14:50 / 13.12.2022
2 213

Jasur Rafiqovning onasi Sardor Rahimxon uning davolanishi uchun 25 ming dollar bermoqchi bo‘lgani haqida aytdi

Jasur Rafiqovning onasi Sardor Rahimxon uning davolanishi uchun 25 ming dollar bermoqchi bo‘lgani haqida aytdi
Foto: Instagram / @shoxrux_ummon_
«Daryo» internet nashrining YouTube'dagi kanalida «Ummon» guruhi xonandasi Jasur Rafiqovning onasi Noila Rafiqova bilan suhbat tashkil etildi. U o‘g‘lining saraton kasalligiga chalinishi, nega Sardor Rahimxonning taklifini rad etgani haqidagi savollarga quyidagicha javob berdi.

— Shahar onkologiya kasalxonasiga tekshirtirgani borsak, tahlillarni Hindistonga jo‘natish kerakligini aytishdi. U yerdan tahlil natijalari 15 kunda kelar ekan. Javoblar kelguniga qadar boshidagi kesilgan jarohat yanada shishib boraverdi. Keyin ukam onkolog tanishiga olib bordi. U shifokor urologiya sohasida faoliyat yuritar ekan. «Seni boshingga qarashmasam, tomog‘ingni tekshirishsin», dedi. Shu kungacha uning tomog‘iga e’tibor bermagan ekanman. Bo‘qog‘i shishib ketgan ekan.

Shahar onkologiyasidagi ba’zi shifokorlar «Bunga endi hech narsa yordam bermaydi», deyishdi. Ularni shifokorga emas, qassobga o‘xshatgandim. Ukam tanish topib Jasurni Respublika onkologiya kasalxonasiga olib o‘tdi. «Shuncha vaqtni o‘tkazibsizlar, ertaroq shu yerga olib kelmaysizlarmi?» deyishdi. U yerda hamma narsa bepul ekan. Shifokorlar to‘rt marta kimyo terapiya olishi kerakligini aytishdi.

O‘zimizda barcha tahlillarni tekshiradigan apparatlar bor ekan. Ammo shahar onkologiyasi bizni sarson qilib, tahlillarni Hindistonga yuborish kerakligini aytishdi. O‘n besh kunda hayolimdan nimalar o‘tganini tasvirlab berolmayman. Oyog‘im tagidagi yer uzilgandek bo‘ldi. O‘g‘lim hamisha tasalli berib: «Ona siz siqilmang, bu Allohning menga bergan sinovi. Meni suygani uchun bu dardni berdi», derdi.

Bu kasallik suyaklarda avj olarkan. Tekshiruv natijasida yelka va umurtqalarida ham borligini aniqlashdi. Boshidagi shish ochilgani uchun u avj olib ketdi. To‘rtinchi kimyo-terapiyani olganidan keyin ahvoli ancha yaxshilandi. O‘lim soatiga qadar Allohning nomi tilidan tushmadi. Aql-hushi joyida, xushsurat bo‘lib olamdan o‘tdi, — deydi Noila Rafiqova.

Noila Rafiqova
Noila Rafiqova og‘ir kunda uni qo‘llab-quvvatlagan do‘stlariga minnatdorlik bildirib o‘tdi.
— O‘g‘lim qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa ham qiyomatli do‘stlar orttirgan ekan. Uni qo‘llab-quvvatlaydigan insonlar ko‘p edi.

Shohruh yoki Fattoh kechga yaqin «Nima ovqat yeging kelyapti», deb «sms» yozishardi. Aytgan ovqatini olib kelib, soatlab yonida o‘tirishardi. Dilfuza Ismoilovaning o‘g‘li Sardor Isroilov ham vaqt topdi deguncha yoniga kelardi. «Aka tezroq sog‘ayib ketsangiz, sizga yoqqan mashinamni sovg‘a qilaman», derdi.

Zohid avariyaga uchragandan keyin Shohruh Instagram orqali «Ikki do‘stimni ham duo qilinglar», deganidan keyin Jasurning kasalligi ko‘pchilikka oshkor bo‘ldi. Ertasiga «O‘zbekkonsert»dan ham kelib xabar olishdi. Ular zarli bejirim qutiga solingan «Yorliq» olib kelishibdi. O‘g‘lim mana shu bir parcha qog‘ozdan ham ko‘ngli ko‘tarilib quvonib ketdi.

Bir kuni holsiz bo‘lib o‘tirganida uyimizga Sardor Rahimxon keldi. Shohruh Jasurning kasal ekanligi haqida aytgan ekan. Sardor Rahimxon kayfiyatini ko‘tarib, uzoq vaqt suhbatlashib o‘tirdi. O‘shanda Hindistonga olib borishi haqida aytgandi.

Bir necha kundan keyin yordamchilaridan biri kelib, safar uchun hujjatlarni tayyorlashini aytdi. Jasur rosa xursand bo‘ldi. Safar harajatlarini so‘rasam kulib «Pulingiz bormi?» deb so‘radi. «Ha 2000 AQSH dollarim bor, yana kerak bo‘lsa qarz olaman», desam «Jasur akamning harajatlaridan havotir olmang, ularga taxminan 25000 AQSH dollari ketadi», dedi.

Shohruh do‘stini yetaklab, xorijga chiqish pasportini olish uchun olib bordi. Jasur holsizligidan arang yurardi. Pasportlarni tayyor bo‘lganida negadir Jasur fikridan qaytdi. «Ona nima bo‘lsa bo‘ldi, ketmayman», dedi. O‘shandayoq ko‘ngli nimanidir sezdimi «bormayman» deb oyoq tirab turib oldi, — deydi Noila Rafiqova.

Jasur Rafiqov bolalikdagi do‘sti Zohid Risqiyevning dahshatli avtofalokatga uchragani haqidagi xabarni eshitib, salomatligi yana da yomonlashdi. Bu haqida onasi Noila Rafiqova quyidagilarni so‘zlab berdi.

— Avtofalokat sodir bo‘lgan tun qarindoshimizning to‘yida edim. Ertalab kelsam Jasur qovog‘ini uyib olgan, ko‘rinishi ham bir ahvolda. O‘sha kuni Jasurning tug‘ilgan kuni edi. Peshanasidan o‘pib, tabriklasam ham chehrasi ochilmadi. «Yoningda bo‘lmaganim uchun xafa bo‘ldingmi?» dedim. U boshini chayqab «Eshitmadingizmi? Zohidni...» dedi.

Keyin bilsam 29 sentyabr kuni Zohid avariyaga uchragan ekan. O‘g‘lim o‘zi bir ahvolda bo‘lsa ham do‘stidan xavotir olardi. Zohid oilada yolg‘iz o‘g‘il va boquvchi bo‘lgani uchun «Ona yaxshi bo‘lib ketsin. Bo‘lmasam Lola opa (Zohidning onasi)ga qiyin bo‘ladi», derdi.

Mana shu voqeadan keyin yana salomatligi yomonlashdi. O‘ylab qarasam ba’zi insonlar baqirib dardlarini tashqariga chiqarar ekan. Jasur indamay ichiga yutib yuraverar ekan. O‘shanda vaqtida odam baqirib turishi ham kerak ekan, deb xayolimdan o‘tkazgandim, — deydi Noila Rafiqova.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jasur Rafiqovning onasi Sardor Rahimxon uning davolanishi uchun 25 ming dollar bermoqchi bo‘lgani haqida aytdi