23:14 / 17.07.2022
3 944

Yigitali Mamajonov: Rahmatli dadasi, Rossiyada kuniga 200 dollar topgani va onasi ular bilan yashamasligi sababi haqida

Yigitali Mamajonov: Rahmatli dadasi, Rossiyada kuniga 200 dollar topgani va onasi ular bilan yashamasligi sababi haqida
Foto: «Daryo»
Aktyor, kaskadyor Yigitali Mamajonov «Daryo» internet nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Aktyor Yigitali Mamajonov suhbat davomida ilk marotaba dadasi haqida, uning ota-onasi bolaligida ajrashib ketgani, dadasining baxtsiz hodisa sababli olamdan o‘tgani, Rossiyada antenna qo‘yib, kuniga yaxshigina daromad topgan yillari haqida gapirib berdi.

— Yigitali Mamajonov rahmatli otasi haqida
— Dadam savdogar inson bo‘lganlar. Dastavval savdoni meva-sabzavot mahsulotlarining savdosi bilan boshlaganlar, keyinchalik esa valyuta savdosi bilan shug‘ullanganlar. Dollar u vaqtlarda yurtimizda yo‘q edi. Bo‘lsa ham sanoqli insonlarda bo‘lgan. Dadam asli O‘zganda dunyoga kelganlar. Dadam tengi insonlar hozir ham dadamni juda yaxshi bilishadi. Ular sportchi inson bo‘lganlar.

Meva-sabzavotlarni O‘zbekistondan olib, Rossiyaga sotganlar. O‘sha vaqtlarda onam bilan tanishganlar ular turmush qurgan va men Moskva shahrida dunyoga kelganman. Moskvada uyimiz bo‘lgan.

Uch yoshimda ota-onam ajrashganlaridan so‘ng, alohida yashaganmiz. Dadam sakkiz yoshimda olamdan o‘tganlar. «Bo‘ldi, sizlarni ham o‘zim bilan olib ketaman», degandilar o‘sha kelganlarida. Ammo o‘sha voqeadan uch oy o‘tib, baxtsiz hodisa sababli vafot etganlar. Aka yoki ukalarim bo‘lmagan.

— Nega Yigitali Mamajonov onasi bilan birga yashamaydi?
— Onam biz bilan yashaydilar, ammo ular Toshkentga o‘rgana olmadilar. «Menga Xonabodim yaxshi» deydilar. U yerda ham uyimiz bor, havosi juda salqin, katta o‘zgarishlar bo‘lgan. Yo‘llar ravon, ko‘chalar juda yorug‘ bo‘lgan. Odamlar kechalari sayr qilib, mazza qilib yashaydigan joylar bo‘lgan.

— Yigitali Mamajonov to‘ylarda boshlovchilik qilganmi, gonorari qancha bo‘lgan?
— «Shu ishni qila olmaysan», degan gapni yoqtirmayman va shu gapni aksini takrorlagim keladi. Yoshligimda omma oldida gapirishga, intervyu berishga uyalar edim. Birinchi bergan intervyularimni ko‘rgim kelmaydi.

Ma’lum vaqt to‘ylarda boshlovchilik qilganman. To‘y insonni pulga qiziqtiradi, ammo ijodini to‘xtatib qo‘yadi. Shuning uchun to‘ylarimni ko‘paytirishga harakat qilmasdim. To‘yda janjalli holatlar bo‘lmagan, san’atkormiz, hurmatimizni bilib, ibrat bo‘lishga harakat qilganmiz.

To‘ylarda birinchi chiqishlarimda 200 dollar gonorar olganman. Keyinchalik 400-500 dollar haq olardim. Oxirgi to‘yim bir qadrdonimizning to‘yida ayolim bilan birgalikda boshlovchilik qilganmiz.

— Yigitali Rossiyada antenna o‘rnatib, kuniga 150-200 dollar pul topgani haqida?
— Mohirilla aka degan usta akamiz, menga Rossiyada antenna qo‘yishni o‘rgatdilar. U akani ham boshidan juda qiyin kunlar o‘tgan ekan. Eng qiyin, baland tomlarga chiqib antenna qo‘yardim. «Ali unaqa baland joylarga chiqmang, pastroqqa qo‘yaveramiz», deb xavotir olib o‘tirardilar. Rossiyada to‘rt oy vaqt davomida antenna qo‘yganman. Bu ishdan kuniga 150-200 dollar pul topardim. Ustamni topishini ko‘rib, «menga 150 dollar kammasmikan», deb o‘ylab qolardim. Bu juda qiyin kasb edi.

O‘sha vaqtlarda «Oyqiz ertagi» filmida bosh rolni ijro etish uchun 6 million so‘m gonorar beramiz, deb chaqirishgan. O‘sha film uchun Rossiyadan qaytganman.

— Kulgi jamoalari Yigitali Mamajonov haqida hazillar qilishiga qanday munosabat bildiradi?
— Ularga e’tibor ham bermayman, hattoki ba’zida ularni eshitmayman ham. Kimdir siz haqingizda gapirishibdi, deb ko‘rsatsa ko‘raman. Ular ham endi o‘zlarining fikr doirasidan kelib chiqib hazil qilishadi.

— Shou-biznes odamlarining qaysi odatlari unga umuman yoqmaydi?
— Shou-biznesdagi laganbardorlikni yoqtirmayman. Ustoz, ustoz, jonim ustozim, deganlarni jinim suymaydi. Yoqtirmayman. Eng yoqtirmagan insonlarim laganbardorlar.

Siz bilan hozir gaplashib, Feruzbek siz juda qobilyatlisiz, deb turib, ketganizdan so‘ng, shu Feruz isqirt bolada, deydiganlar bor. Orqadan gapiradigan odamlarni juda yomon ko‘raman. Bu juda yomon odat. Undan ko‘ra har bir orqadan qilingan gap-so‘zni joyida aniqlashtirib olgan yaxshi.

— Yigitali Mamajonov «Mendirman Jaloliddin» tarixiy seriali kastingiga borganmi?
— Jaloliddin Manguberdi tarixiy serialining kastingiga chaqirishdi. Kastinga bordim, kastingni juda zo‘r deya olmayman, chunki birdan, juda tez bo‘lib ketdi. «Qo‘lingdan nima keladi», deyishdi. O‘zim haqimda ma’lumot berdim. O‘qiganimni, serial, kino, kliplarda suratga tushganimni ma’lum qildim.

«Ot minishni bilasanmi?», deyishdi, «Fil minishni ham bilaman», dedim. «Xohlasangiz tryuklar ham qila olaman», dedim, uni ham ko‘rsatganimdan so‘ng «voy, zo‘r, Yigitali», deb qoyil qolishdi. Ammo meni bu rolga olishmadi, chunki Jaloliddinni o‘ynayotgan turk aktyori men ko‘rsatgan ishlardan birortasini qila olmas edi. Ularga bu narsalarni qilishga ancha bor. Maqtanish emas, hali ancha bor. Chunki bu ishlarni u aktyorlarning o‘rniga qilishi uchun kaskadyorlarga pul to‘lashadi va ular qilishadi. Biz esa bu ishlarni o‘zimiz qilamiz. Kerak bo‘lsa rolni ulardan yaxshi o‘ynab bera olamiz, faqat yaxshi rejissyor bilan ustimizda ishlasak kifoya. O‘sha rol bilan yashaymiz, kerak bo‘lsa. Xullas keyin serialga chaqirilganim ham yo‘q.

Ma’lumot uchun, Yigitali Mamajonov 1990 yil 16 iyun kuni Moskva shahrida dunyoga kelgan. 2012 yilda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan. 20 dan ortiq film va seriallarda bosh rollarni ijro etgan. 40 dan ortiq videokliplarda rol ijro etgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yigitali Mamajonov: Rahmatli dadasi, Rossiyada kuniga 200 dollar topgani va onasi ular bilan yashamasligi sababi haqida