20:33 / 27.05.2022
982

Shavkat Mirziyoyev YEOII yig‘ilishida onlayn ishtirok etdi

Shavkat Mirziyoyev YEOII yig‘ilishida onlayn ishtirok etdi
O‘zbekiston rahbari dunyoda ro‘y berayotgan shiddatli o‘zgarishlar va mamlakatlar barqarorligi uchun jiddiy xatarga aylangan inqirozli hodisalarni qayd etib, birgalikda yechim topishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari sifatida ishtirok etdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov raisligida videoanjuman shaklida o‘tgan tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) huzuridagi kuzatuvchi mamlakat - Kuba prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich ham qatnashdi.

Yig‘ilish kun tartibidan YEOII makonida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, shu jumladan iqtisodiyot, savdo, sanoat, transport va boshqa yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni mustahkamlash masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqi avvalida Qirg‘iziston YEOIIga raislikni faol amalga oshirayotgani, bu tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan pandemiyaning salbiy oqibatlari yumshatilgani hamda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikda ijobiy sur’at ta’minlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekistonning YEOII bilan tovar ayirboshlash hajmi 2021 yilda 30 foizga, joriy yil boshidan esa yana 33 foizga oshdi. YEOII mamlakatlaridan jalb qilinayotgan investitsiyalarning yillik o‘sishi qariyb 25 foizni tashkil etmoqda.

Dunyoda ro‘y berayotgan shiddatli o‘zgarishlar va mamlakatlarimiz barqarorligi uchun jiddiy xatarga aylangan inqirozli hodisalarni qayd etib, O‘zbekiston rahbari birgalikda yechim topishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

Prezident O‘zbekiston va YEOII mamlakatlari o‘rtasidagi savdoda texnik to‘siqlarni bartaraf etishni davom ettirish va sertifikatlashtirishni o‘zaro tan olishga chaqirdi. Bu tovarlarning bozorlarimizga kirib borishini ancha soddalashtirishga xizmat qiladi.

Birgalikda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali agrosanoat kooperatsiyasini kengaytirish alohida dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Bu boradagi natijadorlikni oshirish maqsadida hududlararo aloqalarni faollashtirishni nazarda tutadigan Agrokooperatsiya dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi muqobil transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish hamda Janub va Sharq yo‘nalishida transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash zarurligiga e’tiborni qaratdi. Shu munosabat bilan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadigan O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘lini barpo etish loyihasini amalga oshirishni tez fursatda boshlash muhim ekani ta’kidlandi.

Termiz shahridan Pokistonning Peshovar shahrigacha Janubiy Osiyo va uning ikki milliard nafar iste’molchiga ega bozoriga chiqish uchun eng qisqa yo‘lni ta’minlaydigan transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi.

Davlat rahbari mamlakatlarimizning innovatsion salohiyatidan yanada samarali foydalanish hamda tadbirkorlarimiz o‘rtasida, eng avvalo, yuqori texnologiyalar sohasida sanoat kooperatsiyasini amalga oshirishning yangi shakllarini rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi.

Toshkent shahrida YEOII mamlakatlarining mingdan ziyod kompaniyasi ishtirokida «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘tkazilgani bu borada birinchi amaliy qadam bo‘ldi.

Kimyo, farmatsevtika, mashinasozlik, uskunasozlik, elektronika va boshqa sohalarda kooperatsiya aloqalarini rag‘batlantirish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi. Bunda ilmiy-tadqiqot institutlari va texnologiyalar yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlarini yanada kengroq ishga solish muhim.

Iqtisodiy taraqqiyotning tabiiy drayveriga aylanishi lozim bo‘lgan turizm sohasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yo‘lovchi transporti qatnovini to‘liq hajmda tiklash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari O‘zbekistonda YEOII mamlakatlarining yetakchi kompaniyalari ishtirokida Turizm industriyasini rivojlantirish forumini o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Prezident o‘z nutqi yakunida O‘zbekistonning mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotini ta’minlash va farovonligini yuksaltirish maqsadida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va ko‘p qirrali sheriklikni izchil mustahkamlashga intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev YEOII yig‘ilishida onlayn ishtirok etdi