09:18 / 09.10.2022
1 398

Musulmon odam arabparast bo‘ladimi?

Musulmon odam arabparast bo‘ladimi?
Buni yana avval tarixdan, keyin zamonamizdan misol keltirib tushuntirishga harakat qilaman. Eng asosiysi, panarabizm va Islomni farqlay olishimiz kerak.

Tarix
Turk davlatlaridan eng birinchi Islomni qabul qilgan davlat bu Qoraxoniylar. Satuk Bug‘ra Xon Islomga kirgan turkiy hukumdorlar orasida birinchidir. 932 yil, hali shahzodalik paytida, buxorolik forsiy ulamoning da’vati bilan Islomga kiradi. Shamanizm panturkistlari uchun ilk "arabparast". Satuk Bug‘ra Xon Islomga kirganidan keyin ham ismini arabchaga o‘zgartirmadi. Taxtga chiqqandan so‘ng davlatni islomlashtirishni boshlaydi. Lekin turkiy madaniyat ustiga qurilgan ushbu Islom mamlakatida davlat tili qoraxoniy-qarluq turkchasi edi. Islomda, albatta, isming arabcha bo‘lishi shart degan narsa yo‘q. Islom fiqhiga to‘g‘ri kelsa, yomon ma’noni bildirmasa, har qanday ismni qo‘yish mumkin.

Boshqa bir ilk turkiy musulmon davlat deyiladiganlardan biri - o‘sha mashhur ibn Fadlanning sayohatidagi Volga Bulgarlari. Ular ham turk madaniyati ustiga qurilgan Islom davlati bo‘lishdi va mo‘g‘ullar bostirib kelguncha yashab kelishdi.

Undan tashqari, Abbosiylarning qo‘shinida mamluk bo‘lgan turkiylar bor edi. Aksarining ismi ham turkcha bo‘lgan. Askar bo‘lsa ham, turk madaniyatida ulg‘aygan. Samara shahri aynan turk mamluklari uchun qurilgan. Ular amalda butun davlatni boshqargan. Xohlasa, o‘sha xojasi bo‘lgan arabni ko‘ziga mil torttirib, o‘rniga boshqa xalifani olib keladigan darajada kuchi bo‘lgan. Al-Mu’tasim Billah kabi xalifalarni onasi ham, ayoli ham turk bo‘lgan. Saljuqiylar zamonida xalifalar faqat turk qizga uylangan.

O‘sha "arabparast"lik avjida bo‘lgan davrda Misrda Tuluniylar, Ixshidlar kabi turkiy davlatlar mavjud edi. Sulton unvonini ilk bor olgan Mahmud G‘aznaviy G‘aznaviylar turkiy davlati hukumdori bo‘lgan. Davlat tili arabiy emas, balki fors tili edi.

Saljuqiy ismlarning deyarli barchasi turkcha. Alp Arslon, Tug‘rulbey... Rasmda ham Saljuqiylar sultoni tasvirlangan. Yaxshilab e’tibor berib qarasangiz, bosh kiyimlari ham eski turkiycha. Salla o‘ragan ikki kishigina bor, xolos. O‘sha salla ham arablarniki emas. Sosoniylar davrida ham salla o‘rashgan, masalan. "Hamma galstuk taqqan — g‘arbparast", deyilmayapti-ku... Usmoniylar davlatida rasmiy til Usmonli turkchasi edi, biz xonliklarda esa fors tili. Arab emas.

Endi haqiqiy arabparastlikka kelsak. Panarabizm XIX asrda Misr va Livanda xristian arablar tomonidan yoyilgan. Keyinchalik musulmon arablarga ham o‘tib, bosh ideologiya Usmoniylarni ag‘darish uchun tuzilgan. Mana shu arabparastlik, panarabizm. Arabdan boshqasini mensimaslik — arab natsizmi. Bizdagi radikal panturklarga o‘xshab.

Kiyim
Albatta, musulmon bo‘lishing uchun arabning o‘sha oq gandorasini kiyishing shart emas, hijob ham arablarning kiyimi emas. Bizda shundoq ham arablar kiyadigan hijobni kiyishmaydi. Islomdan oldin ham Forsda, ham Rumda yopinchiq-ro‘mollar o‘rashgan. Buni elita ayollari past tabaqadan ustunligini bildirish uchun o‘ragan.

Xulosa
Ha, Islomni arabparastlik deb o‘ylaydigan musulmonlar ham bor va, afsuski, ular ko‘paymoqda. Musulmon odam gandora kiyib yurishi shart emas. Kiyim Islom odoblariga to‘g‘ri kelsa bo‘lgani. Zamonaviy kiyimlarni esa shundoq ham kiyib yuribmiz. Shuni tushuntirsak, bas. O‘sha "arabparast" deydiganlardan farqli ravishda milliy madaniyatni saqlab qolgan, aslida, bizmiz!

Bobur Hamidov

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Musulmon odam arabparast bo‘ladimi?