23:00 / 18.07.2022
1 654

Jamoatchilikning keskin chiqishlari fonida Inkuzart’ning Zelenskiy va Putin aks etgan surati o‘chirildi

Jamoatchilikning keskin chiqishlari fonida Inkuzart’ning Zelenskiy va Putin aks etgan surati o‘chirildi
Foto: Telegram
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Inkuzart taxallusi ostida ijod qiluvchi ko‘cha rassomining Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin tasvirlangan yangi graffitisi paydo bo‘lgani xabar qilingandi. Ijtimoiy tarmoqlarda ijod namunasi o‘chirilgani aks etgan fotosuratlar tarqaldi.

Muallif surat chizish jarayoni aks etgan postda «Kim haq yoki nohaq — bu qaysi tomondan qarashga bog‘liq», deb rus va ukrain tillarida izoh yozib qoldirgan.

Surat o‘chirilganidan keyingi holat
Foto: Telegram

Ijod namunasi jamoatchilikning keskin muhokamalariga sabab bo‘ldi. Bir qator faollar va fikr yetakchisi bo‘lgan blogerlar Inkuzart hamda u chizgan suratni tanqid qilib, hatto, muallifni Rossiya propagandisti sifatida ta’riflamoqda. Jumladan, tadbirkor, Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimovning fikricha, hech bir nuqtai nazar urushni tushuntirishga yoki oqlashga harakat qilishi kerak emas.

«Agressiya, qotilliklar, millionlab begunoh qurbonlarning cheksiz iztiroblari, tinch aholiga qarshi urush jinoyatlariga qay tomondan qaramaylik, shundayligicha qolaveradi. Chunki bu falsafiy tortishuv yoki mavhum qarashlar to‘qnashuvi emas, bu hech qaysi axloq tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydigan haqiqiy urush.

Buni men hurmat qilgan ijodkor qilganidan ikki karra afsusdaman
», deb yozadi u Facebook’dagi sahifasiga joylagan postida.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov holatga munosabat bildirib, har kimda ham o‘z «haqiqati» borligini, bu esa har qanday jirkanchlikni oqlab bera olishini aytgan.

«Albatta, har kimning o‘z haqiqati bor. Zo‘ravon sifatida o‘n va balki yuz minglab odamlarning o‘limida aybdor bo‘lgan, hokimiyatni saqlab qolish uchun ummonlarcha qon to‘kishga tayyor, lekin joni shirinligidan o‘zi bunkerda qo‘rqoqlarcha titrab o‘tiradigan diktator-manyakda ham, yoki o‘z xalqini omon qolish va ozodlik uchun yetaklagan prezidentda ham. Agar siz manyakning nuqtai nazardan qarasangiz, haqiqat kannibalizm, qotillik, zo‘ravonliklarni oqlaydi.

Ammo bu ikki haqiqatni tenglashtirishga arziydimi? Gitler va Cherchill, Chikatilo va uning ba’zi qurbonlari bilan o‘xshash tasvirlar qanday ko‘rinadi? Shunga qaramay, bu har xil ‘haqiqatlar‘ni tenglashtirish ham manyaklarni va qotillarni de-fakto himoya qiladigan pozitsiyadir. Bu ‘hammasi bu qadar sodda emas’ turidan
», — deydi u.

Rusiyzabon bloger Nikita Makarenko esa o‘z Telegram-kanalida quyidagicha post yozgan: «Shaxsan men uchun rassom Inkuzart tugadi. Men unga Pablo Pikassoning ‘Gernika’ asarini diqqat bilan tomosha qilib chiqishni tavsiya qilaman. Xayr, Inkuzart».

Pablo Pikasso ijodiga mansub «Gernika» asari
Foto: picassotradicionyvanguardia

U surat ostida keltirilgan «Kim haq yoki nohaq — bu qaysi tomondan qarashga bog‘liq» izohiga e’tiroz bildirgan.

«Yo‘q, bunday emas. Rassom yaxshini yomondan ajrata bilishi kerak. Va u buni uddalay olmadi», — deydi Makarenko.

Bundan tashqari, bloger Nurbek Alimov Inkuzart birinchi marta o‘chirib yuborishga loyiq surat chizganini, bloger Dilshod Hoshimov esa urushni oqlaydigan har qanday propaganda o‘chirilishi va bloklanishi to‘g‘ri yo‘l ekanini yozgan.

«Gazeta.uz» surat yuzasidan rassomning o‘zidan izoh olgan. Inkuzart qisqacha qilib: «Har kimning o‘z haqiqati borligini aytmoqchi bo‘ldim», — deya javob bergan. Shuningdek, u: «Men tinchlik tarafdoriman», — deya qo‘shimcha qilgan.

Shundan so‘ng graffiti o‘chirilgani haqidagi xabarlar tasdiqlandi va «Daryo» internet-nashri muxbiri surat o‘chirilgani, shuningdek, jamoatchilikning fikrlari yuzasidan munosabat olish uchun Inkuzart bilan bog‘landi. Suhbatda hozirda holat bo‘yicha izoh berolmasligini, keyinchalik post shaklida fikrlarini bayon qilishini aytgan Abdurahmon (Inkuzartning asl ismi) biroz vaqt o‘tgach Telegram-kanaliga quyidagi so‘zlar yozilgan suratni joyladi:

«Ikki lagerga bo‘linib olgan odamlarning qarama-qarshi fikrlarini kuzatish qiziq. Buni surat isbotladi. Tinchlik bo‘lsin».

Foto: Telegram /@inkuzart

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jamoatchilikning keskin chiqishlari fonida Inkuzart’ning Zelenskiy va Putin aks etgan surati o‘chirildi