
Prezidentning “Nurafshon davlat universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Oliy ta’lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligining Nurafshon shahrida Nurafshon davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
Quyidagilar universitet asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:
- hududda pedagogika, iqtisodiyot, transport logistikasi sohalari rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy texnika hamda texnologiyalar rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallagan professional oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash;
- xorijiy yetakchi va nufuzli oliy ta’lim muassasalari ilg‘or tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, o‘quv va ilmiy-metodik ta’minotni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish;
- ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalari mustahkam integratsiyasini ta’minlash;
- tegishli soha yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlarni faol rivojlantirish;
- respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga iqtidorli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali universitet ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
- o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-ta’lim muhitini ta’minlash;
- iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozorida raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;
- yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish, universitet professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish, bitiruvchilar respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish;
- o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
- amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
- universitet mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg‘or xalqaro tajribani tatbiq etish.
Belgilanishicha, universitet davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi. Universitetda o‘quv jarayoni 2023/2024 o‘quv yilidan kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi. Universitet bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom beriladi.
Universitetga talabalarni qabul qilish soni har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Universitetda o‘quv jarayoni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ijobiy xulosasi olinganidan so‘ng boshlanadi.
Universitet Toshkent viloyati hokimligi tomonidan ajratiladigan yer maydonida yangi o‘quv binolari va talabalar turar joylarida qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgunga qadar universitet Xalq ta’limi vazirligi Quyi Chirchiq tumanida joylashgan bo‘sh turgan binosiga (sobiq Quyi Chirchiq xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kolleji) tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda “nol” stavkadagi ijara to‘lovi asosida vaqtincha joylashtiriladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar