14:07 / 27.09.2022
1 910

«Islom haybatli oʻgʻlonidan ayrildi» – ulamolar atoqli shayxning vafotiga munosabat bildirdi

«Islom haybatli oʻgʻlonidan ayrildi» – ulamolar atoqli shayxning vafotiga munosabat bildirdi
Ikki hamasr alloma – shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va shayx Yusuf Qarozoviy.
Foto: «Islom.uz»

26 centyabr kuni Islom olamidagi nufuzli alloma, shayx Yusuf Qarozoviy 96 yoshida Qatarda vafot etdi. Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi olimni «zamonamizning ulugʻ mujtahidi» deb atab, u kishining yaqinlariga ta'ziya izhor qildi.

Oʻzbekistonlik boshqa ahli ilmlar ham 120 dan ziyod kitob ta'lif etgan shayx Qarozoviyning vafotini Islom ummati uchun ulkan yoʻqotish deb baholadilar.

«Oʻzining ilmi, dinga xizmati, oʻtkir fikri va zamonga mos ijtihodlari bilan Paygʻambar alayhissalomning merosxoʻrlari boʻla olgan buyuk olim vafot etdi. Oʻzining oʻnlab kitoblari, minglab fatvolari, koʻplab pozitsiyalari boʻlgan uygʻoq din xizmatchisi bu dunyodan rihlat qildi. Shayxlar – Gʻazzoliy, Sha'roviy, Nadaviy, Zuhayliy va Muhammad Sodiq Muhammad Yusuflar asrini yakunlagan shaxsiyat bu dunyodan oʻtdi. Umrini Islomga bagʻishlagan, jihodga atagan va ilmda kechirgan muhojir chin dunyoga ketdi. Qisqasi, men eng yaxshi koʻrgan allomalarning oxirgi vakili endi yoʻq. Men va musulmonlar etim qoldik. Islomimiz haybatli oʻgʻlonidan ayrildi», – deb yozdi Mubashshir Ahmad.

«Yusuf Qarozoviy rahmatullohi alayhning kitoblari hamisha ahli ilmlar va ziyolilar tarafidan qizgʻin kutib olingan va muhokama qilingan. U kishi ilgʻor fikrlari, yangicha yondashuvi, shariatni voqeiy tushunishi bilan koʻp ulamolardan ajralib turar edi. Ellik yil oldin aytgan soʻzlarini eshitsangiz, oʻqisangiz, bugungi kunni koʻrib gapirganmikan deb oʻylaysiz. U kishi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy maydonda ham nihoyatda faol boʻlgan. Koʻplab ilmiy amaliy harakatlar tashabbuskori edilar. Arab fazoiy telekanallardagi chiqishlari ham nihoyatda koʻp. Oxirgi paytlarigacha aqlu idrok va xizmatdagi sobitlik bilan oʻtdilar. Shayx Qarozoviyning Islom ummatiga xizmati katta va koʻplab yangicha fahmlari bilan koʻp islohotlarga sabab boʻlgan», – deydi Toshkentdagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome' masjidi imom noibi, taniqli qori Hasanxon Yahyo Abdulmajid.

«Elas-elas eslayman, yosh bola edim, taqriban 1976-77 yillar. Akam rahmatlining qoʻllarida bir kitob koʻrdim. Arab tilida «Islomda halol va harom» degan kitob edi. Oʻsha paytda arab tilini bilmas edim. Lekin sarlavha surati miyamga mixlanib qolgandi. Arab tilini oʻrganib boshlaganimdan soʻng kitobni qayta koʻrdim. Xotiramdagi kitobni esladim. Bu oʻsha – Yusuf Qarozoviy qalamiga mansub kitob edi. Qariyb 100 yil umr koʻrgan bu olim Islom ummatiga ana shunday kitoblari bilan 60 yildan ortiq muddatdan beri xizmat qilib keldi», – deb yozdi Saudiya Arabistonida yashayotgan oʻzbekistonlik olim Sayfulloh Nosir.

«Islom.uz» portaliga koʻra, Yusuf Qarozoviy Islomda modernizm va an'anaviylikni uzviy uygʻunligiga erisha olgan moʻ'tadil olim boʻlgan. Alloma musulmonlarni shariatning maqsad va ustuvor yoʻnalishlarini chuqur tadabbur qilib, oqilona anglab etishga, Islomning buzilmas ruknlari hamda uzluksiz oʻzgarib turuvchi zamon oʻrtasidagi muvozanatni mahkam tutishga chaqirgan, davr bilan hamnafas yashagan.

Ijtimoiy tarmoqdagi aksar foydalanuvchilar ham «Olimning oʻlimi – olamning oʻlimi» ekanini ta'kidlab, allomaning ulkan xizmatlarini e'tirof etganlar.

Asli misrlik Yusuf Abdulloh Qarozoviy (1926 – 2022) uzoq yillar Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqiga raislik qilgan, diniy ilmlarni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun u 8 ta xalqaro mukofotga sazovor boʻlgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat