15:40 / 05.12.2022
1 390

Chala imtihon markazlari va ularni litsenziyalayotgan inspeksiya...

Chala imtihon markazlari va ularni litsenziyalayotgan inspeksiya...
Respublika yo‘llarida 2022 yilning o‘n oyida 7 636 ta YTH yuz bergan, ularda 1 931 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning 226 nafari bolalar. Ayrim mas’ullar esa avtohalokat oqibatida bolasidan ayrilgan ota-onalar, yaqinidan judo bo‘lgan insonlar musibatini his qilolmayapti, shekilli.

Potensial “qotillar” kamayishiga umid qilsa bo‘ladimi?


YTHlar O‘zbekistonni hatto koronavirusdan ham ko‘proq qo‘rquvga sola boshladi: ertalab sumkasini yelkasiga ilib, ta’lim olish uchun uyidan chiqib ketgan bola maktabdan qaytmasligi yoki ro‘zg‘oridagi kam-ko‘stini butlash maqsadida ishga ketgan ona manziliga yetib borolmasligi mumkin. Raqamlar soat sayin oshib bormoqda, ammo YTHlarni yuzaga keltirayotgan sabablar o‘zgarmayapti: yo‘llar notekis, tungi chiroqlar yonmaydi, aksariyat hollarda esa haydovchilar uquvsiz.

Yuz berayotgan avtohalokatlarning ko‘pi yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilmaydigan, o‘pkasini bosib ololmayotgan, “prava”sini tanish-bilish qilib olgan ko‘yi “temir otini” gijinglatib yuradigan olifta haydovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Prezident bejizga haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qolgani va shu sababli yo‘llardagi avariyalar soni soat sayin oshib borayotganini ta’kidlamagandi.

Ushbu muammo – yo‘llarda o‘qimasdan “prava” olgan potensial qotillarni kamaytirish maqsadida Prezident qarori asosida haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholashni inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Yil boshida haydovchilik guvohnomasi uchun sinovlar o‘tkaziladigan yangi tipdagi ilk majmua – Toshkent imtihon markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi. Ushbu markazda 1 oydan ortiqroq vaqt mobaynida avtomaktablarni tugatib kelgan 2406 nafar odam imtihon topshirgan. Ammo ularning 2059 nafari imtihonlardan o‘tolmagan.

Yoki jurnalist Shuhrat Shokirjonov tomonidan o‘tkazilgan onlayn so‘rovnomada 60 foiz haydovchilar “prava”ni to‘g‘rilikcha qo‘lga kiritmaganini tan olishgan. Aslida bu raqamlar yo‘llarda minglab uquvsiz haydovchilar transport vositasini boshqarib yurganligi va ular qanchalik xavfli ekanini anglatadi.

Haydovchilik guvohnomasini olish imtihonlari xususiy markazlarda o‘tkazilishi belgilangan bir paytda litsenziya taqdim etilayotgan xususiy markazlar ham yetarli moddiy texnika bazasiga ega bo‘lishi zarur. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi qarori bilan imtihonlarni o‘tkazish va milliy haydovchilik guvohnomasini berish, milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslar tomonidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlangan.

Ammo nizomda belgilangan talablar bo‘yicha zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lmagan tashkilotlarga ham litsenziya berib yuborilayotgani sabab tizimda qilinayotgan ishlar yo‘qqa chiqishi va shu bilan avtohalokatlar sababini keltirib chiqarayotgan “qonli zanjir” uzilmay qolishi mumkin.

Masalan, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2022 yilning 26 iyul kuni Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan “Texnika o‘quv servis Pop bo‘limi” MCHJga hamda 2022 yil 29 iyul kuni Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “TM Qo‘qon” MCHJga litsenziyalar taqdim etilgan.

Mazkur litsenziyalar bilan MCHJlarga haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar olish vakolati berilgan. Ammo “Texnika o‘quv servis Pop bo‘limi” MCHJ tomonidan yuqoridagi nizomlar talablari bajarilmagan.

Jumladan, “Avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar tomonidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 18-bandiga ko‘ra, haydovchilikka nomzodning nazariy va amaliy imtihonlari natijalari bo‘yicha haydovchining imtihon varaqasi va imtihon natijalari bayonnomasi avtomatik tarzda elektron ko‘rinishda shakllantiriladi.

Biroq “Texnika o‘quv servis Pop bo‘limi” MCHJda amaliy imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha reglament ishlab chiqilmagan va hech kim bilan kelishilmagan. Shuningdek, MCHJda haydovchilikka nomzodlarning elektron ro‘yxatini shakllantirish, imtihonlarni o‘tkazish muddatlarini belgilash va haydovchilarni hamda DYHXX mas’ul xodimini oldindan xabardor qilish tizimi shakllantirilmagan.

Shu sababli IIB JXD YHXX tomonidan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga murojaat qilinib, “Texnika o‘quv servis Pop bo‘limi” MCHJga berilgan litsenziyani qayta ko‘rib chiqish so‘ralgan.

“TM Qo‘qon” MCHJda esa amaliy imtihonlarni o‘tkazish uchun “V” toifasi bo‘yicha transport vositalari soni yetarli emasligi, “DЕ” toifasi bo‘yicha hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga mo‘ljallangan maxsus transport vositalari yo‘qligi, haydovchilikka nomzodlarni identifikatsiya qilish tizimi yaratilmagani aniqlangan. Ushbu MCHJga taqdim etilgan litsenziya Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi qarori talablariga rioya qilingan holda berilganini qayta ko‘rib chiqish uchun IIV tomonidan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga xat kiritilgan.

Bloger Nikita Makarenko mazkur masalaga munosabat bildirar ekan, bir nechta omillarni sanab o‘tdi:

Raqamlar faqat o‘sib bormoqda. Tahlil qilib ko‘raylik: ko‘chalar infratuzilmasi – svetoforlar va yo‘l belgilari. Bu eng muhimi. Ammo bu borada hech narsa qilinmadi. Radarlarning aksariyati ishlamaydi, ulardan hech kim qo‘rqmay qo‘ydi. Istiqbolli usul sifatida ko‘rilgan onlayn shikoyatlar: yuzlab odamlar arizalari qabul qilinmayotganligidan shikoyat qilyapti.

Avtomaktablar masalasiga kelsak, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkentboyev tomonidan Namangan viloyatidagi “Texnika o‘quv servis Pop bo‘limi” hamda Farg‘ona viloyatidagi “TM Qo‘qon” MCHJlarga litsenziya berilibdi. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur MCHJlar talab qilingan standartlarga javob bermaydi. Huquq-tartibot idoralari va prokuratura bu jarayonga e’tibor berishini istardim
”.

Ta’lim inspeksiyasiga ko‘ra, “Texnika o‘quv servis Pop bo‘limi” MCHJ hamda “TM Qo‘qon” MCHJ litsenziyaga ega bo‘lsa-da, noma’lum sabablarga ko‘ra bugungi kunga qadar faoliyat ko‘rsatmagan, ya’ni imtihonlar o‘tkazmagan. IIV tomonidan 30 oktabr kuni Ta’lim inspeksiyasiga ushbu tashkilotlar faoliyatining litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini aniqlash va qayta o‘rganish bo‘yicha murojaat xati yuborilgan.

Ta’kidlash joizki, tajribada ayrim nodavlat ta’lim tashkilotlarida litsenziya rasmiylashtirilgunga qadar ishchi guruh tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish o‘tkazilgunga qadar ta’lim tashkilotining moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazasini talab darajasida ko‘rsatish hamda zaruriy vosita va jihozlar bilan vaqtinchalik jihozlab qo‘yish holatlari kuzatilgan. Bu kabi holatlar aniqlanganda litsenziat kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda ogohlantiriladi. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish yoki bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilinadi.

Yuqoridagi kabi litsenziya talablari va shartlariga amal qilmaslik holatlari kuzatilgan taqdirda, Ta’lim inspeksiyasi tomonidan tashkilotlarni o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga (Biznes ombudsman) xabar yuboriladi
”, deyiladi rasmiy munosabatda

Ta’lim inspeksiyasi Biznes ombudsman tomonidan ruxsat berilgan taqdirda “Texnika o‘quv servis Pop bo‘limi” MCHJ va “TM Qo‘qon” MCHJdagi holatlarni Ichki ishlar vazirligi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida o‘rganib chiqishga tayyor ekanligini hamda kamchiliklar aniqlangan taqdirda tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.

Haydovchilik guvohnomasi berish, amaliy va nazariy imtihonlarni o‘tkazish borasidagi har qanday kichik kamchilik katta oqibatlarga olib kelishi mumkin. Buni YTHlar bilan bog‘liq dahshatli raqamlar ham so‘zlab turibdi. Xususiy markazlarda belgilangan tartib va qoidalarga to‘liq amal qilinmas va bunday chala o‘quv markazlariga ularga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan litsenziya berib yuborilaverar ekan, yo‘llarda har kuni ayanchli o‘limlarga duch kelaveramiz.

Ruslan Saburov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat