11:14 / 12.11.2022
1 104

Ota tuprog‘imizning eshiklari bizlarga doimo ochiq

Ota tuprog‘imizning eshiklari bizlarga doimo ochiq
Asl nasabi bir va mushtarak qadim madaniyatga ega bo‘lgan Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi va o‘zgacha bosqichga ko‘tarildi. Bu ko‘rsatkich bizni juda ham quvontiradi, chunki har ikkala mamlakatning bir-biridan foydalanishiga asos bo‘ladigan omillari mavjud.

Avvalo, bir daraxtning turli shoxlari bo‘lgan bu mamlakatlar vaqt o‘tishi bilan turli tajribalarga ega bo‘ldi. Bugungi kunda esa ikka davlat o‘z tajribalarini boshqalarga o‘zlari xohlagancha o‘tkazish salohiyatiga ega. Bir-biriga yaqinlik rishtalarini ongida va qalbida hech qachon yo‘qotmagan bu ikki xalq XXI asr sharoitida har sohada hamkorlik qilishga har qachongidan ham tayyor holatda turibdi.

Xorijdagi Turklar va Qardosh Jamiyatlar Boshqarmasi (YTB) ikki mamlakat o‘rtasida tashkil etilgan dastlabki do‘stlik kunlaridan buyon mintaqamiz va butun dunyo uchun ahamiyatga ega bo‘lgan istiqbolli yaqinlashuvga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Boshqarmamiz o‘ziga yuklangan vazifa va mas’uliyat doirasida har ikki davlatning mushtarak merosini kun tartibiga olib chiqish, o‘zbek yoshlari ta’limini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Boshqarmamiz, turli sohalarda yoshlar bilan xalqaro miqyosda faoliyatlar tashkil qilish bilan bir qatorda, “Turkiya stipendiyalari” dasturi bilan ikki davlatning kelajagini ta’lim orqali bog‘lamoqda.

Turkiyaning global oliy ta’lim brendi bo‘lgan “Turkiya stipendiyalari” dasturiga murojaat qilgan o‘zbekistonlik talabalarning soni har yili ortib bormoqda va ular Turkiya universitetlarida stipendiya bilan o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritmoqda. Biroq, ikki davlatning do‘stligi va salohiyatini inobatga olgan holda mazkur dasturdan foydalanayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni ko‘proq bo‘lishi kerak, deb o‘ylaymiz. Madaniyat, turizm, qishloq xo‘jaligi, energetika va boshqa har bir sohada mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar ushbu sohalarda tahsil olayotgan talabalarning ortishi bilan amalda ko‘riladi.

Har ikkala do‘st mamlakatning universitetlarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik va turkiyalik xalqaro talabalar, o‘z davlatlarining yanada rivojlanishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Ta’lim mobilligi orqali imtiyozlarni oshirish va institutsionalizatsiya qilish maqsadida dunyoning 33 nuqtasida mavjud bo‘lgan “Turkiya universitetlarining bitiruvchilari uyushmasi”ning bir sho‘’basini O‘zbekistonda ham ochish foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Xorijdagi Turklar va Qardosh Jamiyatlar Boshqarmasining O‘zbekistonga nisbatan yondashuvi Turkiya tashqi siyosatining barcha birdamlik va insonparvarlik jihatlarini qamrab oladi. Biz Osiyo va Yevropa qit’alaridagi barcha qardosh xalqlarga bo‘lgan samimiy tuyg‘ularimizni O‘zbekistonga nisbatan ham his qilamiz. Biz bilan tarixi va madaniyati mushtarak, xalqini cheksiz mehr-muhabbat ila ardoqlaydigan O‘zbekiston mamlakati bilan o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan aloqalarimiz kelajakda ham davom etishiga chin dildan umid qilamiz va bunga hozirdan tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

O‘tgan oylarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdog‘an boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasiga O‘zbekiston Prezidenti janob Shavkat Mirziyoyev “Ota tuprog‘ingiz eshiklari janob Prezidentga va barcha turk birodarlarimiz uchun doimo ochiq”, deb aytgan edilar. Bizlarga dalda beruvchi ushbu so‘zlarini yana bir bor eslatgan holda, barcha O‘zbekiston xalqiga o‘z hurmat va salomimni yo‘llayman.

Abdullah ERЕN,
Xorijdagi Turklar va Qardosh
Jamiyatlar Boshqarmasining rahbari

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat