17:39 / 07.07.2022
1 931

O‘zbekistonda 4 kunlik ish haftasini sinab ko‘rish taklif qilindi

O‘zbekistonda 4 kunlik ish haftasini sinab ko‘rish taklif qilindi
Adham Bekmurodov
Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov xorij tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistonda ham haftalik ish kunlarini to‘rt kungacha qisqartirish bo‘yicha tajriba o‘tkazishni taklif etdi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining jamoatchilik kengashi yig‘ilishida bu taklifni o‘rtaga tashlagan Bekmurodov vazirlikdan so‘rovnomalar orqali davlat tashkilotlarida mehnat unumdorligini baholab chiqishni so‘radi.

Yig‘ilishda Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori butun dunyo, jumladan, Buyuk Britaniya ham to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazgani, shu sababli O‘zbekistonda ham ish rejimi va mehnat unumdorligi masalasida ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilishi kerakligini ta’kidladi.

Biz esa hali yakshanba kuni [dam olishga] kurashib, erisha olmayapmiz. Shuning uchun bir yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz kerak. [Haftasiga] yetti kun ishlaganimizdan keyin, sakkizinchi kundagi mehnat unumdorligi jumaga nisbatan qanchaga tushib ketadi? Buni olimlar hisoblasa bo‘ladi. Hech bo‘lmasa [shu masala] bir kun ko‘tarilgan paytda: “Mana, bu borada tadqiqot bor, 4 kunlik ish rejimiga o‘tsak, bizda mehnat unumdorligi bunaqa bo‘ladi”, deb ayta olamiz.

Oddiy bitta misol: Markaziy davlat boshqaruv organlari bilan ularning hududiy boshqarmalari o‘rtasida besh yuzdan ortiq bir-birini takrorlaydigan funksional vazifalar bor. O‘sha ishni kimdir qilishi kerak, lekin bitta ishni uchta darajada qiladiganlar bor. Shuning uchun mehnat unumdorligi 8 soatda davlat idorasi xodimi uchun qanaqa intensiv bo‘lishi kerak va shundan kelib chiqib, uni xronometraj qilish kerak.

Masalan, bir kunda u nima ish qilyapti? Bu savolni ko‘tarsak, darrov bizga e’tirozlar bo‘ladiki, o‘zi o‘tirgan odamlarning foydasi bormi? Biz foydasi bor yoki yo‘qligini baholashimiz kerak, buning uchun esa avval ilmiy tadqiqot o‘tkazilishi kerak
”, – dedi akademiya rektori.

Bekmurodovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 120 mingga yaqin davlat xizmatchisi bor. Oxirgi 5 yilda davlat idoralari soni 2 barobarga, mehnat intensivligi esa 4,5–5 barobarga oshgan.

O‘tgan yili 97 mingga yaqin davlat xizmatchisi, ya’ni davlat boshqaruvi organlarining turli darajadagi rahbar-kadrlari akademiyamizda o‘qidi. Joriy yilning 6 oyi davomida esa 52 ming kishini o‘qitdik. Ularning aksariyatiga darsga o‘zim kiraman-da, doim ko‘zlariga qarab baho beraman: ulardagi mehnat unumdorligini oshirishning birinchi drayveri – ish rejimini optimallashtirish.

O‘tgan shanba kuni Toshkent shahri tumanlarining rahbar-kadrlari o‘qishi bo‘ldi. Tuman darajasidagi bo‘lim boshliqlari, ular akademiyamiz nomenklaturasidagi eng quyi bosqich hisoblanadi. Ko‘pchiligi darslarda uxlab o‘tiribdi, chunki zo‘riqish haddan ziyod yuqori ularda.

Ulardan so‘radim: mehnat unumdorliklaringizni oshirishning birinchi yo‘li nimada? “Domla, har shanba ikki soatga bo‘lsa ham akademiyaga chaqirib o‘qitinglar”, deyapti. Lekin afsuski ularning o‘qishi shu bilan keyingi yili bo‘ladi. Odatda bizda tahsil oluvchilar darslardan so‘ng o‘qituvchilarning ishlarini baholashadi. Natijalarni ko‘tartirsam, tumanlardan kelgan mutaxassislar taym-menejment hamda stress-menejment bo‘yicha dars bergan o‘qituvchilarga yuqori baho berishgan. Nima uchun? Chunki ularga shu fanlar ko‘proq kerak
”, deydi Adham Bekmurodov.

Xalqaro tajriba

Adham Bekmurodov ta’kidlaganidek, dunyoning qator mamlakatlarida 4 kunlik ish haftasiga o‘tish bo‘yicha faol izlanishlar boshlangan. Jumladan, 2018 yilda Yangi Zelandiyaning Perpetual Guardian kompaniyasida xodimlar ish haqi kamaytirilmagan holda besh kun o‘rniga to‘rt kun ishlashgan va natija a’lo bo‘lgan: xodimlarda hayotdan umumiy qoniqish yanada o‘sgan. Bandlik hissi pasayib, zo‘riqish darajasi 45 foizdan 38 foizga tushgan.

2019 yilda Microsoft korporatsiyasining Yaponiyadagi filiali xodimlariga bir oy davomida juma kunlari ishlamaslikka imkon berganidan so‘ng to‘rt kunlik ish haftasi kompaniyaning ish unumdorligini oshiradi, degan xulosaga kelgan.

Bundan tashqari, Ispaniya, Belgiya, Germaniya, Shotlandiya va AQSHda ish vaqtini qisqartirish, 4 kunlik ish haftasiga o‘tish bo‘yicha rejalar amalga oshirilayotgani e’lon qilingan. Islandiya poytaxti Reykyavikda esa 2015 yildan beri ishchilar haftasiga to‘rt kun ishlab kelmoqda.

O‘zbekistondagi vaziyat

Aslida ish haftasini qisqartirish, barcha uchun besh kunlik qilib belgilash ko‘p yildan buyon ilgari surib kelinadi. 2018 yili “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga ish haftasini barcha uchun besh kunlik qilib belgilash haqida petitsiya joylashtirilgan, murojaat muallifi bu amaliyot rivojlangan Yevropa va Osiyo mamlakatlarida keng qo‘llanib, o‘zining iqtisodiy va ijtimoiy samarasini amalda isbotlaganini ta’kidlagandi.

Qayd etilishicha, mamlakat bo‘ylab barcha idoralarni 5 kunlik ish rejimiga o‘tkazish quyidagi afzalliklarni beradi:
  • ishchilarda qo‘shimcha dam olish kunining paydo bo‘lishi, ularda dam olishga nisbatan ehtiyojni oshiradi va bu albatta, ichki turizmning rivoji uchun muhim hisoblanadi;
  • ishchilarda ishga nisbatan ishtiyoqning oshishi. Olimlarning ta’kidlashicha, 5 kunlik ish kuni ishchilarda qo‘shimcha g‘ayrat paydo qilar ekan. Ular haftaning birinchi ish kunini barcha uy tashvishlaridan xoli, muammolarsiz boshlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi;
  • turmush farovonligining oshishi. Ikki kunlik dam olish ishchi xodimlarda oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish imkoniyatini yaratib, ularda oilasi bilan dam olish, sayohatlarga chiqish va bola tarbiyasi bilan birgalikda shug‘ullanish, uy yumushlarini kamaytirish imkoniyatini yaratadi va bu o‘z navbatida, jamiyatimizning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oilaning mustahkam bo‘lishiga qulay imkoniyat yaratadi;
  • budjet tashkilotlari uchun xarajatlarni iqtisod qilish imkoniyati. Turli xil kommunal xarajatlar o‘rtacha 15–20 foizga qisqaradi. Xodimlar ham qisqartirilgan kunlar hisobiga yo‘l va ovqatlanish xarajatlaridan iqtisod qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu taklifga munosabat bildirib, Mehnat qonunchiligiga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritishni talab etadigan bunday taklif maqsadga muvofiq emasligi, qolaversa, barcha budjet va nodavlat tashkilotlarni to‘liq besh kundan iborat majburiy ish haftasiga o‘tkazishga zarurat yo‘qligini ma’lum qilgandi.

DXRA so‘rovnoma o‘tkazmoqda

2022 yil 28 iyunda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat xizmatchilarining ish vaqti masalasi tadqiq qilinayotgani, ayrim toifadagi davlat xizmatchilari moslashuvchan ish rejimiga o‘tishi mumkinligini bildirdi.

Agentlik tomonidan tizimni yanada takomillashtirish, davlat xizmati jozibadorligini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan so‘rovnomadan respondentlarning davlat organi yoxud xususiy sektorda ishlashi, bir kunda o‘rtacha necha soat vaqtini ish joyida o‘tkazishi, har kuni ishga soat nechada kelib nechada ketishi, respondent uchun ma’qul moslashuvchan ish grafigi, moslashuvchan ish rejimini tashkil etishga munosabatini aniqlashtiradigan savollar o‘rin olgan.

So‘rovnoma anonim xarakterga ega, ya’ni unda ishtirok etganlarning shaxsi sir saqlanadi. So‘rov natijalari umumlashtirilgan holda tahlil qilinadi.

So‘rovda ishtirok etish uchun quyidagi havolaga o‘ting: https://forms.gle/p9GktyQ8Z5YfsnmE8

Jamshid Niyozov, jurnalist

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda 4 kunlik ish haftasini sinab ko‘rish taklif qilindi