Bitcoin ETFʻlardan 1,26 mlrd dollar chiqib ketishi xarid uchun signal boʻlishi mumkin

AQSHdagi spot Bitcoin ETFʻlardan oxirgi savdo haftasida 1 milliard dollardan ortiq mablagʻ chiqib ketishi dunyodagi eng yirik kriptovalyutani sotib olish uchun qulay imkoniyat boʻlishi mumkin. Santiment tahliliy platformasi hisobotiga koʻra, ushbu oqimlar bozor uchun teskari koʻrsatkich (contrarian signal) boʻlib xizmat qiladi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Santiment tahlilchilari ETF oqimlarini koʻpincha chakana investorlarning kayfiyatini aks ettiruvchi omil deb hisoblashadi. May oyida Bitcoin narxi 80 000 USD darajasidan yuqori nuqtani ushlab tura olmagach, koʻplab kichik investorlar sabrini yoʻqota boshlagan. Ayni paytda Bitcoin 75 410 USD atrofida savdo qilinmoqda, vaholanki 16-may kuni u 79 052 USD gacha koʻtarilgan edi.
Bozordagi umumiy qarashga koʻra, ETFʻlardan mablagʻ chiqib ketishi pasayish trendi (bearish signal) sifatida baholanadi. Biroq Santiment mutaxassislari bu holatni bozorning sogʻlom qayta tiklanishi deb atamoqda. Ularning fikricha, ETFʻlardan uzoq muddatli chiqib ketish holatlari tarixan vahima emas, balki sabrli investorlar uchun aktivlarni toʻplash davri bilan mos kelgan.
Farside maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi olti savdo kunida 11 ta spot Bitcoin ETF jamgʻarmasidan jami 1,26 milliard dollar mablagʻ chiqarib olingan. Shunga qaramay, ayrim ekspertlar bu tendentsiya yaqin orada oʻzgarishini kutishmoqda. Xususan, ETF tahlilchisi James Seyffart jamgʻarmalar ishga tushirilgandan beri jami 60 milliard dollarlik oqim kuzatilganini va tez orada yangi rekordlar oʻrnatilishini taʼkidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!