date
views 649

Energiya tejash inqilobi: O‘zbekistonda tarif islohotlari qanday natija berdi?

Energiya tejash inqilobi: O‘zbekistonda tarif islohotlari qanday natija berdi?
O‘zbekistonda 2024 yil may oyidan boshlab amalga oshirilayotgan yangi tarif siyosati jamoatchilikning energiya manbalariga bo‘lgan munosabatida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan olib borilgan tadqiqot ushbu o‘zgarishlarning ko‘lamini, uy xo‘jaliklarining energiya iste’moliga ta’sirini hamda aholining energiya tejashga bo‘lgan qiziqishini aniq ko‘rsatib berdi.

Tadqiqot jarayonida O‘zbekistonning barcha hududlaridan 3516 mingdan ziyod uy xo‘jaliklari qamrab olingan bo‘lib, shuningdek, mamlakat bo‘ylab 3,5 million tabiiy gaz va 8 million elektr energiyasi abonentlarining ma’lumotlari tahlil qilingan. Bu keng qamrovli tadqiqot energiya resurslari iste’moli tarkibidagi o‘zgarishlar va tariflarga aholining munosabatini har tomonlama baholash imkonini berdi.

Natijalarga ko‘ra, 2024 yil may oyidan dekabr oyigacha bo‘lgan davrda elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,6 foizga kamaydi. Bu davr ichida mamlakat bo‘yicha 1,3 milliard kVt/soat elektr energiyasi tejalganligi qayd etildi. Eng katta o‘zgarish yuqori miqdorda energiya iste’mol qiluvchi uy xo‘jaliklari orasida kuzatildi. Masalan, bir oyda 10 ming kVt/soatdan ortiq energiya sarflaydigan oilalar soni 80 mingdan 65 minggacha kamaygan.

E’tiborli jihatlardan biri shundaki, energiya iste’molining kamayishi bilan birga uy xo‘jaliklari asosiy ehtiyojlari doirasida elektr va tabiiy gazdan foydalanishni davom ettirmoqda. 200 kVt/soatgacha elektr energiyasini sarflaydigan abonentlarning ulushi 2023 yildagi 71 foiz ko‘rsatkichini 2024 yilda ham deyarli o‘zgarmasdan, 72 foizni tashkil etgan.

Tabiiy gaz iste’molida ham shunday tendensiya kuzatildi. 500 kub metrgacha gaz iste’mol qiluvchilar ulushi 2023 yilda 54 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 58 foizga yetdi. Shuningdek, yuqori iste’molga ega bo‘lgan viloyatlarda, jumladan Samarqand, Toshkent, Andijon va Namanganda energiya tejamkorligiga o‘tish sezilarli darajada bo‘ldi.

Energiya iste’molining kamayishi bilan birga, ta’minot sifati yaxshilanib bormoqda. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, aholining yarmidan ko‘pi elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etishdi. Ayniqsa, Surxondaryo, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida elektr energiyasi, Xorazm, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida tabiiy gaz ta’minoti sezilarli ravishda yaxshilangan.

Tadqiqot shuni ham ko‘rsatdiki, uy xo‘jaliklarining aksariyati energiya tejash bo‘yicha chora-tadbirlarni faol ravishda amalga oshirishmoqda. Jumladan, 90 foizdan ortiq aholi energiya tejash uchun turli usullarni qo‘llaganliklarini ma’lum qilishdi. Eng ommalashgan chora LED yoritish vositalariga o‘tish bo‘lib, bu amaliyotni Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiy viloyatlarida uy xo‘jaliklarining 90 foizdan ortig‘i qo‘llagan.

Plastik deraza va eshiklarni o‘rnatish orqali energiya tejash ham ancha keng tarqaldi. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkichlar Qashqadaryo (84 foiz), Buxoro (69 foiz) va Xorazm (54 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan maishiy texnika vositalarini sotib olish ham aholi orasida ommalashib bormoqda.

Quyosh energiyasi kabi muqobil manbalarga qiziqish ortib, respublikada 64 ming xonadonga 223,4 MVt/soat quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatildi. Bu esa 313 million kVt/soat energiya ishlab chiqarish va 104 million kub metr gaz tejash imkonini berdi.

Tahlil natijalari quyosh panellarini o‘rnatishga bo‘lgan talab yanada ortib borayotganini va 1,9 million uy xo‘jaligi quyosh panellarini o‘rnatish istagida ekanligini ko‘rsatadi. Bu esa 2,3 milliard dollarlik ichki bozor istiqbolini ochmoqda.

Shu bilan birga, aholi orasida hali ham past samaradorlikka ega bo‘lgan isitish tizimlaridan foydalanish holatlari saqlanib qolgan. Bu esa, uy-joy infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tishni tezlashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Energiya tejash inqilobi: O‘zbekistonda tarif islohotlari qanday natija berdi?