Fotokollaj: Kun.uz
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Bu sana tarixi 1925 yilga borib taqaladi. O‘sha yilda turli davlatlar ishtirokida Jenevada ilk marta bolalar farovonligiga bag‘ishlab xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiyada ishtirokchi mamlakatlar bolalar kuni sifatida alohida sanani tanlashga kelishib oladi. Biroq qaysidir alohida sana taklif qilinmaydi, hamma o‘z madaniyatiga mos sanani tanlashi tavsiya qilinadi.
1949 yilda esa sovet mamlakatlarida 1950 yildan boshlab 1 iyunni «Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va bu sana bayram qilina boshlanadi.
Bundan tashqari, BMT tomonidan belgilangan 20 noyabr sanasi ham Xalqaro bolalar kuni hisoblanadi. Ayrim davlatlarda bolalar kuni emas, bolalar haftaligi tarzida ham nishonlanadi.
Foto: Xalq So'zi
Garchi kunlar har xil bo‘lsa-da, bu sanalarning hammasi irqi, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, terisining rangidan qat’i nazar, alohida sana belgilash orqali bolalarni himoya qilish, ularni sifatli tibbiy xizmat, ta’lim, yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlash borasida xalqaro e’tiborni qaratish maqsad qilingan.
Bolalar himoyasi, ularning sog‘ligi va ta’limi himoyasida hali dunyo miqyosida ko‘plab muammolar bor.
Chaqaloqlar o‘limi
Bolalar tirik qolishidagi eng muhim davr – umrining birinchi oyi hisoblanadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yiliga 2,4 mln chaqaloq bir oylikda vafot etgan. 28 kunlikkacha vafot etadigan chaqaloqlarning aksari o‘limiga sifatsiz tibbiy xizmat yoki muddatidan oldingi tug‘uruq sabab bo‘ladi.
Kambag‘allik oqibatlari
Dunyo bo‘yicha taxminan 356 mln bola o‘ta qashshoq ahvolda yashaydi. Kambag‘al bolalarning o‘lim xavfi o‘ziga to‘q yashayotgan oilalarning farzandlariga qaraganda ikki barobar yuqori. Hatto rivojlangan davlatlarda ham har yettinchi bolaga kambag‘allik xavf soladi.
Foto: UNICEF
Qashshoqlikda yashayotgan bolalar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, kamroq bilim va malakaga ega bo‘lib o‘sishadi, bu esa ularning kelajakda munosib ish topishiga ham xalaqit beradi.
Dunyo bo‘yicha 5 yoshdan kichik bo‘lgan 14 mln bola kuchli ochlik, minimal diyeta talablarida ovqatlanmaslikdan azob chekadi. Ularning atigi 25 foizi hayotini saqlab qolish uchun davolanish imkoniga ega.
Maktabga borib ham bilim olish imkoni cheklanyapti
Dunyodagi har bir bola ta’lim olish huquqiga ega bo‘lsa-da, hamma bundan foydalana olmaydi. Taxminan 600 mln bola va katta yoshlilar o‘qish va matematikani minimum darajada ham o‘rgana olishmagan. Ularning har 4 nafaridan biri maktabda o‘qigan yoki o‘qiyotgan bo‘lsa-da, kerakli bilimlarni egallay olmagan.
Foto: UNICEF
Bolalarning sifatli ta’lim olishi bilan bog‘liq to‘siqlar juda ko‘p, ular – kambag‘allik, iqtisodiy-siyosiy inqirozlar, nizoli vaziyatlar yoki tabiiy ofatlar. Malakali o‘qituvchilar yetishmasligi, maktab infrastrukturasi yomonligi ham yosh avlodning ta’lim olishiga jiddiy xalaqit beradi.
Koronavirus pandemiyasi esa ta’lim inqirozini yanada chuqurlashtirib yubordi.
Kam va o‘rta daromadli mamlakatlarda yashaydigan 10 yoshgacha bolalarning 50 foizi shundoq ham o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarida orqada bo‘lgan. Maktablarning uzoq vaqt yopilgani va masofaviy ta’lim yetarli darajada samarali bo‘lmagani sababli o‘rganishida muammosi bor bolalar 70 foizga yetishi taxmin qilinyapti.
Bolalar mehnati
Dunyo bo‘ylab 160 mln bola majburiy mehnatga jalb qilingan. Pandemiya majburiy mehnatga jalb etiladigan bolalar sonini yanada ko‘paytirishi xavfi mavjud.
Foto: UNICEF
Ma’lumotlarga ko‘ra, majburiy mehnat qiladiganlarning 28 foizi atigi 5-11 yoshda, 35 foizi esa 12-14 yoshda – ularning ayni maktabga qatnaydigan davri. Turmush tashvishlari sabab o‘g‘il bolalar qiz bolalarga nisbatan ertaroq mehnat qilishga, ro‘zg‘orga qarashishga majbur bo‘lishadi. Qishloq hududlarida yashaydigan bolalar shahardagi bolalarga nisbatan 3 marta ko‘proq majburiy mehnat bilan band bo‘ladi.
Erta turmush
18 yoshdan kichiklarning turmushi – erta nikoh hisoblanadi. Pandemiyadan oldin dunyoda 100 mln qizni erta nikoh kutayotgani prognoz qilingan bo‘lsa, lokdaunlardan so‘ng yana 10 mln qizni shunday hayot kutayotgan bo‘lishi mumkin.
Foto: UNICEF
Erta nikoh qizlarning sog‘ligiga jiddiy xavf soladi, qolaversa, ularning ta’lim olishini cheklaydi, uy zo‘ravonligiga uchrashi holatini ko‘paytiradi.
O‘zbekiston bolalari
O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lganlar soni 18 millionga yaqin. Ular ta’lim olish va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega. Majburiy mehnat bartaraf etilgan: Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021 yilda bolalar mehnatiga butunlay chek qo‘ygani haqida xulosaga keldi.
Lekin mamlakatda bolalar duch kelayotgan muammolar ham mavjud. Masalan, 3 mln o‘quvchining malakali kadrlardan dars olish imkoni yo‘q.
Ota-onasi boshqa davlatlarga mehnat muhojiri bo‘lib ketgan bolalar ham anchani tashkil qiladi. Bolalarga oid aniq raqamlar bo‘lmasa-da, mehnat muhojirlari soni orqali bolalarning ham taxminiy sonini chiqarish mumkin: birgina Rossiyaning o‘zida 1,3 mln o‘zbek migranti mehnat qiladi.
Foto: UNICEF
Bundan tashqari, nogironligi mavjud bo‘lgan 35 mingdan oshiq bolalarning inklyuziv jamiyat orasida bo‘lish orzusi ko‘chalar va binolar infrastrukturasi talabga javob bermasligi sababli amalga oshishi qiyin, ular boshqalar kabi to‘kis harakatlana olishmaydi.
Qolaversa, eng jiddiy muammo – bolalar maktabni tugatgach, kasb o‘rganib mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishi bilan bog‘liq. Oliy ta’lim bilan qamrov bu yil 38 foizga yetkazilayotgan bo‘lsa-da, hamma bolalarda OTMda o‘qish imkoniyati yo‘qligi o‘qishga kirolmaganlarning kelajak uchun turli ko‘rinishda kurashishlariga sabab bo‘ladi.
Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, bolalar bugun duch kelayotgan va kelajakda duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal qilish uchun doimiy ravishda ishlarni amalga oshirib borish faqatgina 1 kun – 1 iyunni tantanali bayram qilishdan ko‘ra ko‘proq ularga baxt va kelajak farovonligini bera olishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi