date
views 1 380

Tanqidiy izohlar sababli oʻchirilgan post yoxud “chinovnik”lar va oddiy xalq oʻrtasidagi jarlik haqida

Tanqidiy izohlar sababli oʻchirilgan post yoxud “chinovnik”lar va oddiy xalq oʻrtasidagi jarlik haqida
5 sentyabr kuni Tanzila Norboevaning Facebook’dagi sahifasida e'lon qilingan post istehzoli izohlar yomgʻiriga duchor boʻldi, shu sababmi, koʻp oʻtmay u post oʻchirildi. Ushbu voqeaga e'tibor qaratgan Kun.uz muxbiri oʻzbek mansabdorlari va oddiy xalq oʻrtasidagi “jarlik” xususida jurnalist Sanjar Said va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi Asliddin Kamolovlar bilan suhbatlashdi.

“Amaldorlar hayotdan uzilib qolgan”

– Sanjar, Tanzila Norboevaning postiga siz ham munosabat bildirgan edingiz. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqdan oʻchirib yuborilgan postning nimasi gʻayritabiiy tuyuldi?

Sanjar Said, jurnalist va Jamoatchilik bilan aloqalar (PR) boʻyicha mutaxassis:
– Gʻayritabiiy tuyulgan narsa – postdagi notabiiylik va voqelikdan, reallikdan uzoqlik. Sababi post judayam hissiyotlarga berilib, pafos bilan yozilgan. Yozgandimki, «daftar-kitob koʻtargan oʻquvchi-yoshlarni koʻrdim», debsiz, hozirgilar daftar-kitobni qoʻlda koʻtarib yurmaydi», deya matnga e'tiroz bildirgan edim.

Men bu matnni kim yozib berishini bilmayman, ammo u voqelikdan yiroq odam. Buni Norboevaning oʻzi yozgan deb hisoblamayman. PR bilan shugʻullanadigan mutaxassislar buni yozgan. Bu erda siyosiy ehtiyotkorlik boʻlishi ham mumkin. Buni tez-tez kuzataman. Misol uchun, Senat raisining oxirgi postlaridan birida xotin-qizlar masalasiga bagʻishlangan xalqaro tadbir ishtirokchilariga prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoevning tabrigini oʻqib eshittirgani haqida gap ketadi.

Sanjar Said Foto: Facebook/Sanjar Said
Tanzila Norboeva Oʻzbekistondagi voqelikka bevosita ta'sir oʻtkaza oladigan va uning oqimini burib yuborishga qodir boʻlgan muhim amaldorlardan biri. Lekin Tanzila Norboevaning jamoatchilik bilan aloqalari yoki ijtimoiy tarmoqlarda qoldirayotgan postlari asosan tadbir va majlislarning e'lonlaridan iborat.

– Ya'ni shaxsiy fikrlar emas. Chet eldagi siyosatchilarni kuzatadigan boʻlsak, asosan shaxsiy fikrini beradi...

– Toʻgʻri, xorijdagi siyosatchilar voqea-hodisalarga munosabatini beradi. Ya'ni odamlar eng koʻp muhokama qilayotgan, e'tiroz bildirayotgan yoki shov-shuv boʻlgan voqea-hodisalarga munosabatini bildiradi. Lekin Senat raisining sahifalarida bu narsani uchratmaysiz. Avvallari yaxshiroq yoritar va xalqqa yaqindek koʻrinardi. 5 sentyabrdagi postga qilingan e'tirozlar matnning tuzilishi yoki juz'iy kamchiliklarga emas, balki nega shuncha muammo boʻlib turib, boshqa narsani yorityapsan degan e'tirozlardan iborat.

– Yuqorida oʻzbek amaldorlari xalqdan uzoqlashib qolgandek koʻrinadi dedingiz. Tanzila Norboeva ushbu postni ulashgan paytda ota-onalar darsliklar qimmatlashganini qizgʻin muhokama qilayotgan edi. Mamlakatdagi rasman ikkinchi shaxs hisoblangan Senat raisi bunga hech qanday munosabat bildirmadi. Chetdan qaraganda amaldorlarimiz yashayotgan dunyo boshqa bir reallik, fuqarolar yashayotgan dunyo boshqa bir reallikdek tasavvur uygʻotadi.

– Shunday, yozgan izohimda ham siz aytgan holatga ishora qilgandim. Ya'ni postda daftar-kitob oʻqiyotgan oʻquvchilar deyilyapti. Vaholanki, bugun birinchi oʻquv kuni, ular hali darsliklarni qoʻliga olgani yoʻq. Ularda faqat daftar koʻtargan boʻlishi mumkin deb e'tiroz ham bildirgandim.

– Yana izohingizda yoʻllardagi tirbandlikni koʻrdingizmi deya izoh qoldirgansiz. Ya'ni oʻsha kuni barcha oʻquv muassasalarida oʻquv jarayonlari boshlangan. Hamma yoʻlda tirbandliklar kuzatilgan. Oʻzim ham yarim soatlik yoʻlni bir soatdan oshiqroq vaqt mobaynida bosib oʻtdim. Shu koʻpchilik qatori sizning ham e'tiboringizni tortibdi.

Asliddin Kamolov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi:
– Buni bekorga soʻramadim. Sababi 4 sentyabr kuni Buxorodan Toshkentga qarab mashinada yoʻlga chiqdim. Toʻrt kun avvaldan bilet ishlashga tushganman. Vaholanki, 4 kun oldin bir haftalik poezdlarga biletlar yoʻq. Avtobuslarda ham, samolyotlarda ham bilet yoʻq.

Moskvada yashaganman. Agar siz u erdan 8:10 da poezdga chiqishingiz kerak boʻlsa, soat sakkizda kelib, bemalol 5-10 daqiqada bilet sotib olib, yoʻlga chiqib ketishingiz mumkin. U erda bir necha kun oldin bilet sotib olib yoʻlga chiqish degan narsa yoʻq. Lekin bizda shu narsa bor. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, viloyatlararo qatnovchi taksilarning yoʻlkira narxlari ikki barobar qimmat boʻlib ketgan. Chunki oʻsha kunlar hamma Toshkentga qarab yoʻlga chiqqandi. Samarqanddan Toshkentga boʻlgan masofada tirbandlik. Respublikaning hamma mashinalari xuddi Toshkentga qarab yurganga oʻxshaydi. Bu norozilikka sabab boʻlishi tabiiy. Sababi bu – hukumatning yillar davomida yoʻl qoʻygan kamchiliklarining oqibati.

Asliddin Kamolov Foto: Facebook/O'zLiDeP Buxoro Shahar Kengashi
Masalan, mahalliy aviareyslarni oladigan boʻlsak. Oʻquv yili arafasida talab oshib ketishini oldindan taxmin qilish mumkin edi. Oʻsha kunlarda viloyatdan bittadan reys qatnasa Toshkentga, tigʻiz paytlarda ikki-uchtagacha ham koʻpaytirish mumkin edi. Lekin bunday ishlar qilinmagan. Reyslar odatiy tarzda qatnab turibdi.

Oʻquv jarayonlari boshlanganidan keyin shahar koʻchalarida doimiy tirbandlik va jamoat transportining etishmasligi kuzatiladi. Buni hamma koʻrib turibdi, bu haqda kimdir gapirishi kerak. Agar muammoga 24 soat ichida munosabat bildirilsa, bu jamoatchilikning noroziligini toʻxtatadi. Biroq oʻsha kunlarda birorta amaldorning rasmiy munosabat bildirganini uchratmadim. Faqat senat raisi emas, boshqa amaldorlarning lentasida ham bu holatga hech qanday munosabat bildirilmagan.

Norboevaning postiga izoh qoldirganimdan qoldirilayotgan izohlarni kuzatib turdim. Menimcha, mana shu savollar koʻpaygani sababli post oʻchirilgan. Senat raisi oʻzini jamoatchilik uchun ochiq shaxs sifatida taqdim etishga intiladi, lekin Telegramdagi postlariga izoh qoldirish funktsiyasini oʻchirib qoʻygan.

– Facebook’dagi postning oʻchirilishi sizningcha nimani anglatadi?

Sanjar Said, jurnalist va Jamoatchilik bilan aloqalar (PR) boʻyicha mutaxassis:

– Menimcha, bu toʻlaqonli noprofessionallikdan darak. Yana bir marta takrorlamoqchiman. Bu postlarning yozilishi va e'lon qilinishiga Tanzila Norboevaning aloqasi borligiga men ishonmayman. Ya'ni oʻzi yozib, oʻzi e'lon qilishmaydi. Ya'ni uning orqasida bitta jamoa ishlasa, ana shu jamoaning PR boʻyicha hech qanday tajribasi yoʻqligidan dalolat. Ular xato qilishni emas, xatoga yaqinlashishni istashmaydi.

Vaholanki, xato qilinmasa, odam toʻgʻri yoʻlni topa olmasligi mumkin. Ikkinchidan, bu jur'atsizlik, qoʻrqoqlik. Bu jamoada ishlaydigan odam adabiyotshunos, hattoki jurnalist ham boʻlmasligi kerak. U odam haqiqiy PR mutaxassisi boʻlishi kerak. Ular nima qilishdi? Muammo yuzaga kelganda shartta koʻzlarini yumishdi. Tuyaqushga oʻxshab, qumga boshlarini tiqishdi.

– Tanqidlar va istehzolarga sabab boʻlgan postning oʻchirilishi Tanzila Norboevaning tanqidlarga toqatsizligini bildiradimi?

– Tabiiyki shunday. Menimcha, izohlarga koʻzi tushib qolib, bu nima ahvol deb urishgan boʻlsa, ular hech narsa boʻlmagandek oʻchirib qoʻyishdi va katta xatoga yoʻl qoʻyishdi. Hammasi esdan chiqib ketadi deb oʻylashdi. Qilinishi kerak boʻlgan ishlar orasida eng notoʻgʻrisi maga shu – postni oʻchirish boʻldi.

– Asliddin, siz 5 sentyabr kuni kuzatilgan tirbandlik haqida yozgandingiz. Biz koʻrgan narsani amaldorlar koʻrmaganligining sababi nimada, sizningcha? Nega muammolarni jamoatchilikni qiynayotgan qiyinchiliklarni koʻrishmaydi?

Asliddin Kamolov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi:
– Asosiy sabab amaldorlarning rahbarlar bilan orasi uzilib qolganligidir. Koʻramiz koʻpchiligi kortejlarda yurishadi. Senat raisi boʻladimi, Akmal Saidov boʻladimi, ular maxsus mashinalar kuzatuvida, tirbandliklarga tushmasdan harakatlanadi. YHXX xodimlari ularning oʻtib ketishini ta'minlaydi.

– 5 sentyabr kuni ishga-oʻqishga qanday etib keldingiz?

– Uydan chiqib metroga chiqdim. Metrodan keyin taksiga chiqaman. Metrodagi ahvolni gapirmasa ham boʻladi. Tashqariga chiqdik, ishxonamning yonida biror marta tirbandlik kuzatilmagan boʻlsa ham, oʻsha kuni tirband edi. Nafaqat oʻsha kuni, balki oʻqish boshlangan kundan beri bizda tirbandlik kuzatilyapti. Bu hududda oʻquv jarayonlari boshlangan vaqtda oʻtgan yili yashamaganman. Bu erda yashagan odamlarning aytishicha, avvallari tirbandlik koʻlama bu daraja boʻlmagan ekan.

Sanjar Said, jurnalist va Jamoatchilik bilan aloqalar (PR) boʻyicha mutaxassis:
– PR mutaxassisi sifatida fikr bildirmoqchi edim. Oʻzbekistonda bu soha mutaxassislarini tayyorlash endi-endi yoʻlga qoʻyilyapti. Shu narsaga koʻproq urgʻu berilishi kerak deb hisoblayman. Chunki bugunga kelib jamoatchilik bilan aloqalarning miqyosi, koʻlami har qachongidan ham koʻra kengaydi. Hamma bir vaqtning oʻzida jurnalist, bloger. Fuqarolar avvalgiday passiv kuzatuvchi emas, balki ijtimoiy faollarning soni ancha oshgan. Buning natijasida odamlar tajovuzkor axborot tarqatuvchiga aylanmoqda. Bunday holatda jamiyatdagi muammolarni PR fani nuqtai nazardan nazariy jihatdan oʻrganish, toʻgʻri echimlarni topish talab etiladi.

Koʻpincha PR xizmatlariga jurnalistlar ishga olinadi. Ammo bu toʻgʻrimas. Chunki jurnalistika va PR boshqa-boshqa sohalar. Ular bir-biriga qarama-qarshi, dushmanlarga oʻxshaydi aslida. Jurnalist inqirozli vaziyatni vujudga keltiradi. Piarchi uni bartaraf etadi. Hozir PR mutaxassislari etishmayotgani sababli mana shunday muammolar vujudga kelmoqda.

Aslida piarchini shaytonning advokati deyishadi. Tanzila Norboevani qoʻya turing, Oʻzbekistonda jamoatchilik eng yomon koʻradigan amaldorlarni ham oppoq qilib koʻrsatish mumkin.

“Postning oʻchirilishiga Senat matbuot xizmatining aloqasi yoʻq”

Oliy Majlis Senati raisining matbuot kotibi Hojiakbar Toʻlaganov ijtimoiy tarmoqda yozib qoldirilgan postni Tanzila Norboevaning oʻzi oʻchirgani, bunga esa internet foydaluvchilarining turli-tuman izohlari sabab boʻlganini bildirdi.

– Senatda ish boshlaganimga hali bir oy ham boʻlmadi. Mening nazarimda Senat va Senat raisining faoliyati qolgan davlat idoralari, tashkilotlari hamda ularning rahbarlari faoliyatiga nisbatan ancha ochiq deb oʻylayman. Senat axborot xizmatiga ishga oʻtishimga sabab boʻlgan omillardan biri ham aynan shu masala.

Postning oʻchilishi Senat raisining tanqidlarga toqatsizligiligini anglatadimi degan savolingizga quyidagicha javob bermoqchiman: e'tibor qilgan boʻlsangiz ushbu post Senat raisining Telegram va Instagramdagi sahifalarida turibdi, lekin Facebook’dagi sahifalaridan oʻchirilgan. Postning oʻchirilishicha matbuot xizmatining aloqasi yoʻq.

Hojiakbar Toʻlaganov Foto: Facebook/Hojiakbar Toʻlaganov
Senat raisi bilan bu masalada gaplashganimizda postga turli xil istehzoli fikrlar, turli xil munosabatlar bildirilgani aytib oʻtdilar. toʻgʻri, ularning orasida asosli tanqidlar ham bor, koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan masalalar ham bor. Lekin aksariyat qismi asossiz tanqid va fikrlardan iborat boʻlgani uchun bu holat yana urchib, davom etishining oldini olish maqsadida Facebook’dan oʻchirildi. Bu tanqidga toqatsizlik deb bilmayman. Agar shunday boʻlganda post Telegram yoki Instagramdan ham oʻchirilgan boʻlardi.

– Lekin Telegramdagi postga kuzatuvchilar izoh qoldira olmaydi, bu funktsiya oʻchirib qoʻyilgan. Nima uchun bu funktsiya yoqilmagan? Nega Facebook’dagi asossiz, nosamimiy izohlar oʻchirilib, adekvat fikrlar qoldirilmadi?

– Balki oʻshanday izohlarni oʻchirib, boshqalarini qoldirgan yaxshidir. Lekin Senat raisi oʻzlari postni oʻchirganlar, nazarimda. Kimdir izohlarni filtr qilishi ham menimcha yaxshi emas. Undan koʻra uni oʻchirgan yaxshi. Chunki bunday vaziyatda ijobiy izohlar qoldirilyapti, mana bunaqa izohlar oʻchirilayapti degan fikrlar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois nazarimda post toʻliq oʻchirilgan.

– Post e'lon qilingan 5 sentyabr kuni Toshkent koʻchalarida 10 balli tirbandliklar kuzatilgandi. Ayni oʻsha kecha-kunduzda darsliklar ijarasi narxning qariyb 3 barobar oshirilgani eng koʻp muhokamalarga sabab boʻlib turgandi. Lekin Senat raisi avvalgi yillardan farqli oʻlaroq odamlarni qiynat turgan muammolarga kamroq e'tibor berayotgandek. Tirbandlik va darsliklar ijarasi boʻyicha ham na Senat raisi va na boshqa senatorlar munosabat bildirishmadi. Hozirgi Tanzila Norboeva nima uchun avvalgi yillardagisiga oʻxshamayapti? Bu masalada qanday izoh bera olasiz?

– Savollaringiz oʻrinli. Senatda faoliyat boshlaganimdan beri rais bilan deyarli har kuni yuzma-yuz uchrashaman. Sababi ochiqlik, shaffoflik masalalariga Senatda e'tibor juda yuqori. Ilgaridan yuqori boʻlgan, buni oʻzingiz ham ta'kidlab oʻtdingiz.

Keyingi paytda dolzarb masalalarga nima uchun kam e'tibor berilyapti degan savolingizga kelsak, oʻtgan avgust oyida Toshkent shahrida ShHTga a'zo davlatlar ayol rahbarlarining forumi boʻlib oʻtdi. Oliy Majlis Senatori bu tadbirning asosiy tashkilotchilaridan biri edi.

Bugungi kunda Senat raisining kun tartibi juda tigʻiz. Ayrim masalalarga qandaydir ma'noda vaqt ajratishga imkoniyat boʻlmayotgandir, bu vaqt etishmayotgani sababli deb bilaman. Senat raisi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimga e'tibori ancha susayib qoldi deya bir necha marta ta'kidlab oʻtgandilar bungacha ham. Oldimizda turgan tadbirlarimizni oʻtkazib boʻlganimizdan keyin bu masalaga yana jiddiy e'tibor qaratishlarini aytgandilar.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tanqidiy izohlar sababli oʻchirilgan post yoxud “chinovnik”lar va oddiy xalq oʻrtasidagi jarlik haqida