23:52 / 17.09.2022
3 308

Noma’lum bayroq ostida jangga kirgan kishilar haqida

Noma’lum bayroq ostida jangga kirgan kishilar haqida
Allohga behisob hamdlar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, xalqimiz osoyishta hayot kechirmoqda. Ammo dunyoda bo‘layotgan turli voqealar sergaklikni aslo yo‘qotmaslik lozimligini talab etmoqda. Xususan, musulmonlar uchun atrofda bo‘layotgan har qanday voqea-hodisaga nisbatan to‘g‘ri, munosib fikrga ega bo‘lish nihoyat darajada muhim hisoblanadi.

Taxminan yetti oydan buyon davom etib kelayotgan Rossiya-Ukraina urushi ham musulmonlarning, xususan o‘sha mamlakatlarda (umrbod yoki vaqtincha) istiqomat qilayotgan musulmonlarning diqqat markazida. Mana shu urush vaziyatida musulmon kishining holati, urushga bo‘lgan munosabati qanday bo‘lishi kerak? Bu kabi urushlarda ikki tomondan birining manfaati uchun jangda qatnashishi joizmi? Ushbu savolga ustoz Mubashshir Ahmad quyidagicha javob berganlar.

“Musulmon odam yo dini uchun, yoki vatan sha’ni uchun jang qiladi. Jangga kirayotgan musulmon shaxsning safi – maqsadi aniq bo‘lishi kerak. Aynan nima uchun jang qilayotganini bilmog‘i shart. Agar maqsad din, vatan, oila himoyasi kabi oliy ishlardan emas, nafsga bog‘liq maqsadlar bo‘lsa, u holda jangda qatnashish joiz bo‘lmaydi. Bu haqida Abu Muso Abdulloh ibn Qays al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keltiriladiki: “Nabiy alayhissalomdan shijoati tufayli jang qiladigan kishi, hamiyat tufayli urushadigan kishi yoki riyo sabab jang qilayotgan kishi – bularning qay biri Allohning yo‘lida", deb so‘rashdi.

Shunda Rosululloh “Kim Allohning kalimasi (dini) oliy bo‘lishi uchun jang qilsa, ana zsha Allohning yo‘lida jang qilgan kishidir”, dedilar. ”Ya’ni, Nabiy alayhissalom uch toifa kishiga alohida-alohida javob berib o‘tirmay, umumiy tarzda kim Alloh yo‘lida ekanini tushuntirib qo‘ydilar. Rossiya-Ukraina urushida ham kimlardir shijoati tufayli, kimlardir hamiyati tufayli yana boshqalar esa moddiy manfaat uchun jang qilayotganini ko‘ryapmiz. Shu sababdan bu urushda qatnashishni oqlamaymiz”.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Nabiy alayhissalom aytadilar: “...Kim ko‘r bayroq ostida jang qilsa, tarafkashlik tufayli g‘azab qilsa, yoki tarafkashlikka chaqirsa, yohud tarafkashlikka yordam bersa va shu yo‘lda vafot etsa johiliyat o‘limini topgan bo‘ladi...”, deganlar. (Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati)

Ulamolar “qo‘r bayroq ostida” jumlasini “Ular Alloh yo‘lida emas, Yaman va Qaysdek havoi nafs ahli kabi riyosat va tarafkashlik uchungina jang qilgan kishilardir”, deya izoh berganlar.

Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, Agar urushdan maqsad faqatgina tarafkashlik, o‘z tomonini (qabila yoki davlat) qo‘llab-quvvatlash tufayli bo‘lsa, Islomda bu man qilingan. Shunday ekan ikki tomon ham musulmon bo‘lmagan taqdirda, ikki tomonning ham maqsadi Allohning dinini oliy qilish bo‘lmasa, u jangda qatnashish ikki hissa man qilingan bo‘ladi.

Muhammad Sodiq Muhammad Ismoil tayyorladi

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat