06:00 / 25.05.2022
1 071

Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini So‘nggi qo‘ng‘iroq bayrami bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini So‘nggi qo‘ng‘iroq bayrami bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev 25 may — So‘nggi qo‘ng‘iroq bayrami munosabati bilan maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrik Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Quyida tabrik matnini to‘lig‘icha taqdim etamiz:

Qadrli maktab bitiruvchilari!

Sizlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga – umringizning yanada go‘zal va mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim dargohlarida «so‘nggi qo‘ng‘iroq»lar yangrab, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashuv tadbirlari o‘tkazilayotgan ushbu quvonchli va g‘oyat hayajonli damlarda hammangizga kelgusi hayotda ulkan yutuq va omadlar tilayman.

Umid va ishonch ramzi bo‘lgan yetuklik shahodatnomalari barchangizga muborak bo‘lsin!

Aziz bolalarim!

Bu yil respublikamizda 390 ming nafardan ziyod o‘quvchi yoshlar umumta’lim maktablarini bitirmoqda. Hech shubhasiz, o‘z bilim va iste’dodini Vatanimiz va xalqimizga munosib farzand bo‘lishdek olijanob maqsadlarga sarflashga chog‘lanib turgan sizdek tirishqoq va intiluvchan farzandlarimiz – bizning ishonchimiz va tayanchimiz, Yangi O‘zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir.

Albatta, bugun yurtimizda maktab bitiruvchilari bilan birga ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylar uchun ham unutilmas kundir. Ushbu quvonchli ayyomda ularni ham chin dildan qutlab, barchasiga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

So‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi sifat jihatidan keskin o‘zgardi. Ayniqsa, maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanib, bu borada tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda yurtimizda 10 mingdan ziyod davlat umumta’lim maktablari bilan birga ko‘plab nodavlat, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari faoliyat yuritayotgani ushbu tizimda qisqa muddatda chuqur tarkibiy va sifat o‘zgarishlari yuz berganini ko‘rsatadi.

Birgina o‘tgan yilda 3,3 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 789 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilarimiz qo‘lga kiritgan medallar soni 3 barobar, mintaqaviy olimpiadalarda esa qariyb 2 barobar ko‘paygani, «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 900 mingdan ziyod o‘quvchi dasturlash asoslarini o‘rganib, sertifikatga ega bo‘lgani barchamizni xursand qiladi.

Butun hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan jonkuyar o‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obro‘-e’tiborini oshirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Taraqqiy topgan davlatlar tajribasi asosida maktab ta’limi uchun o‘quv dasturi va darsliklar yangilanmoqda. Ayniqsa, umumta’lim maktablari uchun 326 nomda o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar kitobi hamda mashq daftarlari yaratilgani muhim qadam bo‘ldi.

Yurtimizdagi barcha maktablar yuqori tezlikdagi optik tolali internet tarmog‘iga ulanib, lokal tarmoq hamda Wi-Fi uskunalari o‘rnatildi.

Shuningdek, hozirgi notinch zamonda farzandlarimizni yuksak ma’naviyat egalari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Keng ko‘lamdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda, yoshlarimiz o‘rtasida kitobxonlikni kuchaytirish, ularni adabiyot, san’at va sport to‘garaklariga yanada faol jalb etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Aziz farzandlarim!

Keyingi paytda xalqimiz, ayniqsa, unib-o‘sib kelayotgan siz kabi yoshlarimiz uchun O‘zbekiston ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan 162 ta oliy o‘quv yurti, ko‘plab kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar kelgusida sizlarning o‘zingiz tanlagan sohalar bo‘yicha yetuk kadr va malakali mutaxassis bo‘lishingiz uchun xizmat qiladi.

Shuningdek, 78 ta oliy ta’lim muassasasida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qib, oliy ma’lumot olish hamda masofaviy ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yildagi 9 foizdan bu yil 38 foizga yetkazildi.

Yurtimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan o‘quvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari, nogiron bolalar uchun professional ta’lim tizimida alohida imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, 2020-2021 o‘quv yilida kollej va texnikumlarga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan 1157 nafar, 2021-2022 o‘quv yilida esa 1433 nafar o‘quvchi qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinganini ta’kidlash lozim.

Aminman, sizlar ana shunday imkoniyatlar asosida yetuk mutaxassislar bo‘lib, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy klasterlar, fermer xo‘jaliklari, ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta qurilishlar, firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, madaniy va ijodiy jamoalarda ish boshlaysiz va Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga albatta munosib hissa qo‘shasiz.

Muxtasar aytganda, maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizning har biri el-yurtimizning mehri va e’tiborida bo‘ladi. Bu borada joylarda viloyat, shahar va tuman hokimliklari, sektor rahbarlari, mahalla jamoatchiligi ota-onalar va ustozlaringiz bilan birgalikda sizlarga yaqin ko‘makchi va maslahatchi bo‘ladi.

Mana shunday shukuhli onlarda siz, aziz farzandlarimni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tamomlab, hayotingizda dastlabki muhim dovondan oshganingiz bilan yana bir bor tabriklayman.

Hech qachon unutmang, kelajakda sizni yanada ulkan va mas’uliyatli marralar kutmoqda. Oldingizga aniq maqsad qo‘yib, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va salohiyatingiz bilan harakat qilsangiz, ko‘zlagan cho‘qqilarga albatta erishasiz.

Barchangizga ishda va o‘qishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va omadlar tilayman.

Doimo sog‘-omon bo‘ling!

Intilib, izlanib yashashdan aslo to‘xtamang!

Baxt va omad hamisha hamrohingiz bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini So‘nggi qo‘ng‘iroq bayrami bilan tabrikladi