08:05 / 16.12.2022
1 591

O‘zbekistonda limon inqirozi: mahalliy limonga talab yo‘q, import hajmi esa oshib bormoqda

O‘zbekistonda limon inqirozi: mahalliy limonga talab yo‘q, import hajmi esa oshib bormoqda
O‘zbekiston va Tojikistonda limon narxi rekord darajada pasaygan va bu davom etmoqda. Bu haqda EastFruit xabar bermoqda.

«Hatto Tojikistonda limonning chakana narxi allaqachon 1 kg uchun 50 sent ekvivalentiga tushib ketgan. Bunday holat tarixda ilk bor yuz bermoqda. Fermerlar hayratda — pishgan limon shunchaki daraxtlarda qolib ketgan, chunki ularga talab yo‘q», — deydi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) xalqaro maslahatchisi Baxtiyor Abduvohidov.

O‘zbekistonda vaziyat biroz yaxshiroq, mamlakatdagi ba’zi savdo nuqtalarida limonning chakana narxi allaqachon bir kilogramm uchun 1 dollardan pastga tushib ketgan. Biroq bu tendensiya ishlab chiqaruvchilarni xavotirga soladi.

Zero, yilning shu davrida chakana savdoda limonning bunday arzon narxlari avval kuzatilmagan.

«Garchi Tojikistondagi kabi tezlikda bo‘lmasa-da, O‘zbekistonda ham limon narxi pasaymoqda, chunki yangi limon eksporti rivojlangan. Ammo eksport hech bo‘lmaganda o‘smaydi va joriy kalendar yili natijalariga ko‘ra, ular 2019—2021 yillar darajasida yoki biroz pastroq ham bo‘lishi mumkin», — deydi FAO‘ning o‘zbekistonlik maslahatchisi Navro‘z Xurramov.

Umuman olganda, O‘zbekistonda limon yetishtirish hajmi ortib bormoqda, lekin eksport hajmi esa deyarli o‘zgarmagan. Bu narxlar pasayishda davom etishi mumkinligini anglatadi.

«Shunga ko‘ra, fermerlar yangi narx realliklariga tayyorgarlik ko‘rishi kerak, chunki yordamchi xo‘jaliklar tomonidan yangi limon bog‘larini yaratish jarayoni to‘xtamayapti», — deya tushuntiradi Navro‘z Xurramov.

Qiziqarli tomoni shundaki, O‘zbekiston yetishtirilayotgan limon haddan tashqari ko‘p bo‘lsa ham, narxlari yanada pastroq bo‘lgan qo‘shni Tojikistondan yangi limon importini ko‘paytirmoqda.

2021 yilda O‘zbekistonga ilk bor 150 tonnadan ortiq Tojikiston limoni keltirildi. Turkiyadan limon importida ham o‘sish tendensiyasi davom etdi. 2021 yilda O‘zbekiston rekord darajadagi 307 tonna Turkiya limonini import qilgan. Limon eksporti esa kamaygan.

Biroq 2022 yilda bu tendensiyalar yanada kuchaydi — 2022 yilning dastlabki 10 oyida O‘zbekiston Turkiyadan 1 300 tonna, Tojikistondan 554 tonna, Argentinadan 370 tonna va Xitoydan deyarli 100 tonna limon import qildi.

«Ya’ni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan Turkiyadan limon importi 40 barobar, Tojikistondan esa 26 baravar o‘sdi», — deydi FAO investitsiya departamenti iqtisodchisi Andriy Yarmak.

Limon yetishtirish va import qilishning o‘sishi fonida O‘zbekistondan limon eksporti pasayishda davom etdi.

2022 yilning yanvar—oktabr oylarida limon eksport qilish hajmi, asosan, Qozog‘istonga yetkazib berishning qisqarishi hisobiga 10 foizga kamaydi. Rossiyaga limon eksporti esa o‘zgarishsiz qoldi.

Markaziy Osiyoda asosan «Meyer limoni» yetishtiriladi. U Yevropa, Shimoliy Afrika va Amerikada iste’mol qilinadigan sariq navlarga qaraganda to‘qroq rangga ega va shirinroq ham. Shu bilan birga, mintaqada limon narxi, qoida tariqasida, nisbatan yuqori edi.

«Markaziy Osiyoda limon yetishtirish uchun qulay shart-sharoitlar mavjud. Turkiyada, shuningdek, Yevropa Ittifoqining janubiy mamlakatlarida limon ochiq havoda yetishtirilsa, O‘zbekiston va Tojikistonda limonni yopiq joylarda yetishtirishga to‘g‘ri keladi», — deydi Andriy Yarmak.

Bundan tashqari, «Meyer limoni» asosan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Turkiya, Shimoliy va Janubiy Afrika va Amerika tomonidan eksport qilinadigan limonlarga qaraganda kamroq tashiladi.

Andriy Yarmakka ko‘ra, aksariyat mamlakatlardagi iste’molchilar Meyer limoni bilan tanish emas, shuning uchun ushbu turdagi limon eksportini tezda oshirish juda qiyin bo‘ladi.

Eng muhim jihati, xalqaro bozor uchun «an’anaviy» limon narxi odatda Markaziy Osiyo fermerlari o‘rganib qolganidan ancha past.

«Shu sababli ular xalqaro bozorga integratsiyalashgani sari kuchliroq mavqega ega bo‘lgan raqobatchilarga yutqazishni boshlashi ajablanarli emas.

Masalan, Turkiya yiliga 620 ming tonnadan ortiq yangi limon eksport qiladi, bu O‘zbekiston eksportidan 124 barobar ko‘pdir
», — deydi mutaxassis.

Uning prognoz qilishicha, uzoq muddatda Markaziy Osiyo mintaqasi mahalliy limon yetishtirishni qisqartiradi va import hajmini oshiradi.

«Bu 'Meyer limoni' yo‘qolib ketadi degani emas, chunki u hali ham mahalliy iste’molchilar tomonidan afzal ko‘riladi.

Biroq uning narxi tushishi ehtimoldan xoli emas, bu esa uni yetishtirish uchun iqtisodiy jihatdan unchalik foydali emas va ko‘plab fermerlarni Tojikiston va O‘zbekistonda limon yetishtirishdan voz kechishga majbur qiladi
», — deb tushuntiradi FAO eksperti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda limon inqirozi: mahalliy limonga talab yo‘q, import hajmi esa oshib bormoqda