1 887
Ekspertlar maktab bituvchilarining bilim va dunyoqarashi haqida: “Abituriyentlarning saviyasini ko‘rib, yig‘ladim”
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari vaqti yaqinlashmoda. Davlat test markaziga ko‘ra, bu yilgi test sinovlari 8 avgustdan boshlanishi rejalashtirilgan.
Ijodiy baholashni talab qiladigan yo‘nalishlarda esa saralash jarayonlari allaqachon boshlanib ketgan. Jumladan, bir necha kundan buyon jurnalistlar, tashkilot va vazirliklarning matbuot kotiblari O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universitetida abituriyentlar bilan bo‘layotgan saralash suhbat jarayonlari haqidagi xulosalarini tarmoqlardagi sahifalarida yozib borishmoqda.
Fikrlarni o‘qirkansiz, tajribali jurnalistlar, matbuot kotiblari sohaga qadam qo‘yish niyatida bo‘lgan yoshlarning bilim va dunyoqarashidan qoniqmayotganini sezasiz.
Masala bevosita o‘zbek maktab ta’limi, uni bitirib chiqayotgan yoshlarning bilimi, dunyoqarashiga borib taqalarkan, bu haqdagi fikrlarini chuqurroq ifodalab berishini so‘rab, ekspertlarning o‘ziga yuzlandik.
Qobilbek Karimbekov, siyosiy sharhlovchi
— Yaqinda Jurnalistika universitetiga hujjat topshirgan abituriyentlarni suhbat asosida saralab olishga yordam berish uchun men kabi 30ga yaqin jurnalistlarni ekspert sifatida chaqirishdi.
Men o‘zimning suhbatimdan o‘tgan yigit-qizlarni 3ta kategoriyaga bo‘lgan bo‘lardim. Birinchisi – haqiqatda kuchli, bilimli bitiruvchilar. Abituriyentlar ichida bunday bolalar ham bor va men ularga, ularning ota-onasi, ustozlariga rahmat aytaman.
Ikkinchisi – o‘rtamiyonalar. Bunday bolalar ham bor.
Uchinchisi esa meni juda qattiq xafa qilgan bilimsiz bolalar toifasi.
Afsuski, abituriyentlar ichida ana shu uchinchi toifadagi bitiruvchilar juda ko‘p. Ular eng oddiy savollarga ham javob bera olishmayapti. Bu faqat mening fikrimmikin, deya boshqalar bilan ham gaplashib ko‘rdim. Yo‘q, hammaning fikri shunday. Hamma noliyapti bitiruvchilardan.
Bizga abituriyent bilan qaysi yo‘nalishlarda gaplashish, bilimini sinash bo‘yicha yo‘riqnoma berilgandi. Savollarda shu yo‘riqnomadan kelib chiqdik. Ularga murakkab savol berganimiz yo‘q.
Afsuski, yoshlarimizning katta qismi shu elementar qilib tuzilgan savollarga javob berolmayapti. Ularning dunyoqarashi juda tor. Abituriyentlar kirsam kirarman, bo‘lmasa, yo‘q, qabilida hujjat topshirishgan. Ularda yurak yonmayapti.
Ey, baraka topgur, sen jurnalistikaga, xalqaro jurnalistikaga kelyapsan-ku, nega bunday befarqsan, nega buncha bilimsizsan?
Ayni shu bilim degan joyiga misol keltiraman. Abituriyentlardan biriga O‘zbekistonning qaysi davlatlar bilan chegaradosh ekani haqida savol berdim. Har tugul Qozog‘iston va Tojikistonni sanadi. Keyin to‘xtab qoldi. Unga yordam beray, deb Turmanistonni o‘zim aytdim. U esa ustoz, hazillashyapsizmi, Turkmaniston bizga chegaradosh emas-ku, deydi.
