19:37 / 03.07.2022
1 214

Shavkat Mirziyoyev: «Konstitutsiya faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi hamda takomilga yetkaziladi»

Shavkat Mirziyoyev: «Konstitutsiya faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi hamda takomilga yetkaziladi»
Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan o‘tkazgan uchrashuvda Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar faqatgina xalqning roziligi asosida qabul qilinishi haqida gapirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.

«Mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining ‘Favqulodda holat to‘g‘risida’gi qonuniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida men 2022 yil 3 iyuldan 2 avgustga qadar ‘Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish haqida’gi farmonni imzoladim.

Ishonchim komil, ushbu farmon ijrosini ta’minlash davomida ko‘pmillatli Qoraqalpog‘iston xalqi mamlakatimiz ravnaqi va farovonligining poydevori bo‘lgan tinchlik va barqarorlik, fuqarolar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash uchun birlashib, barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

Yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: ‘O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi e’lon qilindi va umumxalq muhokamasidan o‘tmoqda. U faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi va takomilga yetkaziladi.

Shundan so‘ng mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi va fuqarolarimiz erkin ovoz berish yo‘li bilan o‘z xohish-irodasini ifoda etadilar. Faqat shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy kuchga ega bo‘ladi.

Bunday yondashuv ‘Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi’, degan prinsipga to‘la mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz ‘Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam’, deb g‘urur bilan ayta oladi.

Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha muhokamalar jarayoni davom etmoqda. Qoraqalpog‘iston aholisi tomonidan bildirilayotgan fikrlarni o‘rganish asosida Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, muhtaram nuroniylarimiz hamda Qoraqalpog‘iston faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda men O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, o‘zgartirmasdan qoldirishni taklif etdim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yaqin kunlarda bu masalani ko‘rib chiqadi.

Hurmatli deputatlar va Qoraqalpog‘iston ahli!

Ma’lumki, keyingi yillarda biz sizlar bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdik. Ularning amaliy natijalarini ushbu diyorda yashayotgan har bir inson bugun o‘z hayotida his etmoqda.

Oxirgi besh yilda hududning mahalliy budjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish bo‘yicha muhim dasturlar izchil amalga oshirilmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, «temir daftar»ga kiritilgan 65 mingga yaqin oilaga, 16 yoshgacha bolalikdan nogiron a’zosi bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan 17 ming oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Birgina 2020 yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshdi. So‘nggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta o‘sdi. O‘nlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy agroklasterlar, qo‘shma korxonalar ishga tushirildi. Respublikada minglab yangi ob’ektlar barpo etildi, rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. Jumladan, ko‘plab bolalar bog‘chalari, umumta’lim va ixtisoslashgan maktablar, oliygohlar, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirildi.

Bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017 yildagi 32 foizdan 75 foizga yetdi.

‘Obod qishloq’ va ‘Obod mahalla’ dasturlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari holatini yaxshilash bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, hududni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ham faol ish olib borilmoqda. Xususan, bir paytlar nochor ahvolga tushib qolgan Mo‘ynoq bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, jadal rivojlanib borayotgan zamonaviy tumanlardan biriga aylandi», — degan prezident.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: «Konstitutsiya faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi hamda takomilga yetkaziladi»