15:35 / 25.08.2022
1 025

Shaxsga o‘z hayoti va mulkini har qanday tajovuzdan himoya qilish huquqi beriladi – Adliya vaziri

Shaxsga o‘z hayoti va mulkini har qanday tajovuzdan himoya qilish huquqi beriladi – Adliya vaziri
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov mulk huquqi masalasi hamda mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik va xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirishga qaratilgan Prezident Farmoni yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Vazirning ta’kidlashicha, adliya tizimi mulk huquqi masalasiga alohida e’tibor bilan qarab, uni rivojlanishning eng muhim omillaridan biri sifatida qadrlab kelmoqda.

«Ammo mulk huquqi yo‘nalishida silliq rivojlanyapmiz deya olmaymiz: “snos” va shu kabi mulk bilan bog‘liq boshqa chaqiriqlar jamiyatda mavjud ekan, biz o‘z missiyamizni bajardik deyishga haqqimiz yo‘q. Demak, bu boradagi qadamlarimizni yanada dadilroq davom ettiraveramiz», – deydi Davletov.

U, shuningdek, joriy yil 22 avgust kuni bo‘lib o‘tgan davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti xususida ham to‘xtalib, mulkiy munosabatlarni tartibga solishga oid Prezidentning tegishli Farmoniga ham sharh berib o‘tdi.

«Farmon bilan xalqimizning, tadbirkorlarning va har bir insonning o‘z mulkiga erkin egalik qilishi va undan foydalanishiga to‘sqinlik qilayotgan ko‘plab tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilindi. Jumladan:

– endilikda mulkka bo‘lgan huquqni qaysidir organ tomonidan (prostest asosida ham) oldin qabul qilingan hujjatni bekor qilish orqali tugatish mumkin emas. Agar hujjat noqonuniy qabul qilingan bo‘lsa, faqat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Oxirgi 2,5 yilda hokimlarning qarorlari bilan berilgan 2,5 mingdan oshiq yer uchastkalariga (101 ming gektar) bo‘lgan huquqlar ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organlar tomonidan, shu jumladan, prokuror protestlari asosida sud qarorisiz bekor bo‘lgan.

– bundan buyon yuridik shaxs tugatilganda, uning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlari bekor qilinmaydi va yer davlat zaxirasiga qaytarib olinmaydi. Aksincha, ushbu yerlar tugatilayotgan yuridik shaxs muassislariga o‘tadi;

– yerdan ixtiyoriy voz kechish (ayniqsa fermerlar tomonidan) notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilanmoqda, bunda hokim tomonidan qaror qabul qilish talabi bekor qilinmoqda.

So‘nggi 2,5 yilda 20 543 ta yer uchastkasi (2,6 mln gektar) “yerdan ixtiyoriy voz kechilganligi haqidagi ariza”ga asosan qabul qilingan hokim qarori bilan zaxiraga qaytarilgan;

– mulkdor bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmagan shaxslarni turar joydan doimiy ro‘yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish talab etilmaydi.

Oxirgi 2,5 yilda fuqarolik sudlariga shaxsni turar joydan ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha 8 954 ta da’vo arizalari kiritilgan, shundan 7 311 tasi (82 foizi) qanoatlantirilgan;

– ko‘chmas mulk bo‘yicha davlat reyestriga noqonuniy yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarning kiritilishi natijasida unga ishonib harakat qilgan shaxslarga yetkazilgan zarar (Torrens tizimi) hamda turar joy insofli egallovchidan talab qilib olinmasligi natijasida uning haqiqiy egasiga yetkazilgan zarar qoplanishi belgilanmoqda. Bu maqsadda maxsus jamg‘arma faoliyat yuritadi;

– hozirda 20 dan ortiq davlat organlari sudlarda fuqarolarga nisbatan mulkiy da’volar kiritishda davlat boji to‘lashdan ozod qilingan. Endilikda ularning soni qisqartirilib, imtiyozidan foydalangan holda yetarli asoslar bo‘lmasa ham sudlarga da’volar kiritish holatlariga chek qo‘yiladi.

Masalan, so‘nggi 2,5 yilda davlat organlari tomonidan kiritilgan da’volarning 42 foizi rad qilingan yoki ko‘rmasdan qoldirilgan.
Fuqarolar esa o‘z mulkini o‘zganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volari bo‘yicha davlat bojidan ozod qilinadi;

– shaxsga nafaqat o‘zining hayotini, balki o‘z mulkini ham har qanday tajovuzdan himoya qilish huquqi beriladi (qonunda belgilangan chegarada);)

– Shaxsning tergov davomida mulkini xatlab qo‘yish ham sudlar vakolatiga berilishi esa “Xabeas korpus” institutini yanada keng joriy etishga xizmat qiladi.

Adliya vazirligiga esa yuqorida keltirilgan yangi tartiblarni nazarda tutuvchi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi», – deydi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shaxsga o‘z hayoti va mulkini har qanday tajovuzdan himoya qilish huquqi beriladi – Adliya vaziri