13:45 / 18.11.2022
1 195

Jozep Borrel: «Rossiyaning Ukrainaga bosqini ta’sirini Markaziy Osiyo ham his etmoqda»

Jozep Borrel: «Rossiyaning Ukrainaga bosqini ta’sirini Markaziy Osiyo ham his etmoqda»
Mintaqa va YEI bosh diplomatlari o‘n sakkizinchi bor uchrashdi.
Foto: Xabar.uz

17 noyabr kuni Samarqand shahrida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri. Nufuzli anjumanda YEI va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari va vakillari turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Mintaqa bosh diplomatlarining an’anaviy mashvaratida siyosiy masalalardan tortib madaniy-gumanitar loyihalarga qadar – keng ko‘lamdagi mavzular muhokama etildi.

Tadbir mezboni – O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning uchrashuv yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, mintaqa vakillari Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirishdan manfaatdor ekani ta’kidlangan. YEIning 2019 yilda qabul qilingan Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi to‘liq qo‘llab-quvvatlangani holda, uni amalga oshirishni tezlashtirish uchun qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, global beqarorlik sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish zarurati ortib bormoqda. Shu bilan birga, mintaqa davlatlari Yevropa kompaniyalari uchun yangi o‘sish nuqtalariga aylanishi mumkin bo‘lgan qulay va istiqbolli bozor sanaladi.

Bu borada Yevropa Ittifoqi bilan ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ilg‘or texnologiyalar, nou-haular va investitsiyalarni jalb etish muhimligi qayd etilgan.

Xatarli dunyoda hamkorlik muhim, deb ta’kidladi siyosatdonlar. Foto: Xabar.uz
V.Norovga ko‘ra, vazirlar uchrashuvida savdo sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish, Transkaspiy multimodal yo‘nalishi salohiyatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, mavjud xalqaro multimodal yo‘laklarning imkoniyatlarini oshirish hamda yangilarini barpo etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni jipslashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Ikki mintaqa o‘rtasida aloqalar jadallashganini qayd etgan V.Norov joriy yil 27 oktabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida birinchi marta Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti bo‘lib o‘tganini yodga oldi va uni samarali mexanizm deb atadi.

Ayni choqda, 28 oktabr kuni Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurgani robitalar jadallashayotgani belgisi sifatida baholandi.

Vazirlar uchrashuvi hamraisi – Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel matbuot anjumanida Rossiyaning Ukrainaga bosqini dunyodagi tartibni izdan chiqarganini qayd etar ekan, bunday vaziyatda hamkorlik hamma davrdan ham muhimroq ekanini urg‘uladi.

«Markaziy Osiyo dunyoning strategik muhim qismi sanaladi. Yevropa va Osiyo o‘rtasida ko‘prik bo‘lgan mintaqaning ahamiyati yil sayin oshib bormoqda. Bu jihatdan o‘zaro robitalar ahamiyatini baholash amrimahol... O‘tgan yili Dushanbeda uchrashganimizdan so‘ng, Rossiyaning Ukrainaga urushi oqibatida, dunyo butkul o‘zgarib ketdi. Afsuski, bu o‘zgarishlarni ijobiy deb bo‘lmaydi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini ta’sirini butun dunyo, jumladan, YEI ham, Markaziy Osiyo ham his etmoqda», – dedi J.Borrel.

Afg‘onistondagi vaziyat, terrorizm, jinoyatchilik, chegara xavfsizligi kabi xatarlarni ham yodga olgan Yevropa bosh diplomati ochiq va faol hamkorlik yanada muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, YEI Markaziy Osiyoning asosiy sarmoyadori sanaladi. Mintaqaga kiritilgan sarmoyaning 40 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Vitse-prezident/oliy vakil J.Borrel xalqlar farovonligi yo‘lidagi hamkorlik yanada rivojlanishiga umid bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jozep Borrel: «Rossiyaning Ukrainaga bosqini ta’sirini Markaziy Osiyo ham his etmoqda»