O‘zbekistonliklar pulni nimaga sarflashni rejalashtirmoqda?

Markaziy bank 2026 yilning birinchi choragida o‘tkazgan iste’mol kayfiyati so‘rovida aholining yaqin oylardagi xarajat rejalarini o‘rgandi. Natijalarga ko‘ra, xarajat yo‘nalishlari fuqarolarning yoshi va daromadiga qarab sezilarli farq qilmoqda.
18 yoshgacha bo‘lgan respondentlarning 25 foizi ta’lim uchun pul sarflashni rejalashtirgan. Ularning 16 foizi uy-joy ta’mirini, 13 foizi esa sayohatni asosiy xarajatlar qatoriga kiritgan.
18–30 yoshlilar orasida ta’lim va uy-joy ta’miriga talab bir xil, har ikki yo‘nalish 23 foizni tashkil etgan. Bu yosh toifasida to‘y xarajatlari 15 foiz, avtomobil xaridi 13 foiz, sayohat 12 foiz bo‘lgan.
31–40 yoshli fuqarolarning 30 foizi uy-joyini ta’mirlashni rejalashtirmoqda. Ta’lim xarajatlari 16 foiz, davolanish 13 foiz, avtomobil xaridi esa 9 foizni tashkil qilgan.
41–50 yoshlilar orasida ham uy-joy ta’miri birinchi o‘rinda turibdi. Respondentlarning 33 foizi shu yo‘nalishda xarajat qilishni bildirgan. Ta’limga 23 foiz, davolanishga 14 foiz to‘g‘ri kelgan.
51–60 yoshli aholining 35 foizi uyini ta’mirlashni rejalashtirgan. 16 foizi davolanishni, 11 foizi to‘y xarajatlarini tanlagan. 60 yoshdan kattalarda uy-joy ta’miri 38 foiz bilan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan, davolanish esa 17 foizni tashkil qilgan.
So‘rov natijalari yaqin oylarda uy-joy ta’miri, sayohat, to‘y, uy sotib olish va maishiy texnika xaridlariga sarf-xarajatlarni oshirish rejalari borligini ham ko‘rsatgan.




























Izohlar 0
…