17:08 / 31.05.2022
1 203

Go‘sht va tuxum narxini oshirmaslik yo‘li aytildi

Go‘sht va tuxum narxini oshirmaslik yo‘li aytildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev bozorlarda go‘sht va tuxum narxini barqaror ushlab turish uchun amalga oshiriladigan choralar haqida gapirgan.

«Asosiy maqsadimiz — aholini rozi qilish ekanini bir zum ham unutmaslik lozim. Narxlarni sun’iy ushlab turib, bu masalada ko‘zbo‘yamachilik yoki ura-urachilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», degan prezident.

Barcha sharoitlar yaratib berilganiga qaramay, 8 ta viloyatda parranda go‘shtini yetishtirish aholi talabining 70 foizini ham ta’minlamayotgani tanqid qilingan. Bugungi kunda bir dona tuxumning o‘rtacha tannarxi 1 ming so‘m bo‘lsa, uning ulgurji narxi 900 so‘mdan oshmayapti.

«Parrandachilik korxonalari rahbarlari vaziyatni tushunib, tuxum narxini oshirmayapti, buning uchun ularga rahmat. Lekin qaysi viloyat, tuman va shahar hokimi ular bilan uchrashib, ozuqa-yem, transport, aylanma mablag‘ masalalarida yordam beryapti, degan savolga, afsuski, ijobiy javob yo‘q», deya ta’kidlagan davlat rahbari.

Prezident parrandachilik xo‘jaliklarini yem bilan ta’minlash masalasini to‘liq hal qilish vazifasini qo‘ygan. Buning uchun:
  • parrandachilik xo‘jaliklariga bug‘doy sotib olish uchun 400 milliard so‘m revolver kredit ajratiladi;
  • parrandachilik korxonalarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish uchun olinadigan tijorat kreditlarga Tadbirkorlik jamg‘armasidan garov ta’minotining 50 foiziga kafillik berish va 17 foizdan oshgan qismini kompensatsiya qilish tizimi joriy qilinadi;
  • pandemiya davrida parrandachilik korxonalarining jami 834 milliard so‘m, shundan 2022 yilda 400 milliard so‘m olgan kreditlari muddati uzaytiriladi.

Bu sharoitlardan foydalanib, mutasaddilar viloyat hokimlari bilan birga, parranda go‘shti ishlab chiqarishni yil yakuniga qadar kamida 35 foizga oshirib, 600 ming tonnaga yetkazishi shartligi aytilgan. Parranda mahsulotlari bozorini tahlil qilish va loyihalarni to‘g‘ri joylashtirish maqsadida mahsulotlarni ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish topshirilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda xonaki tovuqlarni kooperatsiya asosida boqishni kengaytirish vazifasi qo‘yilgan. Davlat rahbari Nurobod tumani tajribasini misol qilib keltirgan.

«Bir yil oldin ushbu tuman o‘zini tuxum bilan 50 foizga, parranda go‘shti bilan 40 foizga ta’minlar edi. Joriy yilda tumanning barcha mahallasiga lider tadbirkorlar inkubator tarqatib, aholi bilan birga parranda go‘shti va tuxum yetishtirishni yo‘lga qo‘ydilar», degan prezident.

Natijada bugungi kunda ushbu tuman o‘zini tuxum va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash bilan birga, Samarqand shahri, Pastdarg‘om va Kattaqo‘rg‘on tumanlariga oyiga 140 mingta tuxum yetkazib bermoqda. Mazkur tajribani o‘zining tuxum va parranda go‘shtiga ehtiyojini qoplamaydigan 50 ta tumanning 200 ta mahallasida yo‘lga qo‘yish topshirilgan.

«Ushbu tuman hokimlari yil yakunigacha o‘zgarish qilmasa, xulosa jiddiy bo‘ladi», degan Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu mahallalar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari asosida 200 million so‘mdan imtiyozli kreditlar ajratilishi, ushbu mablag‘lar hisobidan aholi jo‘jalar va ozuqa bilan ta’minlanishi belgilangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Go‘sht va tuxum narxini oshirmaslik yo‘li aytildi