Brickken va Magma ko‘chmas mulk tokenizatsiyasi uchun NAV orakulini taqdim etadi

Brickken institutsional darajadagi tokenizatsiya infratuzilmasi hamda Magma kompaniyasi ko‘chmas mulk aktivlari uchun Net Asset Value (NAV) orakulini yaratish bo‘yicha strategik hamkorlikni e’lon qildi. Ushbu hamkorlik Magma’ning Digital Twin Token (DTT) texnologiyasini Brickken’ning tokenizatsiya platformasi bilan birlashtirib, ko‘chmas mulk ma’lumotlaridagi bo‘shliqni bartaraf etishga qaratilgan. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Yangi yechim bino holati, texnik hujjatlar va operatsion ko‘rsatkichlar kabi haqiqiy ma’lumotlarni moliyaviy instrumentlar bilan bog‘laydi. Bu investorlarga aktivlar qiymatini real vaqt rejimida kuzatish, hisobotlarni avtomatlashtirish va audit jarayonlarini soddalashtirish imkonini beradi. Natijada, ko‘chmas mulk tokenizatsiyasi shunchaki mulkchilikni raqamlashtirishdan, aktivning jismoniy holati bilan bog‘liq moliyaviy ekotizimga o‘tadi.
Ushbu loyiha Mayami shahrida PropTech va ko‘chmas mulk tokenizatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan Miami Innovation Zone tashabbusi doirasida ishga tushirilmoqda. Brickken ushbu hamkorlik orqali AQSh bozoridagi o‘z mavqeini mustahkamlashni va banklar hamda aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalar uchun institutsional darajadagi xizmatlarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Ko‘chmas mulk dunyodagi eng yirik aktivlar sinflaridan biri bo‘lsa-da, uning ma’lumotlar infratuzilmasi hozircha tarqoq holatda. Magma va Brickken’ning qo‘shma orakuli ushbu muammoni hal qilib, aktivlar qiymatini baholash, qayta moliyalashtirish va ikkilamchi bozordagi ishonchni oshirish uchun zarur bo‘lgan shaffof ma’lumotlar qatlamini yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!