Yoki boshqasiga huddi shu savolni berib, yordam uchun bittasi Surxondaryoga chegaradosh davlat (Afg‘oniston nazarda tutilmoqda – tahr) desam, domla, kulyapsizmi, davlatlar viloyat bilan chegaradosh bo‘lmaydi-ku, deydi.
Yoki bir nechta abituriyentdan bolajonim, Markaziy Osiyodagi maydoni va aholisi bo‘yicha eng katta davlatlarni ayting, deb so‘rayapman. Yo‘q, javob berisholmayapti. Maktabda bazaviy bilim yo‘q.
Men ulardan hali O‘zbekistonni ichki, tashqi siyosati haqida so‘ramayapman. Bitiruvchilarimizda geografiya, tarix, siyosat, adabiyot bo‘yicha bilim juda past. Bu meni qattiq xafa qildi.
Men etibor bergan yana bir jihat bor, lekin o‘quvchilarimiz buni mahalliychilik, deya qabul qilmasin. Chunki o‘zimning ham onam xorazmlik bo‘lsa, otam toshkentlik.
Masala shundaki, viloyatlik bolalar bilan toshkentlik bolalarning bilim darajasi o‘rtasida ham sezilarli farq bor. Toshkentlik bolalarni qandaydir no‘noq deymizmi, boshqami, ishqilib, ular siyosiy bilim jihatidan judayam orqada qolgan. Bundan xafa bo‘lib, yonimdagi sheriklarimga savol berdim, shaharlik bolalarda qorin to‘qroqmikin, nega ular buncha no‘noq, deb.
Yo‘q, maktablarda bilim berishni bunday davom ettirib bo‘lmaydi.
Sharofiddin To‘laganov, siyosiy sharhlovchi
Faqat bitta gapni aytishim mumkin, men maktabni bitirib, oliy ta’limga qadam qo‘yayotgan bolalarning ahvolini ko‘rib, yig‘ladim. Ular maktabni bitirdimi, boshqa ish topaversin. Chunki bu saviya bilan ularning oliy ta’lim dargohiga kirishlarini men hayolimga keltirolmayman. Ular balki testni yaxshi topshirar, besh baho ham olar, lekin ularda fikrlash, dunyoqarash nol.
Men O‘zbekistonning qayerda joylashib, kimlar bilan qo‘shni ekanini bilmagan bolani oliy ta’limga kirishini tasavvur qilolmayman.
O‘zim suhbatda bo‘lgan abituriyentlardan o‘zbekistonlik jurnalistlar haqida so‘rayapman. Ular “Markaziy studiya” diktorlaridan boshqasini bilmaydi. To‘g‘ri, men bu dasturdagi yigitlarni yaxshi ko‘raman, hurmat qilaman. Lekin bo‘lajak jurnalistda saviya, ko‘radigan ko‘rsatuv, dastur, taniydigan odamlari faqat bular bo‘lishi kerak emas-ku.
Bu deganiki, maktablarda o‘quvchilarning dunyoqarashi, bilimi, siyosiy bilimini oshirishga bo‘lgan e’tibor o‘lgan. Odamlarning fikri, hayoli serial, serial, serial va yana serial. Bitiruvchilarda siyosatdan xabardorlik nol, saviya nol. Bolalarning birortasi siyosiy yangilik beradigan saytlarni, televideniyadagi ko‘rsatuvlarni bilmaydi. Kun.uz, Daryo.uz, BBC o’zbek, Ozodlik, Amerika ovozi, hech biri, hech birini bilmaydi.
Shuningdek, men gaplashgan bolalarning birortasida saviyali yuritilgan ijtimoiy tarmoq yo‘q. Xo‘sh, shunday bititruvchilar ertaga siyosatni, dunyo siyosatini sharhlaydimi?
Men bu gaplarim uchun istalgan joyda javob berishga tayyorman. Chunki hamma ustozlar ham shu fikrda.
Sevara O‘rinboyeva, Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari
O‘zJOKUda boshlangan ijodiy imtihonda Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishiga hujjat topshirgan abituriyentlar bilan suhbat qildim.
Ijodiy imtihonga kelgan yoshlarning 10 nafari bilan suhbat qilgan bo‘lsam, ulardan atiga 1 nafari pichoqqa ilinadi (yig‘lagim keldi). O‘sha pichoqqa ilinadigan qiz bilan mazza qilib suhbatlashganimni hatto boshqalar ham sezdi.
Aksariyat yoshlar universitetga hatto biror tayyorgarliksiz kelgan. Nima uchun topshirganiniyam bilmaydi.
5 yildan keyin o‘zingizni kim sifatida tasavvur qilasiz deb so‘rasam jurnalist, deydi. Unda nima uchun Axborot xizmatiga topshirdingiz, desam jim. Aksariyati bemaqsad, tavakkal qilgan. Lekin barchasini jurnalistikaga qiziqishi baland. Biroq qiziqishni o‘zi bilan ish bitmaydi, o‘qish kerak, o‘qish kerak.
Aksariyati faqat nodavlat TVni ko‘radi, u yerdagi jurnalist diktorlarni taniydi. Kitob o‘qiysizmi desangiz olib qochadi... To‘g‘risi yuragim siqilib ketdi.
Istardikki, Axborot xizmati sohasida ham sifat bo‘lsin. Sifat bo‘lishi uchun esa har tomonlama salohiyatli, bilimli, o‘z sohasini tushunadigan, fidoyi kadrlar kerak.
Har nima bo‘lganda ham abituriyentlarga omad tilayman.
Doniyor Yusupov, Yoshlar radiokanali muxbiri
Universitetga radio, televideniye yo‘nalishida hujjat topshirgan abituriyentlarni saralash jarayonida qatnashdim. Yakunda bir xulosaga keldimki, bolalar o‘zi hujjat topshirayotgan yo‘nalish haqida hatto umumiy tasavvurga ham ega emas.
Soha haqidagi savollarimga javob ololmagach, abituriyentlardan qanday badiiy kitoblar o‘qigani haqida so‘rayman. O‘n birinchi sinfni tamomlaganlar Xudoyberdi To‘xtaboyev bilan O‘tkir Xoshimovdan nariyoqqa o‘tolmayapti. Ammo o‘qiganlar ham bu yozuvchilarning asarlarini tahlil qilmagan, qahramonlar ichiga kirish yo‘q, syujetni tushunmagan. Ayrimlari ohirgi marta qachon kitob o‘qiganini eslolmaydi.
Ha, bugungi ta’limning ahvoli huddi shunday. Bitiruvchilar janub bilan shimolning farqiga bormaydigan xilidan.
Boshlang‘ich bilimlarni aytmasa ham bo‘ladi. Yonimda o‘tirgan jurnalistlar ham dod deyapti. Men ikkinchi kuni suhbatga bormadim. Nega? Asablarim ikkinchi kunga dosh bermadi.
Ha, to‘g‘ri, bizda bilimli bolalar ham bor. Ayrimlar hatto dunyo olimpiadalarida yutib kelishyapti. Ularni boshimizga ko‘taramiz, lekin bular umumiy bitiruvchiga hisoblaganda necha foiz? Men umumiy ahvolimiz haqida gapiryapman.
Xulosa sifatida bugungi xalq ta’limining ahvolini o‘ta achinarli, deya baholayman. Balki hamma joyda ham shunday emasdir, lekin men ko‘rganimga qarab xulosa qildim.
***
Ma’lumot uchun, 27 iyul kuni Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov bayonot bilan chiqib, qizlarning maktabga milliy ro‘molda kelishi man etilmasligini ma’lum qildi.
“Ta’kidlash joiz, tasdiqlangan o‘lchamlarda eng minimal uzunlik belgilangan. Ya’ni o‘quvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan o‘lchamdan kalta bo‘lishi mumkin emas”, – dedi vazir.
Ilyos Safarov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin