariga nuqta qo‘yadi.

Ko‘ngiocharlik urush-to‘polon bilan yakunlanadi: Korotayev Sobiq Ittifoq ichki ishlar vaziri Igor Shelkovning o‘g‘lini bir necha marta «tushirib qoladi». Bokschi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uni qamashadi. Bularning bari uch kun ichida sodir bo‘ladi. Oldinda esa Korotayev qatnashishi kerak bo‘lgan mamlakat chempionati yaqinlashib kelardi. Ishni vaqtincha bosdi-bosdi qilib turishga to‘g‘ri keladi va Olegni musobaqadan oldin qo‘yib yuborishadi. U yarimfinalda Anfimovga yutqazib qo‘yadi va ringga boshqa qaytmaydi.

Voqealar xronikasida uning ismi tez-tez qayd etiladigan bo‘lib qoldi. «Varshava» mehmonxonasida bir xorijlikni urib, hamyonini olib qo‘ygach bokschi ustidan anonim xat yozilib, KPSS ning XXV s’ezdiga yuborildi. Sobiq chempionning kvartirasi tintuv qilindi, Kastro tomonidan hadya etilgan machete – sovuq qurol sifatida qabul qilinib, musodara etildi. Yana tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, u yerdan giyohvandlik moddasi ham topishgan. Xulosa — koloniyada 5 yil o‘tirish.

Korotayev muddatni Yaroslavlda o‘tadi, koloniya boshlig‘i esa boksning chinakam ishqibozi edi. U Olegning shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi, biroq sobiq chempionni endi sport qiziqtirmay qo‘ygandi. U borgan sari jinoyat olamiga sho‘ng‘ib borardi, 1983 yilga kelib juda ko‘p avtoritetlar (katta jinoyatchilar) uni «o‘ziniki» hisoblashardi.

Bokschi ozodlikka chiqar-chiqmas yana zonaga qaytdi. Bu gal ham unga navbatdagi ur-sur uchun 5 yil berishdi. U boshida Tagilda o‘tirdi, keyin Birobijanda joylashgan koloniyaga o‘tkazildi. 1988 yil sobiq sportchini muddatidan oldin qo‘yib yuborishdi. Endi u biznesga qo‘l urdi — sport kiyimlari ishlab chiqara boshladi. Puli va qimmat mashinalari paydo bo‘ldi, hayoti ham asta izga tushdi.

Bari mujmal
Keyin yana hammasi orqaga qarab ketdi. Korotayev duch kelayotgan muammolar aynan o‘tmish asorati bo‘lib chiqardi. Uning omadli biznesini baxil, ichi qora, hasadchi kimsalar «ko‘rolmayotgandi».

1992 yil. Korotayevning hayoti xavf ostida ekanidan xabar topgan sobiq bokschi Vyacheslav Nikolayev bu paytda organ xodimi edi. U Olegni ogohlantirdi: «Seni o‘ldirishga buyurtma berilgani to‘g‘risida ma’lumot bor. Endi nima qilasan?» Nikolayevning bu savoliga Korotayev shunday javob beradi: «O‘zim hal qilaman». Shundan keyin u AQShga, biznes bilan shug‘ullanishga ketadi.

Xorijda qonuniy yashash uchun sobiq chempion Rossiyadagi xotini bilan ajrashmay turib, AQSh fuqarosiga uylanadi. Bunga qanday erishgani esa noma’lum. U Amerikada yangi xotini rahbarlik qilgan sayyohlik kompaniyaning vitse-prezidenti bo‘ladi. Shunga qaramay, sobiq bokschi Rossiyadagi oilasini ham unutmaydi: doimiy qo‘ng‘iroq qilib xabar oladi, moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlab turadi. 1994 yilning fevralida yaqinlarini borib ko‘rib kelishni ham rejalashtirib qo‘yadi.

Biroq uni 12 yanvar kuni Brayton-Bichdagi rus restorani eshigi oldida otib ketishadi, o‘q ensa sohasiga tekkan, Korotayev o‘sha yerdayoq jon bergan. Buyurtmachi kim, kim otdi, nima maqsadda — Bruklin politsiyasi buning tagiga yetolmadi.

— Bu yollangan qotilning ishi. O‘ylashimcha, u Korotayevda shubha uyg‘otmagan. Ehtimol, ular restoranda birga o‘tirishgandir. Faqat u tunda kimsasiz ko‘chada qolganida qotil bamaylixotir to‘pponchasini chiqargan va uni otgan, — deydi Nyu-York shtatining uyushgan jinoiy ishlarga qarshi kurashish rahbari Greg Stashuk. Taxminlardan biri — qotillik ortida rus mafiyasi turgan.

Korotayevning tanasi Rossiyaga olib kelindi, u bilan xayrlashish uchun Vagankovskiy qabristoniga yuzlab odamlar yig‘ildi. Oxirgi yillardagi gap-so‘zlarga qaramay, u hammasining sevimlisi bo‘lib qolgandi. Bokschi Konstantin Kobsev uni shunday xotirlaydi:

— Oleg oddiy, ko‘ngilchan yigit edi. U do‘sti uchun oxirgi narsasini berishga ham tayyor edi. Ehtimol, bu balandparvozlikdir, lekin u shaffofdek pok inson edi.

Oradan 25 yil o‘tsa-da, Korotayev ishiga birorta aniqlik kiritilmadi. Chempion hayotida juda ko‘p kutilmagan va tushunarsiz, g‘alati hodisalar sodir bo‘ldi. U necha martalab taqdirini hal etuvchi qarorlar qabul qilishga majbur bo‘ldi. Biroq eng muhim qarorni uning ustidan qabul qilishdi: Korotayev «250 million hamyurtini million dollarga almashmadi», lekin undan ko‘prog‘ini kechishga to‘g‘ri keldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mafiya qurboni bo‘lgan bokschi