10:39 / 28.11.2022
1 241

Orzu-havas fronti...

Orzu-havas fronti...
Farzandlarimizga tarbiya berishda g‘ururli, oriyatli, hamiyatli bo‘lishni o‘rgatamiz. Bolamiz namuna sifatida bizni ko‘radi. Bizga ergashadi. Biz to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsak, u yog‘i ravon.

Lekin o‘zbekmiz, o‘zimizga bekmiz degan gapimiz kelin olguncha... Noto‘g‘rimi? Kelin oladigan uyni bo‘shatib, gilam-parda yoydiramiz. Mebel haqida gapirdi-gapirildi. Kuyovlarni sal o‘zgartirishga erishildi. Lekin mebeldan boshqa mayda-chuydalarchi?

Men kelin olganimda qizning o‘zini so‘rayman, degandim. Eski qolipni buzdim. O‘zi yasab olingan odat – bid’atlarni buzishni yaxshi ko‘raman. O‘zim bir sandiq kitob bilan kirib kelgandim. (Ko‘pchilik meni ahmoq deb o‘ylagan). Kelinimning ham sarposining oldi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Baxtiyor oila” kitobi bo‘ldi. Keyin boshqalari.

Kecha hamkasbimga kelinim og‘iroyoqligi, tuqqanida qovurdoq olmasligimni aytsam, olishingiz kerak, dedi. Nega desam, qoidasi shunaqa dedi. Bu qoidani kim yozgan? Olmayman, vassalom. O‘g‘limga aravachadan tortib barcha lash-lushlarni oldirib qo‘yyapman.

Kecha noxush xabar eshitdim. Farg‘onalik kelinning eri otasi 100 emas, 50 dollar suyunchi puli bergani uchun qiyin-qistovga olgan. Dardini otasiga aytolmagan kelin kanalga o‘zini tashlagan. Balki yolg‘on xabardir. (Ilohim yolg‘on bo‘lsin). Nima bo‘lganda ham kuyovlarning “stavkasi” borligi rost. Buni ko‘pchilikdan eshitganman.

Qudalar o‘zaro tilla almashishi, bunisining olgani bunisiga yoqmasligi, sarpo-suriq ovora-tog‘oralar shunchalar ayollar hayotiga singib ketganki buni qonun-qoida darajasiga olib chiqib olishgan. Natijada qo‘ydi-chiqdi, ajrim... aytaversam gap ko‘p.

Maqsadimiz, ikki yoshni nikohlab, ularning baxtini ko‘rish emas, o‘zimizni ko‘z-ko‘zlash, birovdan kam kelmaslik uchun sarpo qilish, suratga olib ijtimoiy tarmoqlarga joylash bo‘lib ketgan. Erkaklar, yigitlar beli mayishib ketdi, to‘y-ma’raka deb. Bo‘ldi-da endi.

Erkaklar ham stolga musht urib, aytganini qildirsin.

Kelin tomon buncha narsa bersin, otang buncha dollar bersin. Hov, o‘g‘il bola, zurriyod sizniki. Sizga qizini berib, ota-onangizga xizmat qildirib qo‘ygan, nevara ko‘rdik, deb so‘rg‘ichidan beshigi-yu aravasigacha xonadoningizga tashigan qaynotangizni o‘zingiz qaytaring, erkak bo‘lsangiz. Shu ahvolimizga musulmonmizmi?

Qizim yangi kelin bo‘lgan kunlar edi. Uyga mehmonga kelganida eski kiyimlarini bir sumka qilib olib chiqib ketayotganda kuyovimiz ko‘rib qolib, ota uyingdan endi hech narsa olib ketmaysan, deb urishgan. Eski kiyimlari ekanini aytsak, singlisi kiysin, deb opketmagan. Shu qudalarimiz o‘zi biz tomonni qiynamay yengilgina osh bergan, ixchamgina to‘y qilgan. Beshik to‘yni 12 kishi bilan qilib, o‘zlari aravayu taqir-tuqir olgan ham shular edi. O‘g‘lini erkak qilib tarbiyalagan qudalarimni doim duo qilaman.

Lekin bu bir-ikki holat ommalashmaydi. Toki...

Toki, “trend”dagi odamlar ommalashtirmasa. Falon odam bunaqa to‘y berdi, faloon odamning to‘yidamiz, deb ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish o‘rniga yashirish kerak. Aslida to‘ylarning shoulashishi ham mashhurlarning to‘ylarining diski tarqab, hamma mahliyo bo‘lib ko‘rishidan boshlangan edi. Endi mashhurlar o‘rnak bo‘lib, qisqartirib bersin. Jamiyat ko‘zi oldidagi odamlar bir kunda turli soatlarda turli toifadagi odamlarga osh bersa, to‘ylariga kelgan taniqlilar taniqlilarni reklama qilsa... Bunaqasi ketmaydi.

Xalqning ko‘zi yaltiragan narsaga o‘ch. Taniqlining topishi shou-to‘yga yetib ortib qoladi. Shuni biror kambag‘alga bersa, deb o‘tiraveramiz. To‘y qilmagandayam bermaydi. Lekin boshqalarning ko‘zini o‘ynatib boshlagan ishiga odamlar ergashar ekan, hali beri o‘nglanmaymiz. Boshqalar ham istab qoladi, ijtimoiy saytlarda to‘ylari shov-shuv bo‘lishini.

Bolalarimizni o‘zgartirmoqchi, turmush tarzimizni izga solmoqchi bo‘lsak, o‘zimizni o‘zgartiraylik. Farzandlarimiz hamiyatli bo‘lib ulg‘aysin. Egnida qaynota olib bergan choponni kiyvolib, qiziga zug‘um qilishdan uyalsin.

Qani rahbarlar to‘yga bormaydi, degan chaqiriqlar? Qani to‘ylarni qisqartirish haqidagi qatorqator buyruqlar? Aslida kim nima qilsa, qanaqa orzu-havas qilsa qilavermaydimi, menga nima deymanu, baribir shu orzu-havaslar deb qo‘ydi-chiqdi, ajrimlar ko‘pligi, ota uyiga qaytish nomusidan o‘limni afzal bilib joniga qasd qilayotgan kelinlar (ularni oqlamayman) ko‘paymayaptimi?

Mashhurlar bilan boshlangan as’asalarni biror mashhur chiqib to‘xtatib bersin. Bo‘lmasa odamlar to‘y deb o‘layapti. Front bo‘p ketdi to‘y masalasi. To‘y qilish uchun ishlagani chetga ketdi, uy qilish uchun chetga ishlagani ketdi...

O‘qib, bilim olish uchun, millat ravnaqiga hissa qo‘shish uchun borishsin chetga. Umrlar uvol bo‘p ketdi-ku. Bolalar telefonda tanimasin otalarini. Hali oq o‘rar ovora-tog‘ora, hali fotiha ovora-tog‘ora. To‘y esa...

Boshqa yozolmayman...
Manzura Shams

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat